"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

“So‘z sandiqchasi” kitobining taqdimoti bo‘lib o‘tdi

Joriy yilning 8-oktabr kuni poytaxtimizdagi 110-sonli umumtaʼlim maktabida Davlat tilini rivojlantirish departamenti buyurtmasi asosida boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun mo‘ljallangan o‘zbek tilining izohli lug‘atchasi – “So‘z sandiqchasi” kitobining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.


Xalq taʼlimi vazirligi bilan hamkorlikda uyushtirilgan taqdimotda lug‘at haqida batafsil maʼlumot berildi.


O‘zbek tiliga chinakam muhabbat qo‘yish uchun g‘ayrat va jurʼat bilan uning sehrli olamiga kirish kerak. Bu olamdagi eng ajoyib va g‘aroyib xazina esa so‘z boyligidir. Ana shu xazina qanchalik yaxshi egallansa, til burrolashib, zehn o‘tkirlashib, fikr tiniqlashib boraveradi. Ana shu tariqa bolada  sog‘lom til tuyg‘usi, nozik so‘z sezgisi, go‘zal va taʼsirli nutq zavqi shakllanadi va asta-sekin kamol topib boradi.


Bu yo‘lda bolalarga beminnat yordamchi bo‘ladigan ushbu izohli lug‘atchada yetti yuz atrofidagi so‘z, ular maʼnolarining sodda, ixcham va lo‘nda shakldagi izohlari jamlangan.


So‘z maʼnolari bolalar adabiyoti, bolalar matbuoti va xalq og‘zaki ijodi namunalaridan olingan misollar bilan boyitilgan.


To‘plamga so‘zlarni tanlashda  ularning bolalar nutqidagi faollik darajasidan kelib chiqilgan. O‘rni bilan mazkur so‘zlarning maʼnosiga ko‘ra zidi, maʼnodoshlari va ular ishtirokidagi iboralar ham ko‘rsatilgan ushbu lug‘atcha boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun mo‘ljallangan.


Dunyo lug‘atchiligi tajribasida (rus, turk, ingliz va boshqa) aynan bolalarbop bunday izohli lug‘atlar tuzish anʼanasi ko‘pdan beri mavjud bo‘lsada, mazkur lug‘at o‘zbek tilidagi dastlabki ishdir.


O‘n ming nusxada nashr etilgan “So‘z sandiqchasi” mamlakatimizdagi barcha umumtaʼlim maktablariga yetkazish uchun Xalq taʼlimi vazirligiga beg‘araz taqdim etildi.

 

R.Mirvohid,

Davlat tilini rivojlantirish departamenti mas'ul xodimi

08.10.2020 158