"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du
  • Bosh sahifa
  • Yangiliklar
  • O‘zbekistonda rahbarlik lavozimlariga tayinlanadigan kadrlar uchun davlat tilini bilish darajasi bo‘yicha sertifikat joriy etiladi

O‘zbekistonda rahbarlik lavozimlariga tayinlanadigan kadrlar uchun davlat tilini bilish darajasi bo‘yicha sertifikat joriy etiladi

Rahbar kadrlarning davlat tilida rasmiy ish yuritish darajasini aniqlash, mas'ul lavozimlarga tayinlanadigan shaxslar uchun davlat tilini bilish darajasi bo‘yicha sertifikatni joriy etish maqsad qilingan.

Vazirlar Mahkamasining “Davlat tilini bilish darajasi bo‘yicha sertifikatni joriy etish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

2021-yil 1-apreldan boshlab o‘zbek tili va adabiyoti bo‘yicha bilimni baholashning milliy test tizimi asosida rahbar kadrlarning davlat tilida rasmiy ish yuritish hamda mas'ul lavozimlarga tayinlanadigan shaxslar uchun davlat tilini bilish darajasini aniqlash va sertifikat berish tizimi joriy etiladi.

2023-yil 1-yanvardan boshlab rahbar kadrlar hamda mas'ul lavozimlarga tayinlanadigan shaxslar uchun davlat tilini bilish darajasi bo‘yicha sertifikatga ega bo‘lishi majburiy etib belgilanadi.

Rahbar kadrlar hamda mas'ul lavozimlarga tayinlanadigan shaxslar davlat tilini bilish darajasi bo‘yicha test sinovlarida ishtirok etish uchun Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazida o‘zbek adabiy tili me'yorlari va davlat tilida ish yuritish bo‘yicha qisqa muddatli o‘quv kurslarida malaka oshirishlari talab etiladi.

Rahbar kadrlar hamda mas'ul lavozimlarga tayinlanadigan shaxslarning davlat tilini bilish darajasini aniqlash va ularga sertifikat berish Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi tomonidan amalga oshiriladi.

Rahbar kadrlar hamda mas'ul lavozimlarga tayinlanadigan shaxslarning davlat tilini bilish darajasini aniqlash uchun tuziladigan test topshiriqlari Markaz o‘quv dasturiga muvofiq shakllantiriladi.

Bunda, test topshiriqlari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi tomonidan tasdiqlangan talab asosida Markaz tavsiya etgan mutaxassislar tomonidan shakllantiriladi.


Manba: kun.uz sayti

16.11.2020 650