"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du
  • Bosh sahifa
  • Yangiliklar
  • Rossiyaning Novosibirsk shahrida “Til millat ko‘zgusi: O‘zbekiston” mavzusida tadbir bo‘lib o‘tdi

Rossiyaning Novosibirsk shahrida “Til millat ko‘zgusi: O‘zbekiston” mavzusida tadbir bo‘lib o‘tdi

O‘zbekiston Respublikasining Novosibirsk shahridagi Bosh konsulxonasi, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Novosibirsk shahridagi vakolatxonasi hamkorligida o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganining 31 yilligiga bag‘ishlab “Til millat ko‘zgusi: O‘zbekiston” mavzusida madaniy-maʼrifiy tadbiri tashkil etildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.


Rossiya fanlar akademiyasi qoshidagi Davlat ilmiy texnika kutubxonasining Sibir bo‘limining konferens-zalida tashkil etilgan anjumanda Novosibirsk viloyati hukumati, ommaviy axborot vositalari va turli millat vakillari qatnashdi.


Tadbir O‘zbekiston milliy urf-odatlari, turizm salohiyati hamda buyuk bobokalonlarimiz merosini targ‘ibot etuvchi videorolik taqdimoti bilan boshlandi.


“Davlat tili haqida”gi qonun qabul qilinishi o‘zbek xalqining maʼnaviyatini yuksaltirish, milliy qadriyatlarni asrab-avaylash, ona tilni rivojlantirish, uning betakror jozibasi va go‘zalligini keng namoyish etish borasida ulkan tarixiy voqea bo‘lgani taʼkidlanib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining o‘zbek tilini yana-da rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi farmoni qabul qilinganiga eʼtibor qaratildi, uning mazmun-mohiyati va ahamiyati haqida so‘z yuritildi.


Anjuman doirasidagi badiiy-musiqiy dasturda  o‘zbek xalqining buyuk shoir va mutafakkirlari, atoqli davlat va jamoat arboblari Mir Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur va boshqa allomalar qalamiga mansub asarlardan namunalar o‘qildi, sahna ko‘rinishlari namoyish etildi. Shuningdek, “Siz O‘zbekistonni bilasizmi?” viktorinasi, o‘zbek tilidagi tez aytishlar kabi kichik musobaqalar ham tashkil etildi.


Rossiya Fanlar akademiyasi qoshidagi Davlat ilmiy texnika kutubxonasining Sibir bo‘limiga besh jildli “O‘zbek tilining izohli lug‘ati” taqdim etildi. Mazkur nashrni kutubxona direktori Andrey Guskov qabul qilib oldi.


Bunday tadbirlar Sibir federal okrugidagi boshqa yirik shaharlarida ham o‘tkaziladi.


NOVOSIBIRSK, 21-oktabr. “Dunyo” AA

22.10.2020 722