"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Velosipedda uchiladimi?

O‘zbek tili dunyodagi qadimiy va boy tillardan ekani isbot talab qilinmaydigan haqiqat. Buning uchun O‘rxun–Enasoy bitiklaridan tortib, Sarmishsoy va Boysun tog‘laridan topilgan toshga o‘yib bitilgan turli suratlaru (ular ham qandaydir ma’noni ifodalaydiku, axir), insoniyat tomonidan yaratilgan ilk lug‘atlardan bo‘lmish Mahmud Koshg‘ariyning “Devonu lug‘otut-turk”, Yusuf Xos Hojibning “Hibat ul-haqoyiq” yoki Alisher Navoiyning “Muhokamat ul-lug‘atayn” asarlarini eslash kifoya.

Ona tilim – oltin sandig‘im 

Bizning bobolarimiz mana shunday durdonalar yaratib qo‘ygan asrlarda hozir o‘zimiz o‘rganishni zo‘r berib targ‘ib qilayotgan tillarning ahvoli qanday edi? Bugun ham keng o‘rganilayotgan yoki inson ma’naviy-ma’rifiy dunyosini, tafakkurini boyitishga, demakki, bu yorug‘ olamda inson bo‘lib yashab qolishga xizmat qilayotgan biror asar yozilganmidi o‘sha tillarda?

Ha, bizning jahon ilm-fani, ma’rifiy-madaniy hayoti rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan ajdodlarimiz bor, deb baralla aytishga haqlimiz. Yuqorida nomlari zikr etilgan allomalar va ularning minglab salaflari bugun ham siz bilan biz gaplashayotgan tilda ijod qilgan, olam va uning yaratilishidan tortib, asosiy muloqot vositasi bo‘lmish til va uning xususiyatlari, insonga xos bo‘lgan barcha fazilatlaru illatlar haqidagi o‘z fikrlarini shu tilda bayon etgan. Jahon tan olgan buyuk shohlaru sarkardalar o‘zga ellarning yurtboshilari bilan shu tilda muomala qilgan, farmonu yorliqlarini shu tilda bitgan. Lekin, ne nadomatki, ana shunday qadimiy va mo‘’tabar tilimizning ahvoli bugun maqtangulik emas. Hozir buning sabablari haqida batafsil to‘xtalish niyatimiz yo‘q, aksincha, tilimizni o‘zimiz buzayotganimiz, boshqa tilga xos ifoda usulini bilib-bilmay turli vositalar orqali shu tilda so‘zlovchi millionlab odamlarga taqdim etayotganimiz xususida ayrim mulohazalarni bildirmoqchimiz, xolos.

Televideniye va turli internet saytlarida e’lon qilinadigan reklama matnlarini kim tayyorlaydi, rosti bilmayman. Yoki ayrim seriallar efirga uzatilishidan oldin birov uni adabiy til nuqtayi nazaridan nazorat qiladimi-yo‘qmi, bundan ham bexabarman. Ammo, ona tilini zamonaviy davlatchilik ramzlari qatorida muqaddas deb biladigan bir fuqaro sifatida sukut saqlashni ham o‘zimga ravo ko‘rmayman.

Masalan, televideniye orqali namoyish etilayotgan seriallarda (hatto xorij kinolarida ham) “Velosipedingni berib tur, men ham bir uchay” yoki “Yur, velosipedda uchamiz” qabilidagi gaplar tez-tez quloqqa chalinadigan bo‘lib qoldi. Men tilshunos olim emasman, balki ta’nalarim noo‘rindir, xatodir. Shunday bo‘lsada, aytmasam bo‘lmaydi.

Bizning davrlarda velosiped minilar yo haydalardi, zinhor uchilmasdi. “Uchmoq” fe’li o‘zi nimani ifodalarkin, deb “O‘zbek tilining izohli lug‘ati” va yana boshqa lug‘atlarni varaqladim. Hech qaysisida velosipedda uchish mumkinligi haqida hatto sha’ma ham uchratmadim. Faqat ba’zan ko‘chma ma’noda tezlikni ifodalash uchun qo‘llanishi aytilgan. Misol uchun, “Falonchi velosipedda qushday uchib o‘tdi”. Shuningdek, xalq tilida velosiped yoki mototsikldan “uchib ketibdi” degan ibora ham borki, bunda ko‘proq tezlik oqibatida ulovdan kutilmaganda yiqilish, hatto rostakamiga bir-ikki metrga “uchib” ketish nazarda tutiladi. Albatta, tilimiz xususiyatiga ko‘ra, yana boshqa ko‘chma ma’nolari ham bor.

Lug‘atlarda velosipedni “minish” yo “haydash” mumkinligi qayd etilgan. Bizning bolaligimizda velosiped, mototsiklu moped deb ataluvchi ulovlar ham minilar yo haydalardi. Unda bu ibora bizning tilimizda qayoqdan paydo bo‘ldi va qachon ommalashib ulgurdi?

