"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

O‘zbek tili dars soatlari rus tilida o‘qitiladigan maktablarda 35 foizga ortgan

Yurtimizda o‘zbek tilida o‘qitiladigan maktab o‘quvchilari rus tilini o‘rganishida qanchalik muammo bo‘lsa, rus tilida taʼlim olayotgan o‘quvchilar uchun esa o‘zbek tilini o‘rganish shuncha muammo edi. Shu sababli o‘zbek tili izohli lug‘atchasi taqdimotiga bag‘ishlangan tadbirni asosan rus tilida taʼlim beriladigan 110-maktabda ( https://bit.ly/2GMsU6d ) va rus tilini o‘rgatishni yaxshilash bo‘yicha loyihani rasman boshlash marosimini esa Uchtepa tumanidagi 129-maktabda, yaʼni faqat o‘zbek tilida taʼlim beriladigan oddiy maktabda tashkil etdik.


Maqsadimiz har bir maktab bitiruvchisi o‘zbek tilini bilib chiqishidir. Shuning uchun o‘tgan o‘quv yilidan rus tilida o‘qitiladigan maktablarda o‘zbek tilini o‘qitish soatlarini 35 foizga (haftalik 20 soatdan 27 soatga) oshirgan edik. Endigi asosiy vazifa boshqa tilda dars beriladigan maktablarda o‘zbek tilini o‘qitish metodikalarini yaxshilash hamda aynan shu yo‘nalishda o‘qituvchilarni tayyorlash hamda malakasini oshirishdan iborat.


Maktabdagi taʼlim tizimidagi o‘zgarishlarni darrov siyosiylashtirish shartmas. Har bir O‘zbekiston fuqarosi qaysi maktabni bitirishidan qatʼiy nazar o‘zbek tilini o‘rganishiga sharoit bo‘lishi kerak. Shu bilan birga rus tili hamda ingliz yoki boshqa chet tilini o‘rganishi zarur bo‘ladi. O‘zbekistonda yashaydigan aksariyat rus va boshqa millat vakillari o‘zlari yaxshi bilmasada o‘z farzandlarini o‘zbek tilini o‘rganishini xohlaydi. Chunki ertaga u shu yurtda yashagani uchun ularga o‘zbek tili hayotida muvaffaqiyatga erishishi uchun muhimligini tushunishadi.


PS. 129-maktabga bir yil avval chet ellik mehmonlar tugul xattoki o‘zimizning mahalliy jurnalistlarni ham taklif etishga odam uyalar edi. Poytaxt bo‘lsada, chekkaroq hudud bo‘lganiga maktablarning ahvoli juda achinarli edi. Prezidentimizning Uchtepa tumaniga tashriflaridan so‘ng tumandagi maktablarning deyarli har 3 tadan 1 tasi, asosan o‘zbek tilida dars beriladigan maktablar, chiroyli taʼmirdan chiqdi. Endi ulardagi taʼlim sifatini oshirishimiz, jumladan rus va ingliz tilini o‘qitishni yaxshilashimiz zarur.

Sherzod SHERMATOV,
Xalq ta'limi vaziri

12.10.2020 860