"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

O‘ZINI BILMAGAN QUYUSHQONDAN CHIQADI

O‘tgan hafta ijtimoiy tarmoqlarda o‘zbek rok guruhi FLYIN UPning 24-yanvar kuni Alisher Navoiy nomidagi Akademik teatri oldida bo‘lib o‘tadigan konserti haqida post (afishasi) tarqatildi (FLYIN UP Площад имени А.Навои 24.01/20:45).  Postda yuqoridagi ruscha yozuvlardan keyin Mir Alisher Navoiyning... gitara ushlab turgan rasmlari joylashtirilgan. So‘z mulkining sultoni Navoiy asarini ko‘chirishda bitta nuqtani tushirib qoldirgani bois arab imlosida yozilgan ko‘z so‘zi ko‘rga aylanib qolgani uchun hattotdan qanchalar norozi bo‘lgan ekanlar alloma. Biz ko‘rib turgan, ming-minglab odamlarga taqdim etilayotgan postdagi rasm – ilmsizlik, befarosatlik va no‘noqlik kasridan oqbilaklarga munosib keladigan qo‘llar... barmoqlarning hozirgi zamon oliftalari harakatlarini eslatuvchi holati va ularga gitara  tutqazib qo‘yilishi – “ijodkor”larning bu ishi...  ruhlar olamini bilmadim, lekin tirik va qalbi uyg‘oqlar uchun, juda yumshoq qilib aytganda, ...ning quyushqondan chiqib tirjayib turish emasmi?!

Hazrat Mir Alisher Navoiy – bashariyat tarixida turkiyzaboniy adabiyotning tamal toshini mustahkam qo‘ygan, o‘sha davrgacha saroy shoirlari “temirchi bosqonga bolg‘a urganda chiqadigan tovush”ga o‘xshatib istehzo bilan kamsitgan bizning qadim ona tilimizda botiniyu zohiri go‘zal, dunyo madaniy-maʼaviy merosining durdonalaridan bo‘lib qolgan asarlar yaratgan mutafakkir ijodkor. Alisher Navoiy – dunyoviy va uhroviy ilmlar sohibi bo‘lgan ulamo va ularga amal qilib yashagan, Alloh martabasini baland etgan pokiza zot. Alisher Navoiy ham badiiy asarlaridagi g‘oyalari, ham faoliyati bilan mamlakatda tinchlik barqaror bo‘lishi, toj-taxt uchun qonli kurashlarning oldini olish, mehnatkash el-ulusning ofiyatda yashashi uchun aqlu donishmandlik bilan kurashgan arbob. Alisher Navoiy – hayoti davomida orttirgan boyliklarini yo‘llar, ko‘priklar, misjid va madrasalar qurishga; ilmu iqtidor ahli, tolibi ilmlarni qo‘llab-quvvatlashga, ehtiyojmandlarning og‘irini yengil qilishga sarf etgan sahovatpesha, maʼrifat va madaniyat homiysi...

O‘rta asrlarda qalamkashlar orasida “Hamsa” yozish anʼana bo‘lgani bois o‘nlab “Hamsa”lar yaratildi, ular orasidan Nizomiy Ganjaviy, Husrav Dehlaviy, Abdurahmon Jomiy va Alisher Navoiy yakqalam etgan “Hamsa” asarlari badiiy-g‘oyaviy yuksakligi bilan noziktaʼb o‘quvchilar qalbini o‘zgacha rom etib kelmoqda. Olimlar, adabiyotsevarlar ijodkorlarning beshdostonlari orasida Alisher Navoiy “Hamsa”sini yana alohida eʼtirof etadilar. Qarang, shunday asarni yaratishni niyat qilgan Alisher Navoiy Allohga hamdu sanolar, Payg‘ambar (s.a.v)ga durudu salavotlardan keyin ustozlari oldidagi andishasini hurmatu odob bilan bayon etadi:

Emas oson bu maydon ichra turmoq,

Nizomiy panjasiga panja urmoq.

Kerak sher oldida ham sher jangi...

Ha, Hazrat Navoiy – insoniyatga, ayniqsa, uning avlodlari bo‘lgan bizning xalqimizga insoniylik fanida ham buyuk ustod. U o‘z muallimlari davrasiga qo‘shilib, ularning yo‘lidan yurib asar yaratmoqchi ekan, ustozlar qalamiga mansub asarlarni puxta o‘rganadi, ularga havasu muhabbat, ehtirom, izzat bilan yondashuv barobarida o‘z izzatini saqlaydi.

