"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du
  • Bosh sahifa
  • Yangiliklar
  • Oliy ta’lim muassasalarida “Davlat tilida ish yuritish” amaliy qo‘llanmasining taqdimotlari o‘tkazilmoqda

Oliy ta’lim muassasalarida “Davlat tilida ish yuritish” amaliy qo‘llanmasining taqdimotlari o‘tkazilmoqda

Bugun barcha davlat organlari, xo‘jalik birlashmalari va hokimliklarda davlat tilida ish yuritilishini ta’minlash birinchi galdagi vazifa hisoblanadi. Bu esa o‘z navbatida me’yoriy-huquqiy hujjatlar, turli tashkilot va idoralarga yuboriladigan xatlarning matni o‘zbek tilining asosiy imlo qoidalariga muvofiq yozilishini talab etadi.

Tayyorlangan har qanday hujjat matni lo‘nda, oddiy va ravon tilda bayon etilgan bo‘lishi, og‘zaki nutq shakllari, davlat tilida teng ma’noli so‘zlar va tushunchalar bo‘lgan taqdirda xorijiy so‘z va atamalarni ishlatmagan holda, ko‘p ma’noni anglatadigan so‘zlar va iboralar, majoziy taqqoslashlar, sifatlashlar, kinoyalar; abbreviatura va qisqartmalardan holi bo‘lishi maqsadga muvofiq.

“O‘zbek tilining imlo lug‘ati”, “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”, “O‘zbek tilining imlo qoidalari” va boshqa tegishli lug‘atlar bilan bevosita ishlash turli xatoliklarga o‘z o‘rnida barham berilishini ta’minlaydi. Lekin har doim ham bu kabi lug‘atlarga murojaat qilishning imkoni bo‘lmasligi mumkin.

Har bir tashkilotda, har bir rahbar yoki xodimning ish joyida davlat tilida ish yuritish bo‘yicha amaliy qo‘llanmaning bo‘lishi esa davlat tilida ish yuritilishida turli xatoliklarga yo‘l qo‘yilmasligini ta’minlaydi.

Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti tomonidan ijobiy tajriba yo‘lga qo‘yilganligi diqqatga sazovor.

Yaqindagina departament tomonidan taqdim etilgan Davlat tilida ish yuritish qo‘llanmasining kirill yozuvidagi nashri vazirlik xodimlariga, tizimdagi tashkilotlar, hududiy boshqarmalar, oliy ta’lim muassasalari hamda filiallarga bepul yetkazib berilgan edi.

Oradan ko‘p o‘tmay O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti bilan hamkorlikda “Davlat tilida ish yuritish” amaliy qo‘llanmasining lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosidagi qayta ishlangan va to‘ldirilgan nashri chop etildi.

Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida respublikamizdagi oliy ta’lim muassasalarining yoshlar bilan ishlash bo‘yicha prorektorlari, Kasbiy ta’limni rivojlantirish va muvofiqlashtirish hududiy boshqarmalaridagi yoshlar va ma’naviy-ma’rifiy ishlarga mas’ul xodimlar hamda O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining professor-o‘qituvchilari va  ilmiy tadqiqotchilar ishtirokida amaliy qo‘llanmaning taqdimotlari o‘tkazildi.

Taqdimot jarayonida amaliy qo‘llanmada ish yuritish tili va uslubi, hujjat turlari va uning o‘ziga xos xususiyatlari, ularni rasmiylashtirish masalalariga  alohida e’tibor qaratilganligi ta’kidlandi. Shuningdek, ariza yozish, ma’lumotnoma, tarjimai hol yozish, mehnat bitimini tuzish, shartnomani to‘ldirish, hisobotlar tayyorlashdan tortib, toki hujjatlarni ro‘yxatga olish, nazorat qilish, tizimlashtirish, yig‘majildlarni shakllantirish, idoraviy arxivga topshirishgacha bo‘lgan jarayonlarni yuritish bilan bog‘liq jihatlar qamrab olingan.

Bildirishnoma, bildirish va bildirgininig farqlari, axborot xati, da’vo xati, ilova xat, iltimos xat, kafolat xati, so‘rov xati, tasdiq xati, farmoyish xat, eslatma xat  namunalari keltirilgan mazkur amaliy qo‘llanma har bir xodimning ish yuritish jarayonidagi yaqin ko‘makchisiga aylanishi shubhasiz.

 

Odinaxon Jamoldinova

Vazir maslahatchisi

13.01.2021 688