"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

“Vaqtincha to‘xtatilgan ommaviy tadbirlar reklamasi olinishi shart!”

Koronavirus pandemiyasi mamlakatimizda qayd etilgan ilk kunlardan kasallikning ommaviy kirib kelishi va keng tarqalishiga qarshi tizimli chora-tadbirlar ishlab chiqilmoqda. Xususan, joriy yilning 15 martidan boshlab yurtimizda barcha ommaviy tadbirlar, jumladan, teatr, kino va konsert tomoshalari vaqtincha to‘xtatilib, noma’lum muddatga qoldirildi.

Ammo ommaviy axborot vositalari va tashqi reklama konstruksiyalari orqali joriy yilning mart-aprel oylarida o‘tkazilishi rejalashtirilgan, lekin amalda noma’lum muddatga qoldirilgan yoki namoyishi bekor qilingan ommaviy tadbirlar to‘g‘risidagi reklamalarni tarqatish davom etayotgani fuqarolarning e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda.

— “Reklama to‘g‘risida”gi qonunning 6-moddasiga ko‘ra, noaniqligi, ikki xil ma’noni anglatishi, bo‘rttirib yuborilishi, shuningdek, reklamani tarqatish vaqti, joyi va usuliga nisbatan qo‘yilgan talablar hamda qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa me’yorlarning buzilishi hisobiga reklamadan foydalanuvchilarni chalg‘ituvchi yoki chalg‘itishi mumkin ­bo‘lgan reklama noto‘g‘ri reklama hisoblanadi va u taqiqlanadi, — deydi Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Sherzod Mahamadaliyev. — Shu bois, yuqoridagi holatlarga chek qo‘yish bo‘yicha bir qator ishlar yo‘lga qo‘yilgan. Xususan, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi huzuridagi Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi tomonidan ommaviy axborot vositalari, reklama ob’ektlari (konstruksiyalari) egalari, reklama agentliklari, ommaviy tadbirlar tashkilotchilariga yaqin kunlarda o‘tkazilishi to‘xtatilgan va noma’lum muddatga qoldirilgan ommaviy tadbirlar to‘g‘risidagi reklamalarni barcha reklama vositalaridan olib tashlash yuzasidan zarur chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha topshiriq xatlari yuborildi. Tez kunlarda mazkur masalaning amaliy natijasiga erishish ko‘zda tutilgan.

Tashqi reklamalar joylashtirish talab darajasida bo‘lishi lozim!

Bundan tashqari, mamlakatimizda so‘nggi vaqtlarda tashqi reklamalarni joylashtirish bo‘yicha bir qator talablar belgilanib, ularning ijrosini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ayniqsa, Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 20 fevraldagi “Tashqi reklama bozorini tartibga solish to‘g‘risida”gi qarori bu borada aniq vazifalarni belgilab berdi. Endilikda har kuni ko‘zimiz tushadigan reklama va e’lon taxtalarining sifatsizligi, noqonuniy o‘rnatilishi yoki talabga javob bermaydigan boshqa holatlarga yo‘l qo‘yilmaydi. Xususan, tegishli tashkilotlarga har bir tuman (shahar) bo‘yicha maxsus ishchi guruhlar tuzilib, tashqi reklama ob’ektlari(konstruksiyalari)ning ushbu qaror talablariga muvofiqligi yuzasidan xatlovdan o‘tkazish bo‘yicha zarur choralar ko‘rish vazifasi yuklatilgan.

— Ayni paytda deyarli barcha hududlarda maxsus ishchi guruhlar tashqi reklama ob’ektlari (konstruksiyalari) bo‘yicha xatlovni amalga oshirmoqda, — dedi Sherzod Mahamadaliyev. — Shu kunga qadar respublika bo‘yicha o‘rnatilgan jami 10 mingdan ortiq tashqi reklama ob’ekti (konstruksiyasi)dan 1820 tasining qaror­ talablariga mosligi o‘rganildi. Joriy yilning 20 mart holatiga ko‘ra, ishchi guruh tomonidan qaror talablariga muvofiq bo‘lmagan 425 ta tashqi reklama ob’ekti (konstruksiyasi), jumladan, egasi aniqlanmagan 34 ta, tegishli hujjati (pasport, guvohnoma, sertifikat, ruxsatnomasi) mavjud bo‘lmagan 305 ta, eskirgan, yaroqsiz holatga kelib qolgan 9 ta, avtomobil yo‘llarining ajratuvchi bo‘lagida, xususan, yo‘lning yonma-yon joylashgan qatnov qismlarini ajratuvchi, transport vositalari harakatlanishi yoki to‘xtashi uchun mo‘ljallanmagan, yo‘l sathidan baland yoki yotiq chiziq bilan belgilangan qismida hamda trotuar va piyodalar yo‘laklarida, xavfsizlik orolchalarida o‘rnatilgan 197 ta tashqi reklama konstruksiyasi aniqlandi. Mazkur xatlovlar jarayonida belgilangan talablarga to‘g‘ri kelmaydigan, ruxsatsiz o‘rnatilgan tashqi reklama ob’ektlarining

69 tasi maxsus ishchi guruh ko‘rsatmasiga asosan, egalari tomonidan ixtiyoriy ravishda, o‘z kuchlari bilan olib tashlandi (demontaj qilindi), 109 ta tashqi reklama ob’ekti (konstruksiyasi) egalariga esa o‘ttiz kalendar kun ichida demontaj qilish yuzasidan tegishli ogohlantirish xatlari taqdim etildi.

Viloyatlarda ahvol qanday?

Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligining ma’lum qilishicha, hozir nafaqat poytaxtimiz, balki barcha viloyatlarda tashqi reklama ob’ektlari (konstruksiyalari)-ni xatlovdan o‘tkazish ishlari amalga oshirilmoqda. Xususan, Namangan shahri hududida o‘rnatilgan 211 ta xuddi shunday ob’ektning 101 tasi qaror talablariga mosligi qayd etilib, talab darajasida bo‘lmagan 21 tasining egalariga demontaj qilish yuzasidan tegishli ogohlantirish xatlari taqdim etildi. Ikkita holatda esa reklama konstruksiyasi olib tashlandi.

Buxoro viloyatining barcha shahar va tumanlarida ham maxsus ishchi guruh tomonidan qat’iy belgilangan tartibda xatlov olib borilyapti. Birgina Buxoro shahrida bugungacha 200 dan ortiq tashqi reklama ob’ekti xatlovdan o‘tkazilib, ulardan 27 tasi yo‘l o‘rtasida bo‘lgani sababli demontaj qilindi. 51 ta reklama ob’ekti esa qarorga moslashtirildi, ya’ni ularning oraliq masofasi, avtomobil yo‘llariga chiqib qolganlarining joylashish holati qaror talablari asosida o‘zgartirildi. Shuningdek, reklama tarqatish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi barcha korxonalarga o‘zlariga tegishli reklama konstruksiyalarini yuqoridagi qaror talablariga moslashtirish bo‘yicha xatlar yuborildi.

Ayni kunlarda respublikaning barcha hududlarida tashqi reklama ob’ektlari(konstruksiyalari)ni xatlovdan o‘tkazish ishlari davom etmoqda.

Iroda TOShMATOVA,

“Yangi O‘zbekiston” muxbiri

31.03.2020 473