"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

DAVLAT TILIDA ISH YURITISH BO‘YICHA SEMINAR O‘TKAZILDI

Mamlakatimizda o‘zbek tilining nufuzini oshirish va ona tilimizga hurmat, mehr-muhabbat tuyg‘ularini kamol toptirish, korxona, tashkilot, muassasalarda davlat tilida ish yuritish masalalariga alohida eʼtibor berilmoqda. Bu jihatdan Prezidentimizning 2019-yil 21-oktabrdagi “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeyini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hamda joriy yilning 20-oktabridagi “Mamlakatimizda o‘zbek tilini yana-da rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonlari ayni muddao bo‘ldi.

Navoiy kon-metallurgiya kombinatining “Farhod” madaniyat saroyida “Kombinatda davlat tilida ish yuritishni samarali tashkil etish” mavzusida seminar o‘tkazildi. Seminarda kombinatning Navoiy shahrida joylashgan bo‘linmalari devonxona, kadrlar bo‘limi, maʼnaviy-maʼrifiy ishlar bo‘yicha masʼul xodimlari va Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazi Navoiy viloyati hududiy bo‘linmasi rahbari, markaz professor-o‘qituvchilari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Bugungi kunda kombinat va uning bo‘linmalarida davlat tilida ish yuritish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Kombinat portalida davlat tilini o‘rganuvchilar va davlat tilida ish yurituvchilarga amaliy yordam sifatida o‘zbekcha-ruscha va ruscha-o‘zbekcha onlayn tarjimon dasturlari, lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosi hamda “Davlat tilida ish yuritish” nomli amaliy qo‘llanmaning elektron nusxasi joylashtirildi. Xodimlarning davlat tilini o‘rganishlari uchun korxona portalining elektron kutubxonasida (www.kitob.ngmk.uz) o‘zbek tili va adabiyoti bo‘yicha zarur adabiyotlar joylashtirilganligi taʼkidlab o‘tildi.

Seminarda Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti tashabbusi bilan yangi tahrirda chop etilgan «O‘zbek tilining izohli lug‘ati» kitobining taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Taqdimotda kombinat bo‘linmalariga 5 jildli yangi tahrirdagi «O‘zbek tilining izohli lug‘ati» kitobi tarqatildi.

Kombinat xodimlarining davlat tilida ish yuritish bo‘yicha malakalarini oshirish maqsadida Navoiy davlat pedagogika instituti huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazi o‘quv kurslarida joriy yilning sentabr-dekabr oylarida kombinatning kadrlar bo‘limi, devonxona, fuqarolar murojaatlari bilan ishlash bo‘limlarining 40 nafar ishchi-xodimlari lotin alifbosiga asoslangan o‘zbek tilining imloviy qoidalari, davlat tilida ish yuritish bo‘yicha nazariy, amaliy ko‘nikmalarini oshirdilar. Tadbirda o‘quv kursini muvaffaqiyatli tugallagan navbatdagi 10 nafar xodimga sertifikatlar topshirildi va kitoblar sovg‘a qilindi.

Seminarda markaz rahbari va o‘qituvchilari tadbir ishtirokchilarining davlat tilida ish yuritish, lotin alifbosini joriy etish va imlo qoidalariga oid ko‘plab savollariga javoblar berdilar.

 

Xolmamat RAUPOV,

Navoiy kon-metallurgiya kombinati 
bosh direktorining maslahatchisi

16.12.2020 596