"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Ma’naviyat – barcha uchun daxldor masala

Jamiyat hayotining hech bir jabhasini ma’naviyatsiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Iqtisodiyot, sanoat, ishlab chiqarishu huquq-tartibot sohalari ham bevosita ma’naviyat bilan chambarchas bog‘liq. Negaki, ma’naviyat hayotiy, kasbiy mo‘ljal-munosabatlarni to‘g‘ri belgilashda, inson tafakkurining to‘g‘ri shakllanishida asosiy omildir.

Davlatimiz rahbari raisligida 19-yanvar kuni ma’naviy-ma’rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish, bu borada davlat va jamoat tashkilotlarining hamkorligini kuchaytirish masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishida jamiyat hayotining tanasi iqtisodiyot bo‘lsa, uning joni va ruhi ma’naviyat ekanini astoydil ta’kidlagani bejiz emas, albatta.  

O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligida soha xodimlarining ayni masalalar yuzasidan dolzarb vazifalari nimalardan iborat ekanini atroflicha tahlil etishga oid onlayn muloqotda bu haqda batafsil so‘z yuritildi.

Samimiy muloqotda agentlikning markaziy apparati bilan birga tizimdagi tashkilotlar, hududiy boshqarmalarda mehnat qilayotgan mutaxassislar ham ma’naviyat bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan jihatlar, milliy tariximiz, jadidchilik harakati, mustaqilligimizning ma’naviy asoslari, o‘zbek tilining tarixi, bugungi kunda uning tobora tiklanib borayotgan mavqe-maqomi xususida atroflicha fikr almashish imkoniga ega bo‘ldi.  

Agentlik direktorining ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish hamda davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi Jumanazar Meliqulov, olim va jurnalist Halim Saidov, shoir Shodmonqul Salomov va boshqalar milliy ma’naviyatimizni tiklash, milliy o‘zlikni anglash kabi masalalar bugungi yangilanib borayotgan O‘zbekistonda tobora ko‘proq dolzarblik kasb etayotganini ta’kidladi.

Darhaqiqat, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mamlakatimizda uchinchi Renessans poydevorini yaratishdek o‘ta murakkab va mas’uliyatli jarayonda millatning ko‘zini ochishga, uni tanazzul va manqurtlikdan asrab qolishga, mudom ziyoga chorlagan ma’rifatparvar bobolarimizning pok nomlarini xalqimizga qaytarishga, umrini fido etgan ezgu maqsadlarning mohiyatini yoshlarga batafsil tushuntirishga, ta’lim-tarbiya sohasini tubdan isloh etishga jiddiy e’tibor qaratilmoqda.  

Yurtimizda milliy adabiyot, madaniyat va san’at, tarix, ilm-fanga bo‘lgan ulkan e’tibor, joylarda tashkil etilayotgan ijod maktablari, “G‘alaba” yodgorlik majmuasining tashkil etilishi xalqimiz, ayniqsa, yosh avlod ma’naviyatini yuksaltirish, ularning aslida kimlarning avlodi ekanini teran anglashiga yaqindan ko‘maklashishda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.  

Har qancha murakkab va sinovli bo‘lmasin, 2020-yilda qatag‘on qurbonlari merosini o‘rganish, ular xotirasini abadiylashtirish, Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligini keng nishonlash, ulug‘ bobomiz asarlarini tadqiq etish, o‘zbek tilining mavqeyi va maqomini tobora yuksaltirish, milliy adabiyotimiz, san’atimiz ravnaqiga munosib hissa qo‘shgan fidoyi ijodkorlar xotirasini e’zozlash bilan bog‘liq ezgu tashabbuslar keng quloch yozdi. Bularning barchasi esa hamyurtlarimizni ma’naviy yuksaklikka eltishda alohida ahamiyat kasb etishi shubhasiz.

Bugun jahonda globallashuv, geosiyosiy manfaatlarning to‘qnashuvi tobora keskin tus olayotgan murakkab jarayonda ma’naviy-ma’rifiy masalalarga har qachongidan ham ko‘proq e’tibor qaratish, uyg‘oq vijdon sohibi bo‘lish, teran va sog‘lom fikrlash, usti yaltiroq, biroq tag-zamiri g‘arazli g‘oyalardan mudom ogoh va hushyor bo‘lish dolzarbligi tobora yaqqol ayon bo‘lmoqda.  

Maroqli, ham foydali kechgan onlayn konferensiyada ishtirokchilar iqtisodiyot va ma’naviyatning o‘zaro hamohangligi, hamyurtlarmizning faol fuqarolik pozitsiyasi, jadidchilik harakatining asl mazmun-mohiyati, ma’rifatparvar bobolarimizning ibratli faoliyati, ezgu maqsad-muddaolari haqidagi savollarga olimlar tomonidan batafsil javob berildi.

 

Nazokat Usmonova, O‘zA

"uza.uz" saytidan olindi

23.01.2021 509