"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

“Suv energiyasi” va yangilanib borayotgan atamalar

Til taraqqiyotida, lug‘at tarkibida ilmiy-sohaviy atamalar ham o‘ziga xos o‘rin tutadi. Ilm-fan, texnika, kasb-hunarning biror sohasiga xos aniq va barqaror so‘z yoki so‘zlar birikmasi tilshunoslikda atama deb yuritiladi. Atamalar ham tilning boyish va rivojlanish manbalari hisoblanadi. Chunki ilm-fan hamisha o‘sish va o‘zgarishda bo‘lib, til lug‘atini yangilab, kengaytirib turadi.

So‘nggi yillarda mamlakatimizda davlat tilini rivojlantirish borasida olib borilayotgan amaliy harakatlar doirasida Atamalar komissiyasi faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Shunga ko‘ra, soha terminlari tizimini takomillashtirish, tartibga solish, o‘zlashgan atamalarning o‘zbekcha muqobillarini shakllantirish, terminologiya bo‘yicha lingvistik va leksikografik tadqiqotlar olib borish ishlari yanada aniq va manzilli amalga oshirilishi belgilandi. Zamonaviy o‘zbek atamashunosligida atama yasash va tanlash metodlari, ularning samarasi, qabul qilinayotgan atamalarning adabiy til meʼyorlariga mos kelishi va faol qo‘llanishi, atamalarning sohaviy qatlamlari yuzasidan yangi shakl va mazmundagi tadqiqotlar ustida izlanishlar olib borish, amaliy tavsiyalar ishlab chiqish har qachongida ham dolzarb ahamiyatga ega bo‘ldi.

Xususan, gidroenergo sohasiga tegishli atamalarning lingvistik, leksikografik va semasiologik xususiyatlarini tadqiq etish, o‘z va o‘zlashgan qatlamlari, yasalish usullari va mavzuiy guruhlarini aniqlash, adabiy til va boshqa nutq uslublarida qo‘llanishining o‘ziga xos jihatlarini o‘rganish, o‘zlashmalarning muqobillarini yaratish o‘zbek tili taraqqiyotini taʼminlashga muayyan darajada xizmat qiladi.

Tahlillar ko‘rsatadiki, bugungi kunda gidroenergo sohasida qo‘llanib kelinayotgan atamalarning asosiy qismini o‘zlashma so‘zlar tashkil etadi. Buni biz mazkur tushunchaning o‘zidanoq aniq bilib olamiz: “gidro” – yunonchadan rus tili orqali o‘zlashgan so‘z bo‘lib, “suv” degan mazmunni anglatadi, qo‘shma so‘zning tarkibiy qismi sifatida suv yoki suv havzasiga oid tushunchalarni ifodalaydi. “Energetika” so‘zi ham asli yunon tiliga mansub bo‘lib, rus tili orqali qirib kelgan: fan, texnika, sanoat va umuman xalq xo‘jaligining turli ko‘rinishdagi energiya ishlab chiqarish, uzatish va ulardan foydalanish bilan bog‘liq bo‘lgan sohasini ifodalaydi. Ushbu ikki so‘z birikuvidan “gidroenergo” so‘zi hosil qilingan, yaʼni “suv energiyasi”.

Gidroenergetika xalq xo‘jaligining zamonaviy rivojlanayotgan, ishlab chiqarish ehtiyoji yuqori, shuningdek, xalqaro hamkorliklar uchun keng imkoniyatlarga ega bo‘lgan sohasi. Shu boisdan ham bu tizimda faoliyat taqozosiga ko‘ra, o‘zlashma, xususan, rus tili va rus tili orqali kirib kelgan so‘zlar nisbatan faol qo‘llanadi: gidrogenerator, gidrodinamika, gidrograf, gidroinshoot, gidrometrik, gidromexanika, gidromodul, gidrotexnika, gidrotrubina, elektromontyor, elektroskop, elektrotexnik, energetik, energosistema kabilar. Gidroenergetika tizimida suv zahiralaridan oqilona foydalanish orqali elektr energiyasi olinishini eʼtiborga olsak, ushbu soha atamalari “suv”, “energetika”, “elektr”, “qurilish”, “mexanika” tushunchalari bilan bog‘liq so‘zlar asosiga shakllanganligi oydinlashadi. Jamiyat hayotiga gidroenergetik tushuncha va hodisalar, narsa-buyumlar, qurilmalar va inshootlarning kirib kelishi bilan o‘zbek tili lug‘at tarkibida ham o‘sish va o‘zgarishlar sodir bo‘lib borayotganligi, ushbu so‘zlar hisobiga til boyligi kengayganligini ko‘rishimiz mumkin.

