"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Vatanparvarlik ona tilini sevishdan boshlanadi

Milliy o'zlik, avvalo, tildan keyin boshqa qadryatlarga bo'lgan munosabatlarda namoyon bo'ladi. Milliy tilimizni, kuyimizni, ashula, milliy kiyim va raqslarimizni sevamizmi? Ularni ifoda, ijro etishga ishtiyoqimiz qanday? Tilni tilchilar, kuyni sozandalar, raqsni raqqos(a)lar, adabiyotni shoir va yozuvchilar, vatanni harbiylar asraydi, degan tushunchamiz qachon o'zgaradi?! Qachon yigit-qizlarimiz o'z nikoh to'ylarida vals o'rniga milliy kuylarimizga raqs tushishib, ko`zlarni quvontirishadi?! Qachon ota o'z farzandlari bilan milliy ashula yoki she'rlarimizni hirgoyi qiladi? Qachon onalar tug'ilgan kunlarda o'z farzandlarini o'zbek tilida qutlashni odat qiladi? Tadbirkorlarimiz qachon ishlab chiqqan mahsulotlariga bino va tashkilotlariga iftoxor bilan o'zbekcha nom qo'yishdi?! Bu kabi savollarni istagancha davom ettirish mumkin.

21-oktyabrni nega ona tili va adabiyot o'qituvchilari hamda o'quvchilar bayram qiladi? Bu har bir o'zbek, har bir o'zbekistonlikning bayrami emasmi, til xalqniki-ku?! Tilning oyoqosti bo'lib borayotgani nega san'atkorlarimizni bezovta qilmaydi. Ular shu til tufayli yurtga ma'lum va mashhur bo`lmadilarmi?! Tirikchiligi mana shu til orqasidan bo'lgandan kishilar bu haqda qayg'urishlari kerak emasmi? Xususiy tele va radiokanallar boshlovchlari adabiy til nima ekanligini biladimi o'zi? Agar bilishmasa, adabiy til, adabiy talaffuz – madaniyatlilik belgisi, u ziyoli kishilarning o'zaro axborot almashish shaklidir. Bu haqda o'quvchiga ham tushuntirish berilishi lozim. Ta'lim muassasalarida o'quvchilarga tilnng ichki xususiyatlari, ta'riflarni o'rgatmasdan adabiy tilning ahamiyati anglatilishi kerak. Tildan foydalanuvchilar jamiyatda yuksak mavqelarni orzu qilganda shunga mos muloqot madaniyatiga ham ega bo'lishlari shartligini bilib qo`yishsa foydadan holi emas. Zero, nutq – undividual hodisa, undagi muammolar har bir so'zlovchining o'zigagina tegishli nuqsondir. Har kim nutqidagi kamchilikni bartaraf qilishga o`zi mas`uldir.

 Qilgan xizmatlari bilan el orasida mashhur bo'lgan kishilar oyonai jahonda xalq bilan yuzma-yuz bo'lganda adabiy tilda gaplashish lozimligini bilmaydimi, yoki bilib turib shunday odobsizlik qiladimi?! Millat deganda, avvalo, til tushuniladi. Uning qolgan belgilari keyin ko'z oldimizga keladi. O'z ona tilini sevmagan, uning taqdiri, mavqeyi bilan qiziqmaydigan kishini millatsevarligiga, yurtni sevishiga ishonib bo'lmaydi. 

Bir yigit bilan suhbatlashib qoldim. U Turin politexnika universitetini tugatgan ekan. Yigit o'zining ona tiliga munosabatini shunday ifodaladi.

– Qishloqqa borsam, ota-onam xususiy bog'cha tashkil qilayotgan ekan. Nomlanishi masalasida suhbat bo'layotgan edi. Ular ham boshqalarga ergashib bir nechta inglizcha nomlarni yozib olishgan, shulardan birini tanlashmoqchi. Mening fikrimni ham so'rashdi. Men ularga o'zbekcha nom qo'yishni taklif qildim. Masalan, “Umid g'unchalari” yoki “Yurt kelajagi”, degan edim ota-onamga ham ma'qul bo'ldi. Bu kabi ona tilini o'zing g`ururi, vijdoni deb biluvchi yoshlar afsuski, juda kam. 

