"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du
  • Bosh sahifa
  • Yangiliklar
  • «Qutadg‘u bilig» va uni o‘rganishning dolzarb masalalari xalqaro konferensiyada muhokama etiladi

«Qutadg‘u bilig» va uni o‘rganishning dolzarb masalalari xalqaro konferensiyada muhokama etiladi

Sharq adabiyotining qadimiy va bebaho durdonasi - «Qutadg‘u bilig» (Saodatga eltuvchi bilim)  dostonining 950 yilligiga bag‘ishlab joriy yil 27-28-noyabr kunlari Turkiy Kengashga aʼzo mamlakatlar va Rossiya universitetlari ishtirokida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tadi, deb xabar bermoqda Dunyo AA muxbiri O‘zAga asoslanib.

Anjuman Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti, Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti - TURKSOY, Turkiyaning Istanbul, Marmara, Anqara, Xajettepe universitetlari, Etvosh Lorand nomidagi Budapesht universiteti, Boku davlat universiteti, M.Avezov nomidagi Janubiy Qozog‘iston universiteti, K.Karasayev nomidagi Bishkek davlat universiteti, Qozon Federal universiteti hamda Sankt-Peterburg davlat universiteti tomonidan tashkil qilinmoqda.

«Jahon turkologiyasining buyuk obidasi «Qutadg‘u bilig» va uni o‘rganishning dolzarb masalalari” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazish tashabbusi Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti tomonidan ilgari surilgan.

Ulug‘ mutafakkir Yusuf Xos Hojib «Qutadg‘u bilig» dostonini hijriy 462  (milodiy 1069/1070 yillar) yili yozib tugallagan. O‘n uch ming misradan ortiq mazkur asar masnaviy janrida yozilgan.

Qadimgi turkiy yozma adabiyotning bebaho yodgorligi bo‘lmish «Qutadg‘u bilig» – ajdodlarimizning komil inson haqidagi qarashlari, davlat va jamiyat boshqaruvi tizimi, bilim o‘rganishning ahamiyati, axloq va madaniyat masalalari, falsafiy tushunchalar, farzand tarbiyasi, kishining odobi, fazilatlari to‘g‘risidagi kuzatuvlarini jamlagan noyob asar. Bu kitob taʼsirida sharq adabiyotida ko‘plab asarlar yaratilgan. 

Dunyo olimlarining doimiy eʼtiborida bo‘lib kelgan “Qutadg‘u bilig”ning ilmiy tarjimalari, asarga oid tadqiqotlar o‘zbek, turk, rus, qozoq, qirg‘iz, ozarbayjon, turkman, uyg‘ur, ingliz, nemis tillarida nashr etilgan. 2019-yil YUNESKO tomonidan xalqaro «Qutadg‘u bilig yili» deb eʼlon qilindi.

Bu galgi yirik xalqaro anjumanda O‘zbekiston, Turkiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Ozarbayjon, Vengriya, Rossiya, Tojikiston, Hindiston, AQSH, Misr hamda Eronning 36 oliy taʼlim dargohidan 50 dan ziyod maʼruzachi ishtirok etishi rejalashtirilgan.


“Dunyo” AA

26.11.2020 931