"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Yaponiyada “O‘zbek tili bayrami” kuni keng nishonlandi

Mamlakatimizning Yaponiyadagi elchixonasi tomonidan Tokio xorijiy tillar universitetida (TXTU) “O‘zbek tili bayrami” kuni munosabati bilan professor, tadqiqotchi va talabalar ishtirokida uchrashuv hamda taqdimot o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.


Ushbu universitet vitse-prezidenti professor Jun Matsukuma bilan o‘tgan uchrashuvda ikki tomonlama hamkorlikning joriy holati va istiqbollari muhokama qilindi, yaqin istiqbolga mo‘ljallangan aloqalarni rivojlantirishga kelishib olindi.


Professor Jun Matsukuma "O‘zbekiston Respublikasining davlat tili to‘g‘risida"gi Qonuni qabul qilingan sana munosabati bilan samimiy tabriklarini izhor etdi. Uning aytishicha, universitetda 2009-yildan buyon o‘zbek tili asosiy til sifatida o‘qitib kelinmoqda. O‘zbek tili fani bo‘yicha darslik, lug‘at va qo‘llanmalar tayyorlangan. Ayni paytda yaponiyalik 50 dan ziyod talabasi o‘zbek tilini o‘rganmoqda. Shuningdek, ushbu universitetda 12 ta o‘zbekistonlik talaba tahsil oladi.


Universitet vitse-prezidenti Yaponiya oliy o‘quv yurti Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti (TDSHU) va Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti bilan samarali hamkorlik olib borayotganini taʼkidladi. Universitet TDSHUda “Global Japan Desk” (GJDs) dasturini ochishni rejalashtirgan va uning doirasida tomonlar seminar va birgalikdagi o‘quv dasturlarini o‘tkazish, talabalar almashinuvi va boshqa yo‘nalishlarda hamkorlik qiladi.


Universitetga o‘zbek tilini o‘rganayotgan talabalar hamda professor-o‘qituvchilar uchun O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti va Fanlar akademiyasi tomonidan 2020-yilda nashr etilgan besh jildlik “O‘zbek tilining izohli lug‘ati” kitobi taqdim etildi.


Tadbir davomida universitet talabalari atoqli o‘zbek shoiri Hamid Olimjonning “O‘zbekiston” sheʼrini o‘qib berdi, ona tilimizga davlat tili maqomi berilganining 30 yilligi  munosabati bilan videofilm namoyish etildi.


Tadbir doirasida “Qadring baland bo‘lsin, ona tilim” xalqaro tanlovida uchinchi o‘rinni egallagan “Buyuk ipak yo‘li” jamiyati asoschisi, “Yaponlar uchun o‘zbek tili qo‘llanmasi” muallifi, professor Chixo Miyazaki bilan suhbat tashkil qilindi.


Shuningdek, “O‘zbek tili bayrami” kuni doirasida Kunchiqar mamlakatning Aichi prefekturasidagi “Nagoya – O‘zbekiston” do‘stlik jamiyati huzuridagi o‘zbek tili kursi qatnashchilari ishtirokida uchrashuv tashkil etildi.


Mazkur do‘stlik jamiyati huzuridagi o‘zbek tili kursi 2019-yildan buyon faoliyat yuritib kelmoqda. Unda o‘ndan ziyod yaponiyalik tinglovchi o‘zbek tilini o‘rganmoqda.


Suhbat chog‘ida kurs tinglovchilari o‘zbek tilini o‘rganish barobarida xalqimiz milliy urf-odat va madaniyatini o‘rganayotganliklaridan mamnun ekanliklarini bildirdi. Pandemiya bilan bog‘liq karantin cheklovlari yumshatilgach, O‘zbekistonga safar qilib, o‘zbek tili bo‘yicha olgan bilimlarini mustahkamlashga umid bildirdi.


Uchrashuvda o‘zbek tili kursi tinglovchilariga “O‘zbek tilining izohli lug‘ati” kitobi taqdim etildi.


TOKIO, 28-oktabr. “Dunyo” AA.

28.10.2020 702