Bugun o'zbek tili o'qitish ko'ngildagidek emas. Nega? degan savol har doim qo'yiladi. Umumiy o'rta ta`lim maktablaridan tortib oliy ta'lim muassasasigacha bo'lgan tizimda ona tili sifatida ham, davlat tili sifatida ham tilimiz o'z qadr-qimmatini topgan deb bo'lmaydi. Maktabda ham, ta'limning keyingi bosqichlarda ham ona tili darslari shunchaki o'quv predmeti sifatida o'qitilmoqda. O'quvchilar ularga dars jarayonida taqdim etilayotgan son-sanoqsiz grammatik qoidalar orqali tilni o'zlashtira olmaydi. Biz ona tilini, asosan, umumiy o'rta ta'lim tizimida milliy qariyat sifatida o`rgatishimiz lozim. O'quvchi ona tili darslarida o'zbek tilining bor jozibasini, uning Navoiy ta'kidlagani kabi nihoyatda boy ekanligini bilishi emas, taffakkurda anglashi, qalban his qilishi kerak. Ana shundagina tilni sevib qoladi, u bilan faxrlanadi, uni himoya qiladi, uni qizg'onadi, qadrlaydi. Hozircha esa, o'quvchilar tilimizning tarovatidan bexabar, ifoda imkoniyatlaridan mosuvodir.

Yana nega degan savol tug'iladi. Nazarimda, aksariyat o'qituvchilarimiz tilni biladi, lekin his qilmaydi, ular til sezgirligi, til, muloqot madaniyatiga ega emas. Ayrim o'qituvchilarning imlo va talaffuz qoidalarini mukammal bilmasligi, tinish belgilarining ifoda imkoniyatlaridan bexabarligi, so'z sehrini his etmasligi, so'z boyligining nochorligi dars sifatiga, o'quvchining tilga munosabatiga salbiy ta'sir ko`rsatib kelmoqda. Darsliklar mazmuni bosqichma-bosqich takomillashmoqda. Ona tili o'qitish metodikasi shunday mukammal ishlab chiqilishi kerakki, ona tili o'qituvchlarga sirli sandiq – xazina, o`quvchilarga esa dunyo ilmlarini anglash va o`zlashtirish, zarur paytda qo`llash vositasiga aylanishi kerak.  

Ona tili darslari orqali o'quvchlar qalbida, avvalo milliy qadryatlarga muhabbat uyg'otish lozim. Ona tili, ona vatan, vijdon, iymon, ustoz kabi so'zlarini daraxt, telefon, pul, mashina kabi so'zlar bilan bir xil ohangda o'qitib bo'lmaydi. O'quvchi, avvalo, vatan, til, tarix, vijdon va ustoz singari tushunchalar inson hayotida qanday ahamiyat kasb etishini anglashi kerak. Ona tili darslaridagi har bir o'quv materiali tarbiyaviy maqsadga bo'ysundirilsa, oxir oqibatda o'quvchi milliy qadryatlarga sodiq bo'lib qoladi, tilni buzganga davlat chegarasini buzgandek munosabatda bo'la boshlaydi.

Tildan foydalanish bugungi kunda dolzarb masalaga aylanib bormoqda.  Kundalik hayotimizda  bu bilan bog`liq juda ko`p hodisalarga duch kelamiz. Imloviy savodxonlik borasidagi kamchiliklar ko`p yillardan buyon ko`zga tashlanadi. Biroq bugungi kunda eng katta muammo adabiy talaffuzdir. Adabiy til millatni birlashtiradi. Ming afsuski, davlat muasassalari hisoblangan bog`chalardan tortib, butun xalqni ortidan ergashtirayotgan, ma`rifat ulashayotgan televideniye va radio eshittirishlarda adabiy til qoidalari qo`pol ravishda buzilmoqda. Ko`cha-ko`yda, rasmiy tashkilotlarda  savodsizlarcha yozilgan e`lonlarga, peshtaxtalarga ko`zingiz tushganda ensangiz qotadi.

