"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Harbiy atamalarning yangi izohli lug‘atining taqdimoti bo‘lib o‘tdi

Bugun O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Akademiyasida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti tashabbusi bilan nashr etilgan “Harbiy atamalarning yangi izohli lug‘ati”ning taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Taqdimotda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Davlat tilini rivojlantirish departamenti xodimlari, shuningdek, Mudofaa vazirligi Markaziy apparati, respublika oliy harbiy taʼlim muassasalari (O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlar Akademiyasi, Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi, Davlat xavfsizligi xizmati Akademiyasi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasi, Milliy gvardiya harbiy-texnik instituti, Davlat bojxona qo‘mitasi bojxona instituti) vakillari qatnashdilar.

Taʼkidlash joizki, qo‘shinlar faoliyatida qo‘llanilayotgan harbiy atamalarga nisbatan turli xil yondashuvlar mavjud. Bu xilma-xil yondashuvlar qo‘shinlar harakatini tashkillashtirish va boshqarish jarayoniga salbiy taʼsir o‘tkazib, bo‘ysinuvdagi qo‘shinlar jangovar qo‘llanilishini rejalashtirish, tashkillashtirish, tayyorlash, uni amalga oshirish jarayonida turli xil izohlash va farqlashga olib kelmoqda.

Ushbu izohli lug‘at ko‘p qo‘llaniladigan harbiy atamalar mazmunini umumiy shaklda, umumqabul qilingan nizomlar taʼriflaridan chetlanmagan holda yoritish, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tarkibiga kiruvchi harbiy tuzilmalar va oliy harbiy taʼlim muassasalari kundalik, jangovar (jangovar-xizmat) faoliyatini tartibga soluvchi meʼyoriy-huquqiy aktlar, jangovar va boshqa hujjatlarda qo‘llaniladigan harbiy terminologiyaning yagona tushunilishi va ishlatilishini tartibga soladi.

Ushbu izohli lug‘atdan harbiy xizmatchilarni professional va ijodiy tafakkurini rivojlantirishda, zamonaviy darsliklar, o‘quv qo‘llanmalar, uslubiy tavsiyalar, xizmat shakliy hujjatlari, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari faoliyatini tartibga soluvchi meʼyoriy-huquqiy aktlar ishlab chiqishda samarali foydalaniladi.

Taqdim etilayotgan “Harbiy atamalarning yangi izohli lug‘ati” O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti tomonidan barcha harbiylashgan tizimlar, oliy harbiy taʼlim muassasalari vakillariga bepul yetkaziladi.


Uchqun Mahmudov,
Davlat tilini rivojlantirish departamenti
mas'ul xodimi



22.12.2020 963