"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du
  • Bosh sahifa
  • Yangiliklar
  • Malayziya Milliy kutubxonasida «O‘zbek tilining izohli lug‘ati»ning taqdimoti o‘tkazildi

Malayziya Milliy kutubxonasida «O‘zbek tilining izohli lug‘ati»ning taqdimoti o‘tkazildi

O‘zbek tilining xalqaro miqyosdagi o‘rni va nufuzini oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan tizimli ishlar doirasida mamlakatimizning Malayziyadagi elchisi Ravshan Usmanov mazkur davlat Milliy kutubxonasi rahbariyati bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.


Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti tashabbusi bilan O‘zbekiston Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori institutining bir guruh olimlari tomonidan tayyorlangan besh jildli «O‘zbek tilining izohli lug‘ati»ning taqdimoti o‘tkazildi.


Malayziya Milliy kutubxonasiga ushbu to‘plamning to‘rtta nusxasi, shuningdek, O‘zbekiston tarixi va madaniyatiga oid o‘zbek va ingliz tillarida chop etilgan kitoblar to‘plami topshirildi.


— «O‘zbek tilining izohli lug‘ati» nusxalari uchun minnatdorlik bildiraman, — dedi Malayziya Milliy kutubxonasining bosh direktori Mayzan Ismoil. — Ushbu nashr dunyodagi eng boy tillardan biri bo‘lgan o‘zbek tilidagi so‘zlarning maʼnolarini yanada teranroq anglashimiz uchun yordam beradi. Taʼkidlash joizki, ushbu izohli lug‘atni tayyorlab, nashr etilgani o‘zbek tilini asrash va yana-da rivojlantirishda qo‘yilgan muhim qadam hisoblanadi.


Malayziya Milliy kutubxonasi rahbari, shuningdek,  O‘zbekistondagi tegishli tashkilotlar bilan hamkorlik o‘rnatish hamda kutubxonada «O‘zbek tili va adabiyoti» burchagini tashkil etishni taʼkidladi.


Uchrashuv natijasida Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi va Malayziya Milliy kutubxonasi o‘rtasida hamkorlik o‘rnatish masalalarini muhokama etish uchun ushbu muassasalar rahbarlarining videokonferensaloqa formatidagi muzokaralarini o‘tkazish,  Malayziya Milliy kutubxonasi binosida «O‘zbek tili va adabiyoti» burchagini tashkil etish, kutubxona bilan elchixona o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirish, o‘zbek tilidagi o‘quv dasturlari, manba va adabiyotlar bilan taʼminlash va birgalikda maʼrifiy va madaniy tadbirlar o‘tkazish bo‘yicha kelshuvlarga erishildi.


Shu o‘rinda taʼkidlash lozimki, diplomatik vakolatxona Malayziyada o‘zbek tilini keng targ‘ib qilish, uning milliy va xalqaro maqomini mustahkamlashga qaratilgan chora-tadbirlar doirasidagi ishlarni izchil davom ettirmoqda.


Jumladan, Malayziyada yashayotgan vatandoshlar hamda xorijliklar ishtirokida 21 oktabr – O‘zbek tili bayrami arafasida ushbu mavzuda «davra suhbati» o‘tkazish rejalashtirilgan.


“Dunyo” AA muxbiri

"dunyo.info" saytidan olindi

10.10.2020 732