Endi e`lonlar, reklamalarda ham sheva aks etmoqda. Mehmonxona, bank xizmatlari, tarixiy obida kabilarda ingliz tilidan faol foydalanilishini tushunish mumkin, ammo mashina yuvadigan joylar, restoran, kafe, qurilish tashkilotlari, hatto bog`chalarning nomlari ingliz tilida yuritilayotganini qanday izohlash mumkin? Maishiy xizmat ko`rsatish joylari ham inglizcha (“Carwash”, “Wedding”, “Mini shop”, “Workshop”). Tabiiyki, bular chet elliklarga xizmat qilmasa kerak? Nodavlat telekanal dasturlarining “Sketch shou”, “Cover up”, “Baqlajon stand up shou” tarzda nomlanishi o`zbek tiliga, millatga nisbatan katta hurmatsizlikdir. Bu kabi ko`rsatuvlar kimlar uchun? Achinarli tomoni shundaki, el ardog`idagi ayrim aktyorlar, sport ustalari, hatto ziyolilar televideniye yoki radio orqali xalq bilan uchrashganda noadabiy qatlamga oid so`zlarni ishlatib, maktab ta`limini ko`rmagandek taassurot qildiradi kishida.  

Nodavlat tele va radiokanallar boshlovchilarining  tap tortmay ma`lum hudud doirasigagina xos bo`lgan shevalardan  bemalol foydalanayotgani davlat tili va uning qonunlarini mensimaslikdan o`zga narsa emas. Har bir kamera qarshisida o`tirgan tele va radio boshlovchi uni faqatgina mahalladoshlari, yaqin qarindoshlari emas, butun mamlakat eshitayotganligini, ko`rayotganligini unutib qo`ymasligi kerak. Adabiy tilgina barchaga tushunarli bo`lishini, adabiy talaffuzgina hammaga birdek yoqishini bilishi lozim. So`zlovchilarda o`rta maktabda to`g`ri talaffuz ko`nikmalari shakllantirilmagani uchun ko`pchilik shevadan foydalanishga majbur bo`lishmoqda.  

Ona tili darslari o`quvchilarda nutqiy malakalarni kerakli darajada shakllantira olishi, har bir o`quvchi o`z ona tilisidan o`ta mohirlik bilan foydalana olishi, istalgan muloqot vaziyatiga mos(xoh rasmiy, xoh ilmiy va xoh oddiy nutq vaziyati bo`lsin) o`z fikrini ixcham, ta`sirchan ifodalay olishi kerak. Umumta`lim maktablari bu borada qanday natijalarga erishilayotgani barchamizga ma`lum. Aksariyat o`qituvchilarning o`z nutqiy kamchiliklari ustida ishlamasligi, eng asosiysi, adabiy talaffuz  ko`nikmasiga ega emasligi, imloviy savodxon emasligi ming-minglab o`quvchilarning jamiyatda o`z o`rinlarini topa olmasligiga sabab bo`lmoqda. O`rta maxsus va oliy ta`lim muassasalari muayyan ixtisoslikka yo`naltiradi, umumta`lim maktabida esa muntazam ona tili darslari orqali o`quvchilar   tildan   mohirona foydalanish malakalariga ega bo`ladilar. Demoqchimizki, adabiy talaffuz ko`nikmalari, asosan, maktabda shakllanadi, biroq Respublikaning turli hududlarida o`tilayotgan o`quvchilarning asosiy qismi ayrim o`qituvchilarning layoqatsizligi (buni mas`uliyatsizlik deb ham atash mumkin) tufayli adabiy tilda muloqot qila olish malakalariga ega bo`la olmayapti.

 “Davlat tili haqida”gi qonun ijrosini ta`minlash, o`zbek tilining mamlakat ichi va dunyo miqyosidagi mavqeyini ko`tarish uchun ona tilda shunday ta'lim berishimiz kerakki, har bir fuqaro, avvalo, o'z tilidan g'ururlansin, undan mahorat bilan foydalana olsin, tilning taraqqiyotiga o`z hissasini qo`sha olsin.

G`ofir Hamroyev,

“O‘zagrotexsanoatxolding” AJ rahbarining

ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish,

davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga

rioya etilishini ta’minlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi

30.03.2020 880