"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du
  • Bosh sahifa
  • Yangiliklar
  • Ibrohim Abdurahmonov: Atamalarni shunday kiritaylikki, kelajak avlod oldida uyalib qolmaylik

Ibrohim Abdurahmonov: Atamalarni shunday kiritaylikki, kelajak avlod oldida uyalib qolmaylik

Shu yilning 26-oktabr kuni Innovatsion rivojlanish vazirligida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Mamlakatimizda o‘zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” Farmoni ijrosiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vaziri, akademik Ibrohim Abdurahmonov, vazir o‘rinbosarlari, boshqarma va bo‘lim boshliqlari va vazirlik xodimlari ishtirok etdi.


- Bugungi kunda davlat tiliga hukumat darajasida bo‘lgan eʼtibor mutlaqo yangi darajaga ko‘tarildi, - dedi o‘z nutqida I.Abdurahmonov. - Buning uchun davlatimiz rahbarining 2019-yil 21-oktabr kuni poytaxtimizdagi yangi anjumanlar saroyida so‘zlagan nutqiga va o‘sha kuni imzolangan “«O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeуini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoniga eʼtiboringizni qaratmoqchiman. Unga binoan 21-oktabr sanasi yurtimizda «O‘zbek tili bayrami kuni» deb belgilangan bo‘lsa, 2020-yilning 10-aprelida “O‘zbek tili bayrami kuni haqida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilindi. Davlatimiz rahbarining Birlashgan Millatlar tashkiloti Bosh assambleyasi yig‘ilishida ona tilimizda so‘zlagan nutqi mamlakatimizda keng miqyosida davom etayotgan tubdan yangilanish, boshqacha qilib aytganda, Uchinchi Renessans poydevori yaratilayotgan ushbu kunlarda alohida o‘rnak bo‘lib yangradi. Mazkur jarayonlarning uzviy davomi sifatida shu yilning 20-oktyabr kuni Prezidentimizning 6084-sonli Farmoni imzolandi. Shuningdek, 21-oktabr kuni O‘zbek tili bayrami munosabati bilan Prezidentimiz mamlakat xalqiga tabrik yo‘lladi. Ushbu bayram nafaqat butun mamlakat, balki jahon bo‘ylab o‘zbek tilida so‘zlashuvchi ellik milliondan oshiq kishilarning, ona tilimiz o‘qitiladigan xorijiy oliy taʼlim dargohlarining, “O‘zbek tili do‘stlari klublari” aʼzolarining va ona tilimiz taraqqiyotiga befarq bo‘lmagan ko‘p sonli kishilarning ham bayrami bo‘ldi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.


Ibrohim Abdurahmonov mamlakatimiz Prezidentining shu yil 20-oktabr kuni imzolangan “Mamlakatimizda o‘zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” Farmoni va unda belgilab berilgan “2020-2030-yillarda o‘zbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi”ning yangi O‘zbekistonni bunyod etish jarayonidagi muhim ahamiyatiga to‘xtalib o‘tdi. Ushbu farmonda Innovatsion rivojlanish vazirligiga, Fanlar akademiyasi, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Oliy va o‘rta maxsus taʼlim vazirligi, manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda o‘zbek tilining mavqeуi va nufuzini oshirish, uni xalqaro muloqot tili darajasiga ko‘tarish bilan birga, mavjud lug‘atlar asosida uzluksiz taʼlimning barcha turlari uchun “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”ning to‘ldirilgan yangi nashri, “O‘zbek tilining imlo lug‘ati”, “O‘zbek tili sinonimlari lug‘ati”, “O‘zbek tili omonimlari lug‘ati” va boshqa o‘quv lug‘atlarini yaratish choralarini ko‘rish vazifasi yuklatilgan. Farmonning mazmun-mohiyatini tushuntirish uchun tegishli seminarlar va vebinarlar tashkil qilishimiz zarur. Biz boshqa tillarni o‘rganish muhimligini inkor etmagan holda o‘z davlat tilimizda ish yuritish, ilmiy ishlar yozish, terminlarni o‘zbek tilida to‘g‘ri qo‘llashimiz kerakligining mohiyatini tushunishimiz kerak. Atamalar masalasi juda katta ish, men biolog olim sifatida ham buning ahamiyatini yaxshi bilaman. Biz bugun joriy qilgan atama kelajak avlodlarimizda savol tug‘dirmasinki, uning mukammal muqobilini izlashimiz kerak. Buning uchun olimlar, yoshlar ishtirokida muhokamalar tashkil etamiz, deb taʼkidlandi.


Tadbirda shuningdek, tarjimonlik kasbining ahamiyati haqida ham aytib o‘tildi. Farmon bilan Innovatsion rivojlanish vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus taʼlim vazirligi bilan birgalikda o‘zbek tilidan jahonning yetakchi xorijiy tillariga va xorijiy tillardan o‘zbek tiliga tarjima qiluvchi kompyuter dasturini Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan yaratish choralarini ko‘rish vazifasi yuklatilganligi taʼkidlab o‘tildi. Tadbir so‘ngida I.Abdurahmonov har bir xodimning davlat tilida ish yuritish bo‘yicha masʼuliyatlarini yana bir bor eslatdi va Farmon bilan belgilangan vazifalarni o‘z vaqtida va sifatli bajarish bo‘yicha topshiriq berdi.


Innovatsion rivojlanish vazirligi matbuot xizmati

27.10.2020 644