Turli telekanallarda berilayotgan farmatsevtikaga oid reklamalarda “Falonchi dorini qabul qiling”, “Dorini kuniga uch mahal qabul qiling” degan gaplar aylanyapti. Yoki qish kunlari yaqinlashgan sari “Issiq vanna qabul qiling”, “Issiq vanna qabul qilib, o‘ranib yoting” qabilidagi tavsiyalar ko‘paydi. O‘zi qaysargina bolaman, “Kel, shularning ham sazasi o‘lmasin, qabul qilsam, qila qolay, deb bir hafta poyladim. Yo‘q, dori qurg‘ur qabulimga kelmadi. Vanna ham shunday. Qanchalik intizor bo‘lib kutmayin, qabulimga sira kelmadi.

Kelmaydi ham! Buni o‘zbekning yoshu qarisi – hamma biladi. Lekin, reklama matnini tayyorlaydiganlar yo o‘zbek tilini bilmaydi yo pisand qilmaydi. Xo‘p, matn tayyorlovchilar buni bilmas yo ona tilini pisand qilmas ekan, uni ko‘rib tasdiqlab beruvchi muhtaram muharrirlarchi? Ular qayoqqa qarayapti? Zinhor ularni bilmaydi yo pisand qilmaydi deya ko‘rmang, ishonmayman. Nafaqat mutaxassis bo‘lgani uchun, balki bolaligida ular ham, aminmanki, velosipedda “uchmagan”, dori yo vannani “qabul qilmagan”.

Tilimiz qonun-qoidalariga ko‘ra, eng muhimi, o‘zaro muloqotda ham hech birimiz “dori qabul qiling”, “vanna qabul qiling” demaymiz, har tugul, men eshitmaganman. Shu choqqacha qancha shifokorga borgan bo‘lsam, ularning ham hech biri “mana shu dorini qabul qiling” (o‘zbek tilida so‘zlashuvchilari, albatta) demagan, balki “falon-falon dorilarni kuniga shuncha mahaldan ichasiz”, degan. Ishonamanki, siz ham bunday tum-taraqay gapga duch kelmagansiz. Efirda chiroyli kiyinib, tabassum bilan shuni aytayotgan qiz-ayol yoki bola-kishi ham o‘zaro gaplashganda hech qachon bunday demaydi. Uyida “bolam, kel, shu dorini qabul qil” yoki “terlabsan (sovqotibsan) bir vannani qabul qil”, deyishini tasavvurimga sig‘dirolmayman. Hayotda aytmaydi. Lekin, efirga chiqib olib, millionlab odamlarga, ya’ni sizu bizga shunday deydi, doriyu vannani qabul qildirmoqchi bo‘ladi.

Ona tilimiz xususiyatiga ko‘ra, dori “ichiladi”. Vanna esa “yuvinadigan” yo “cho‘miladigan” joy ma’nosini anglatadi. Buni hamma biladi. Shuning uchun oddiygina “vanna qiling” desa, olam guliston, yosh bola ham tushunadi. Unda muammo nimada? Yana o‘sha gap: hamma balo o‘zimizda! Aniqroq aytganda, e’tiborsizligimiz, loqaydligimiz oqibati bu. Aksar hollarda matnning asli boshqa tilda tayyorlanishi bilan izohlash mumkin buni. Chunki rus tili qoidalariga ko‘ra, “Peyte lekarstvo” yoki “Sdelayte vannu” deb bo‘lmaydi. Bu rus tili qoidalariga, xususiyatiga mutlaqo zid. Shuning uchun ular bunday demaydi, kulgiga qolishini juda yaxshi biladi. Nima uchundir biz shunday qilolmaymiz, dori yo vannani “qabul qiling” deyish bilan kulgiga qolayotganimiz haqida o‘ylab ham ko‘rmaymiz. Nega, nima uchun atigi besh-o‘n so‘zdan iborat oddiy matn ham dastlab boshqa tilda yozilishi kerak, degan savolni hech qachon o‘rtaga tashlamaymiz.

Hazrat Alisher Navoiy besh yarim asr nari-berisida “Tilga ixtiyorsiz – elga e’tiborsiz”, deganda biz avlodlari shunday loqaydlik qilishimizni, ona tilimizga nisbatan behurmat munosabatda bo‘lishimizni bilganday yozgan ekan. Mutafakkir bobomiz “Elga e’tiborsizlik” Vatanga, kelajakka e’tiborsizlik ekanini biz nabiralariga shu taxlit anglatib ketgan bo‘lsa, ne ajab.

J.Meliqulov,

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi

direktorining maslahatchisi

O‘zA

10.12.2020 625