"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

O‘zligimiz aks etgan chashma

Til – milliy g‘ururimiz

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganining o‘ttiz yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqida shunday taʼkidlab o‘tdi: “Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri bo‘lgan o‘zbek tili xalqimiz uchun milliy o‘zligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir”. Ushbu bebaho maʼnaviy boyligimizni asrab-avaylash va qadrlash borasida keyingi yillarda juda katta ishlar olib borildi. Toshkent shahar va tumanlarida ham bu borada eʼtiborga molik tadbirlar o‘tkazilib, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi jarayonida mavjud bo‘lgan muammolar yechimini topishda samarali natijalarga erishildi.

Mana 2021-yil ham kirib keldi. Zamon qanday evrilmasin, qanday sinovlar bo‘lmasin, har qanday sharoitda ham til, maʼnaviyat masalalari davlatimizning doimiy eʼtibor markazida bo‘ladi. So‘nggi yillarda mamlakatimizda, o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeyini oshirish, mustahkamlash yuzasidan bir qator samarali ishlar amalga oshirildi. Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti tomonidan jami 14 ta meʼyoriy-huquqiy hujjatlar, jumladan: 1 ta qonun, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2 ta farmoni va 1 ta qarori, shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 10 ta qarori tayyorlandi va hayotga tatbiq etildi. Abdulla Avloniy bobomizning “Milliy tilni yo‘qotmak – millatning ruhini yo‘qotmakdir” taʼbiri bilan qaralsa, bu qonun, qaror va farmonlarning ahamiyati millatimiz ravnaqi uchun qanchalik hayot va mamot masalasi ekanligi ayon bo‘ladi. Albatta, aniq ko‘zlangan rejalarimizni davlatimiz rahbari tomonidan qabul qilingan Farmon va qarorlar asosida amalga oshirib boramiz.

Qilingan ishlar haqida gapirsam, ko‘nglim to‘lganidan, to‘lmagan jihatlari ko‘proq desam xato emas. Aslida milliy til uchun faqat mutasaddilar emas, millatning har bir vakili masʼul bo‘lishi kerak.

Yorliqlarni o‘zbekchalashtiraylik, reklama bannerlari davlat tilida bo‘lsin, degan harakatlar yiqilayotgan devorni yamab-suvab qo‘yganday gap. Demakki, biz masalaning yuzasida yuribmiz. Ayniqsa, ziyoli qatlam bu safning peshqadami bo‘lishi zarur va shart. Yaʼni, milliy ruh ona sutidek insonning qon-qoniga singib ketishi kerak.

So‘nggi yillarda yurtdoshlarimiz qalbida, ongida ona tilimizga munosabat keskin o‘zgardi. Atoqli adib Abdulla Qahhorning, “Yo‘l qoidasini buzgan haydovchiga militsiya xodimi hushtak chaladi. Tilimiz qoidasini buzgan kishiga esa nega hech kim hushtak chalmaydi”, degan gapi bugun beixtiyor xayolimdan tez-tez o‘tyapti. Shu o‘rinda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati, zabardast yozuvchi Xurshid Do‘stmuhammad taʼkidlagan ushbu fikrlarni keltirmoqchiman: “Davlat tili haqida har kuni gapirish kerak, har xil gapirish kerak, hamma gapirishi kerak”!

Shu o‘rinda aytib o‘tish lozimki, ijtimoiy tarmoqlarda davlat tili mutasaddilarga qarata aytilgan tanqidiy fikrlar keyingi paytlarda anchagina “faollashdi”. Qay yo‘sinda bo‘lmasin, mulohazalar, turfa fikrlar aytilayotgani shaxsan meni quvontiradi. Ha, keng jamoatchilik tomonidan bildirilgan fikrlar xoh ijobiy va xoh salbiy bo‘lsin, minglab yurtdoshlarimizni o‘zbek millatining jonu ruhi bo‘lgan tilimiz haqida qayg‘urishga, fikr yuritishga, tortishishga, hatto jon kuydirishga chorlagani bilan quvonarlidir. Bu kabi muhokamalar, davlat tili maqomida bo‘lgan ona tilimizga munosabatimizni namoyon qiladi, taʼbir joiz bo‘lsa elakdan o‘tkazadi.