Gidroenergetik atamalar tizimida gidro va energetika mavzuiy sistemasi markaziy o‘rinni egallaydi va quyidagi ichki guruhlardan tashkil topadi:

1) suv va suv xo‘jaligi bilan bog‘liq tushunchalarni ifoda etuvchi atamalar;

2) elektr-energiya bilan bog‘liq tushunchalarni ifoda etuvchi atamalar;

3) gidroenergetik qurilish materiallarini ifoda etuvchi atamalar;

4) gidroinshootlar va gidroqurilmalarni ifodalovchi atamalar;

5) suv va energiyadan foydalanish hamda taʼmirlash jarayonlarini ifoda etuvchi atamalar;

6) soha mutaxassisliklari va faoliyat jarayonlari bilan bog‘liq atamalar.

Bu atamalarni ham o‘z navbatida yana bir necha ichki guruhlarga ajratish mumkin. Shu o‘rinda taʼkidlash kerakki, gidroenergetika atamalari murakkab tarkibiy tuzilmalardan iborat bo‘lib, ushbu jihati bilan til tizimining boshqa birliklaridan farqlanib turadi. Bu sohada biz, xususan, sodda (kaskad, suv, daryo, nov, zovur, to‘g‘on), qo‘shma (gidroloyiha, gidroinshoot, elektrstansiya, gidrograf, elektromexanik), birikma (suv ombori, suv resurslari, drenaj moduli, tik zovur, kapital qurilish), qisqartma (GES (gidroelektrstansiya), UK (unitar korxona), AJ (atsiyadorlik jamiyati), MCHJ (masʼuliyati cheklangan jamiyat)) shaklidagi atamalarni ham uchratamiz.

Ko‘rinadiki, o‘zbek tilining gidroenergetik terminologiyasi o‘z lisoniy ko‘rsatkichlariga ega mikrotizim sifatida til sistemasida alohida o‘rin tutadi. Bu esa gidroenergetika sohasida qo‘llanilayotgan barcha atamalarni “suv energiyasi”ga xos birlashtiruvchi sxemasi asosida “O‘zbek tilining gidroenergetik terminlari” mavzuiy guruhi doirasida tizimlashtirish, izohli lug‘atlarini shakllantirish imkonini beradi.

Demak, rivojlanib borayotgan bugungi tilshunoslik ilmida Gidroenergetika sohasiga taalluqli atamalarga doir muammolar, ularning leksik-semantik va tarkibiy tuzilishi, shakllanish tarixi va usullari kabi masalalar tadqiqiga ehtiyoj tug‘ilishi tabiiy. Bu o‘z navbatida, atamashunoslikda Gidroenergetika terminlarining ham tarkibiy, mavzuiy, semantik, leksikografik xususiyatlarini ilmiy tadqiq etish, sohaga tegishli chet so‘zlarni qabul qilishda o‘zbekcha muqobillarini tanlash zaruratini kun tartibiga qo‘yadi. Zotan, Gidroenergetika sohasida ham ish yuritish, o‘qish va o‘qitish ishlarini to‘liq o‘zbek tilida olib borish, soha atamalarini lingvistik tadqiq etish hozirgi o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi maqomi va nufuzini oshirish borasidagi milliy-amaliy harakatlarni jadallashtirishga, tilimiz umrboqiyligini taʼminlashga sezilarli hissa bo‘lib qo‘shiladi.

Surayyo PO‘LATOVA,

“O‘zbekgidroenergo” AJ boshqaruvi raisining maslahatchisi

Feruza AZIMOVA,

“O‘zbekgidroenergo” AJ muharriri


"Yangi O'zbekiston" gazetasining 2021-yil 14-yanvardagi 9-sonidan

15.01.2021 834