"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Davlat tilida ish yuritish uchun nimalarni bilishimiz shart?

Til shunchaki aloqa vositasi, deganlar adashadi. U — millatning joni, ruhi. Shunday ekan, til rivoji, eng avvalo, unga bo‘lgan yuksak munosabatdan boshlanadi.

Mana, mamlakatimizda davlat tilining nufuzi va mavqyeini oshirish yo‘lidagi islohotlar qizg‘in pallaga kirgan. Ammo hali qilinadigan ishlar ko‘p. Muammoyu kamchiliklar talaygina. Ularga oqilona yechim topish esa shu yurtning har bir fuqarosi zimmasidagi burch.

Nima uchun ariza, tilxat, ma’lumotnoma, bildirishnoma, dalolatnoma, ishonchnoma, tushuntirish xati, hisobot kabi hujjatlar bilan bog‘liq jarayonlarga kundalik hayotimiz, ish faoliyatimizda kunda-kunora duch kelamiz-u, biroq ularni yozishda ko‘p hollarda xatolikga yo‘l qo‘yamiz?

Gap shundaki, davlat tilida ish yuritish borasida bilim va ko‘nikmamiz kam! Davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlari, ularda belgilab qo‘yilgan huquqiy me’yor va talablardan to‘liq xabardor emasmiz.

Vaholanki, bugungi til siyosatimiz oldimizga qator ustuvor vazifalarni qo‘ymoqda.
Xususan, Prezidentimizning 2020-yil 20-oktabrdagi “Mamlakatimizda o‘zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga ko‘ra, 2021-yil 1-apreldan boshlab o‘zbek tili va adabiyoti bo‘yicha bilimni baholashning milliy test tizimi asosida rahbar kadrlarning davlat tilida rasmiy ish yuritish darajasi aniqlanadi hamda mas’ul lavozimlarga tayinlanadigan shaxslar uchun davlat tilini bilish bo‘yicha daraja sertifikatlari joriy etiladi.

Qolaversa, mamlakatimizda ish yuritishni lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga to‘liq o‘tkazishga jiddiy hozirlik ko‘rilyapti.

Xo‘sh, bu jarayonga Xalq banki xodimlari qay darajada tayyor? Tizimda davlat tilida ish yuritish samaradorligini oshirish uchun nimalar qilish joiz?
Bugun Xalq bankinining barcha hududiy filiallari rahbarlari uchun “ZOOM” dasturi orqali tashkil etilgan vebinar ayni shu masalalar muhokamasiga bag‘ishlandi. Unda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazi direktori, filologiya fanlari nomzodi Inomjon Azimov ma’ruza qildi.

Vebinarda Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti tashabbusi bilan chop etilgan “Davlat tilida ish yuritish” nomli yangi qo‘llanma taqdimoti ham o‘tkazildi.

Kelgusida I. Azimovning ushbu ma’ruzasi davlat tilida ish yuritish samaradorligini yanada oshirish maqsadida Xalq banki tizimining barcha xodimlariga videodars shaklida tarqatilishi ko‘zda tutilgan.


Y. Bo‘ronov

Boshqaruv raisi maslahatchisi
14.01.2021 580