"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun izohli lug‘at chop etildi

O‘zbek tilining izohli lug‘atchasi - "So‘z sandiqchasi" kitobining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.


Kitob boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun mo‘ljallangan.


Taqdimotda O‘zbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti mutaxassislari, o‘qituvchilar ishtirok etdi.


Lug‘at O‘zFA O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti direktori, filologiya fanlari doktori, professor Nizomiddin Mahmudov tomonidan tayyorlangan.


O‘zbek tili ajoyib so‘z sandiqchasidir. Shu boy xazina o‘rganilsa, egallansa til burrolashadi, zehn o‘tkirlashadi. Aynan bolalarga mos ruh va shaklda tayyorlangan lug‘at yurtimiz yoshlarining o‘zbek tilida bilmaganini bilishi, o‘rganishiga xizmat qiladi.


Mazkur lug‘atchada yetti yuz atrofidagi so‘z, so‘z maʼnolarining sodda, ixcham va lo‘nda shakldagi izohlari jamlangan.So‘z maʼnolari bolalar adabiyoti, bolalar matbuoti va xalq og‘zaki ijodi namunalaridan olingan misollar bilan boyitilgan.


To‘plamda so‘zlarni tanlashda ularning bolalar nutqidagi faollik darajasidan kelib chiqilgan. O‘rni bilan mazkur so‘zlarning maʼnosiga ko‘ra zidi, maʼnodoshlari va ular ishtirokidagi iboralar ham ko‘rsatilgan.


Dunyo lug‘atchiligi tajribasida aynan bolalarbop bunday izohli lug‘atlar tuzish anʼanasi ko‘pdan beri mavjud bo‘lsada, mazkur lug‘at o‘zbek tilidagi dastlabki ishdir. O‘n ming nusxada nashr etilgan "So‘z sandiqchasi" yurtimizdagi barcha umumtaʼlim maktablariga yetkazish uchun taqdim etildi.


- Bu lug‘atlar barcha umumtaʼlim maktablari kutubxonalariga yetkaziladi, - deydi xalq taʼlimi vaziri Sherzod Shermatov. - Kitobning taqdimotlari esa, o‘zga tillarga ixtisoslashgan maktablarda o‘tkazilyapti. 


Bunda ham ramziy maʼno bor. Turli millat va elat vakillari yashaydigan, turli tillarda so‘zlashadigan yurtdoshlarimizga o‘zbek tilini chuqur o‘rganishi uchun ko‘maklashishdan iborat. Yurtimizda yettita tilda taʼlim beriladi. Ana shunday taʼlim muassasalarida o‘zbek tili soatlari ko‘paytirilgan.


Amalga oshirilayotgan ishlar o‘zbek tili nufuzini oshirishga xizmat qiladi.


Manba. uza.uz

08.10.2020 709