- Bosh sahifa
- Yangiliklar
- O‘zbekiston buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiyning Hirotdagi maqbarasini ta'mirlashda Afg‘onistonga ko‘maklashadi
O‘zbekiston buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiyning Hirotdagi maqbarasini ta'mirlashda Afg‘onistonga ko‘maklashadi
Avval xabar qilinganidek, joriy yilning 14-16-dekabr
kunlari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini
rivojlantirish departamenti mudiri Abdug‘affor Qirg‘izboуev rahbarligidagi
delegasiyaning Afg‘oniston Islom Respublikasiga safari amalga oshirilib, afg‘on
matbuotida ushbu voqe tafsilotlariga bag‘ishlangan maqolalar chop etildi.
Xususan, “Bakhtar News” axborot agentligining internet
sahifasida e'lon qilingan O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasida madaniy
aloqalarni yanada rivojlantirish bo‘yicha ikki tomonlama amalga oshirilayotgan
sa'y-harakatlarga bag‘ishlangan maqolada aytilishicha, Afg‘oniston axborot va
madaniyat vaziri vazifasini bajaruvchi Tohir Zuhayr O‘zbekiston Respublikasi
Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatulla Ergashev bilan
birgalikda Qobuldagi Zahiriddin Muhammad Bobur bog‘-muzeyiga tashrif buyurgan.
O‘zbekiston delegatsiyasi a'zolarining Bobur
bog‘-muzeyiga tashrifi davomida ularga Afg‘oniston rasmiy vakillari hamrohlik
qilgan. Suhbat davomida asosiy diqqat-e'tibor madaniy sohada ikki tomonlama
hamkorlik aloqalari istiqbollariga qaratildi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston delegatsiyasi o‘zaro
madaniy aloqalarni rivojlantirish va Alisher Navoiy maqbarasini ta'mirlash
ishlari bilan yaqindan tanishish maqsadida Hirot shahrida bo‘lgani ham xabar
qilingan.
O‘zbekiston delegatsiyasi rahbari mamlakatimiz Alisher
Navoiy maqbarasini ta'mirlash va uning atrofini obodonlashtirish bo‘yicha
Afg‘onistonning mutasaddi tashkilotlari bilan hamkorlik qilishga tayyorligini
bildirgan. Shu o‘rinda 2021-yil Alisher Navoiyning 580 yillik yubileyi
O‘zbekistonda keng miqyosda nishonlanishi ma'lum qilingan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Afg‘oniston
bo‘yicha maxsus vakili ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stona, tarixiy va madaniy
munosabatlarga e'tibor qaratar ekan, O‘zbekiston va Afg‘oniston Prezidentlari
turli sohalarda, jumladan iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va madaniy yo‘nalishlarda
hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirish uchun sa'y-harakatlar qilayotganini
ta'kidlagan.
“Shu o‘rinda, O‘zbekiston Respublikasi Afg‘onistondagi
tinchlik jarayonini hamda mamlakatda barqaror tinchlik o‘rnatish bo‘yicha
barcha olib borilayotgan sa'y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlashi bildirildi.
O‘z navbatida, Afg‘oniston axborot va madaniyat vaziri
vazifasini bajaruvchi Tohir Zuhayr O‘zbekistonning ushbu jarayonlardagi muhim
rolini ta'kidlab, Afg‘oniston xalqi va hukumati O‘zbekiston bilan barcha
sohalarda, jumladan madaniy sohada hamkorlik aloqalarini kun sayin kengayib
borishidan manfaatdor ekanini bildirdi”, - deyiladi maqolada.
Shuningdek, maqolada Afg‘oniston tarixiy obidalarni
qayta tiklash, xususan, Islom davri obidalarini ta'mirlashda O‘zbekiston bilan
hamkorlik o‘rnatishga qiziqish bildirgani ham ta'kidlangan.
Afg‘onistonda ingliz tilida bosiladigan «Daily Outlook
Afghanistan» gazetasida chop etilgan boshqa bir xabarda esa O‘zbekiston buyuk
shoir va mutafakkir Alisher Navoiyning Hirotdagi maqbarasini ta'mirlashda
Afg‘onistonga yordam berishi aytiladi.
“O‘zbekiston delegatsiyasi a'zolari Afg‘onistonning
Hirot shahriga safari davomida buyuk faylasuf, shoir va adib Alisher Navoiy
maqbarasini ta'mirlashni rejalashtirilayotganini ta'kidlashdi.
Delegasiyaning mazkur tashrifi davomida Alisher Navoiy
qoldirgan shoh asarlar Afg‘oniston va O‘zbekiston xalqlarining mushtarak
madaniy merosi ekani va bu meros ikki davlatni bir-biri bilan bog‘lab turuvchi
ko‘prikligiga alohida urg‘u berilgan.
Shuningdek, Afg‘oniston axborot va madaniyat vazirligi rahbariyati Alisher Navoiyning 580 yillik yubileyini O‘zbekiston tomoni bilan birgalikda nishonlashga tayyorligini bildirdi”, - deyiladi «Daily Outlook Afghanistan» tarqatgan xabarda.
KOBUL, 20-dekabr. “Dunyo” AA