Chunki Ona tili – umummillat xazinasi ekan, demak til oldidagi masʼuliyat, javobgarlik ham umummilliydir. Tiynatida milliy g‘ururi, o‘zlik viqori bor, men o‘zbekman degan har bir inson o‘zbek tilini shak-shubhasiz sevishi, u uchun qayg‘urishi, zarur bo‘lsa jonini fido qilishi kerak. Binobarin, bu masala faqat ziyolilarning yoki tilshunoslarning ishi emas, shu millat shu vatanga daxldor barchamizning dardu quvonchimiz bo‘lishi shart va muhim. Davlat tili haqida chiqarilgan har bir qonun bu yo‘lda bizning madadkorimiz, sarbonimizdir. Shuningdek, chekka-chekka qishloqlarda yashayotgan keksa otaxonu onaxonlarimizdan tilimizga oid unutilib borayotgan so‘zlarni yozib olishimiz, ularni isteʼmolda qo‘llash choralarini ko‘rishimiz lozim. Bu masalani har birimiz butun bir millatning ishi deb qarashimiz, unutilgan so‘zlarni tiklashga hissa qo‘shishimiz, borini boyitib borishda faol ishtirok etishimiz darkor. Xalqimiz o‘z taqdiriga loqayd, milliy qiyofasiga befarq millat bo‘lib qolmasin.

Rivojlangan davlatlarning aksariyatini kuzatadigan bo‘lsak, davlat tili haqidagi qonunlari nisbatan keskinroq talablar asosida ishlab chiqilgan bo‘lib, Rossiya, Germaniya, Fransiya, Gruziya, Ozarbayjon, Turkiya va boshqa mamlakatlarda davlat organlari va rasmiy hujjatlarda belgilangan davlat tilidan majburiy foydalaniladi. Qonun talablariga amal qilmaganlik uchun turli miqdorda jarima belgilangan.

Shunday ekan, barchamiz yurtimizda o‘zbek tilining davlat tili sifatida nufuzi va mavqeyini oshirish bo‘yicha olib borilayotgan nihoyatda adolatli va o‘z o‘rnida qabul qilinayotgan muhim Farmon va qarorlarni qo‘llab-quvvatlashimiz, ona tilimizning qadr topishiga intilayotgan barcha ziyolilarga ko‘makchi bo‘lishimiz zarur. Xususan, mamlakatimizda ona tilimiz ravnaqiga berilayotgan eʼtibor — milliy tiklanishdan milliy yuksalish sari ildam borayotganimizdan dalolatidir. Haqiqatan ham har bir xalqning tili millat ruhi, taqdiri, kelajagi hisoblanadi. Xalqning, millatning ravnaqi, avvalo, tilining mavqeуi bilan o‘lchanadi va belgilanadi. Insoniyatga xos ezgu fazilatlar ham odamzod qalbiga avvalo til, ona allasi orqali kiradi. Shu maʼnoda, Ona tilimizni asrab-avaylash, ulug‘lash har birimizning muqaddas burchimizdir.

Garchi ayni jarayondagi muammolar haqida ko‘p gapirilayotgan bo‘lsada, amaliy natijalar juda kamdek. Ayniqsa, yarim xorijiy, yarim o‘zbekcha so‘zlashadigan yoshlar qatlami bo‘y ko‘rsatayotganidan ogoh bo‘lishimi zarur.

Eng avval bog‘cha, maktab, institut, universitetlar, adabiyot va sanʼat milliy tilimizning lokomotiviga aylanishi zarur. Shuningdek, mamlakatdagi barcha maktab o‘qituvchilari va murabbiylar davlat tili normalariga muvofiq so‘zlash va yozishi majburiy bo‘lishi kerak. Qolaversa, internet, xususan ijtimoiy tarmoqlarni davlat tilidagi maʼlumotlar bilan to‘ldirib borish juda muhim.

Endi kundalik hayotimizdagi odatga aylangan “okey”, “trend”, “lichka” kabi xorijiy, g‘aliz iboralardan yarim, chala ruscha-o‘zbekcha so‘zlashuvlardan soat sayin “qutulib” borishimiz lozim. Bugun o‘zbek tili taqdiri haqida faqatgina davlatning o‘zigina emas, o‘zbekman degan har bir inson qayg‘urishi, kurashishi, ona tilini chin dildan sevishi o‘ta muhim masaladir. Biz mutasaddilarning faliyatimiz asnosida ana shunday jonkuyar, fidoyi, millatparvar zamondoshlarimiz yordamiga hamisha ehtiyojimiz bor.

Akmal RO‘ZITOYEV,

Toshkent shahar hokimining maslahatchisi

"Yangi O‘zbekiston" gazetasining 2021-yil 8-yanvar, 5-sonidan olindi

11.01.2021 802