"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Oʻzbek tili - AQSHda qiziqish bilan oʻrganilayotgan xorijiy tillardan biri

Xalqimizda til bilgan el biladi, degan naql bor. Haqiqatan ham shunday.


Shuning uchun ham bugungi kunda chet tillarini oʻrganish zamon talabiga aylanib bormoqda. Xorijiy tillarni oʻrganishda esa biz uchun barcha imkoniyatlar yaratilgan. Ayniqsa, onlayn olib borilayotgan darslar uchun koʻp vaqt sarflanmaydi.

Hozirda mustaqil ravishda bilimlarimizni oshirmoqchi boʻlsak internet tarmoqlarida turli tillarni oʻrganishga bagʻishlangan video darsliklarni kuzatib, ularda ishtirok etishimiz mumkin. Lekin biz uchun dunyoda qancha til boʻlmasin ular ichida oʻzbek tilining oʻrni beqiyos.


AQSHining Vayoming universiteti qoshida “Jahon tillari va madaniyati” Markaziga asos solgan va unda oʻzbek tili va madaniyatini targʻib etib kelayotgan gumanitar fanlari doktori, taʼlim sohasida ish yurituvchi mutaxassis Dilnoza Hosilovaning olib borayotgan ishlari yuqoridagi fikrlarni isbotlaydi.


Dilnoza Hosilovaning taʼlim berishga boʻlgan muhabbati, til oʻrganish va bu orqali jamiyatga foyda keltirish ishtiyoqi uni Vayoming universiteti qoshida “Jahon tillari va madaniyati” dasturini yaratishga undadi. 2014-yilda u Vayoming universitetining magistratura bosqichida keng jamoatchilik uchun bepul til oʻrgatish kurslarini ochdi.


Oʻzbek tili jonkuyari Dilnoza Hosilova bilan olib borayotgan ishlari haqida suhbatlashdik.


- “Jahon tillari va madaniyati” markaziga asos solishdan koʻzlangan asosiy maqsad nimada edi?


- Ilgari men uchun til oʻrganish ancha qiyinchilik tugʻdirgan. Shu bois bu muammoni bartaraf etish maqsadida men aynan shu tilda soʻzlashuvchi insonlar bilan yaqin boʻlishga va ular bilan koʻproq vaqt oʻtkazish orqali bilimimni mustahkamlashga harakat qildim.


Shundan soʻng turli tillarni oʻrgatish texnikasi, uning sir-asrorlari va mavjud muammolarni bartaraf etish usullari ustida ilmiy ish olib borishga qaror qildim. Chunki har bir davlat oʻzining milliy qadriyatlari, madaniyati va urf-odatlariga ega. Oʻqituvchi oʻz ona tilisini oʻzgalarga oʻrgatish orqali nafaqat tilni, balki ana shu millat qiyofasini koʻrsatib beradi.


Shundan koʻrinib turibdiki, til xalqlarni birlashtiradi, urf-odat va anʼanalarini oʻrgatadi. Olib borgan tadqiqotlarim natijasida “Jahon tillari va madaniyati” dasturi joriy etildi. Oʻzbek tilining xalqaro miqyosdagi obroʻ-eʼtiborini oshirish va shu orqali oʻquvchilarga milliy anʼanalarimiz, urf odatlarimiz, buyuk allomalarimizni tanishtirish maqsadida dasturga oʻzbek tili fanini ham kiritdim.


- Oʻzga yurtda koʻngillilarni yigʻish va turli til vakillarini bir joyga jamlash qiyin boʻlmadimi?


- Shunisi ahamiyatliki, oʻzlashtirgan bilimlarimni oʻzgalarga ham ulashishga boʻlgan harakatlarim hamda maslakdoshim Emi Roberts va AQSHning Vayoming universiteti talabalar assotsiatsiyasi taqdim etgan grant natijasida “Jahon tillari va madaniyati” dasturi tezda ommalashib ketdi.


Avvaliga bor-yoʻgʻi 4 tilni oʻrgatishga ixtisoslashgan dastur keyinchalik oʻzbek va rus tillari qatorida 20 tildan taʼlim berishni boshladi. “Jahon tili va madaniyati” markazi koʻngilli xizmat koʻrsatuvchi oʻquv dasturi boʻlib, u turli tashkilot xodimlari, oʻquvchi va talabalar, shuningdek Vayoming jamoatchiligiga til va madaniyat darslarini bepul oʻrgatadi. Shu qatorda dastur turli davlatlararo madaniy aloqalarini rivojlantirish imkonini yaratib beradi. Hozirgi kungacha markazda 500 dan ortiq oʻquvchi turli tillarni oʻrganishga muvaffaq boʻldi.


- Pandemiya sababli butun dunyo universitetlari masofadan taʼlim berish tizimiga oʻtgan. Sizlarda darslar qanday olib borilmoqda?


- Pandemiya davrida onlayn taʼlim tizimiga oʻtganimiz tufayli darslarimizda ishtirok etish istagini bildirgan oʻquvchilar soni sezilarli ravishda oshdi. Endilikda onlayn platforma nafaqat Vayoming aholisini, balki butun dunyo insonlarini birlashtirmoqda.


Shu oʻrinda aytishim joiz, markazning ish boshlashi faqatgina til oʻrganuvchilar uchun emas, balki til oʻrgatuvchi oʻqituvchilarning ish salohiyatiga ham oʻz taʼsirini koʻrsatdi. Chunki markazda oʻqituvchilar uchun dars oʻtish usullari, nufuzli tashkilot va universitetlarga hujjat yozish yoʻllari, zamonaviy taʼlim tizimiga oid barcha mavzularda muntazam vebinarlar olib boriladi. Buning natijasida koʻngilli oʻqituvchilar ishga va magistraturaga kirish imkoniga ega boʻldi.


AQSHga kelganimga 11 yil boʻlgan boʻlsa, shu yillar davomida taʼlim sohasida doktorlik dissertatsiyasini yoqladim. Doktorlik ishim davomida til oʻrganishda yordam beradigan zamonaviy usullar, taʼlim dasturining metodik ishlanmalari ustida ishladim va tadqiqot natijasida sohaga yangi usullarni kiritdim.


Oʻquv markaziga talabalarni jalb qilishda koʻrsatgan xizmatlarim uchun 2018-yil Vayoming Universitetining Marvin Millgeyt mukofotiga sazovor boʻldim. Faoliyatimni men uchun eng ahamiyatli qismi bu oʻzbek tili va madaniyatini bu yerdagi aholi oʻrtasida targʻib qila olganim boʻldi.
Hozirga kelib oʻzbek tili darslarini oʻrganayotgan oʻquvchilarimda Oʻzbekiston madaniyati va tiliga boʻlgan qiziqish ancha oshgan. Hatto bir oʻquvchim Oʻzbekistonda mehmon boʻlib qaytdi. Ularning oʻzbek tiliga boʻlgan qiziqishi Oʻzbekiston tarixi, buyuk allomalari va madaniy yodgorliklarini oʻrgangan holda oshib bormoqda.

 

Dildora Tojiboyeva,

jurnalist


"uza.uz" saytidan olindi.

09.10.2020 1914