Eh-he, Navoiy shaxsiyati, u yaratgan qahramonlar ibrati, g‘azallarida yaraqlab turgan imon-eʼtiqodi butun qalb nurlari, hikoyatlaridagi barcha tabaqa vakillariga saboq bo‘lguvchi hikmatlar haqida qariyb olti asrdan buyon hayrat bilan yozilmoqda, bahsu munozalar bo‘lmoqda. Ammo bu maʼnaviyat nurlarining taʼrifi, taʼsiriga chek-chegara yo‘q. Asrlar davomida “Navoiyxonlik” davralari yoshu  qari, boyu kambag‘allarni ohanrabo kabi o‘ziga tortib keldi.

 Adabiyotshunos olim Muhammadjon Madg‘oziyev so‘zlab bergandilar:

– XVII asr oxiri XIX asr boshlarida Marg‘ilonda ham “Navoiyxonlik” eng go‘zal adabiy mashvaratlardan biriga aylangan edi. Oqshomlari erkaklar alohida, ayollar alohida yig‘ilishib Navoiy g‘azallarini mutolaa qilishar, ularni tahlil etib ibratu zavq olishar edi. Og‘izdan og‘izga o‘tib kelgan mana bu hikoya va uning isboti bo‘lgan muhammas ham xalqimizning adabiyotga, sheʼriyatga, xususan, Navoiy hazratlariga eʼtiqodi ifodasidir.

XIX asr ikkinchi yarmida Marg‘ilonning Chahorchinor mahallasida yashovgan, Umidiy va Chahorchinoriy tahallaslari bilan g‘azallar bitib yurgan shoir navbatdagi “Navoiyxonlik”ka yig‘ilganlarning eʼtiborini o‘ziga qaratib:

– Men bir narsaga juda hayron qoldim, – deya gap boshlabdi. – Navoiyning bir g‘azali:

Ko‘kragimdur subhning pirohanidin chokrok,

Kirpikim shabnam to‘kulgan sabzadan namnokrok, –

bayti bilan boshlanadi. Qarang-a, insonning ko‘ksi subhdagi osmondan ham qontalashroq, chokroq bo‘lishi mumkinmi? Nazarimda, hazrat mubolag‘ani aql bovar qilmaydigan darajada oshirib yuborganga o‘xshaydilar...

Umidiyning bu gapi, yaʼni Navoiyga eʼtirozi  yig‘ilganlarning kayfiyatini buzibdi. Shu kuni davraga fayz kirmabdi. Ixlosmandlar Umidiyning fikriga munosabat ham bildirmabdilar, ortiqcha so‘z ham aytmabdilar...

Umidiy qanchalar noto‘g‘ri ish qilganini tushunsada, endi kech... U ham kulbasiga qaytib, iztirobga g‘arq bo‘lib, bedor yotibdi, tong oldi ko‘zi ilinibdi.

...Katta gulzor... Yaproqlari shovullab turgan daraxtlar soya solgan yo‘lakdan Mir Alisher Navoiy yurib kelaveribdilar. O‘zini befarosatlikda ayblab xoki turob bo‘lib yotgan Umidiy ustodi komilni uzoqdan ko‘ribdida, huzurlariga peshvoz borib, choponlarining etagini ko‘ziga surtib uzrlar ayta boshlabdi.

– Tur, bo‘tam, tur! – deya Umidiyning boshini silabdilar Navoiy.

Xuddi shu yerda hayajonu titroq bilan ko‘zini ochgan Umidiy anglabdiki, ko‘rganlari tush ekan. Sapchib o‘rnidan turibdi, tahorat olib ikki rakat nafl namozini o‘qibdi. So‘ngra tokchada turgan Navoiy “Devon”ini olib, yuqorida tilga olingan g‘azalni ochibdi va beixtiyor unga muhammas bog‘lashga tushibdi. Ko‘ziga yoshlar, diliga misralar quyilib kelibdi. Umidiyning bizga yetib kelgan o‘sha muhammasi mana bunday boshlanadi:

Ayo, Umidiy quling befahmu beidrokrok...

Qarangki, shoir xuddi shu kecha o‘zi bilmagan holda adabiyotning bu janriga yangilik kiritgan ekan. Yaʼni, o‘sha paytgacha (va undan keyin ham) biror g‘azalga muhammas bog‘lagan shoirlar o‘z tahallusini faqat asarning oxirgi bayti oldidan keltirgan bo‘lsa, qilib qo‘ygan hatosi, “befahmu beidrokrok” ekanligini imkon qadar tez tan olishga shoshilgan Umidiy “Men aybdor, men nodon qulingiz...” deb bosh egib uzr so‘ragan kabi o‘z tahallusini muhammasning birinchi baytidayoq keltirgan ekan.

Demoqchimizki, qalblar obi rahmat kabi bahramand bo‘layotgan, eʼzozlagan, faxru iftixor etgan milliy-maʼnaviy chashmalar, buloqlarga... kechirasizlaru, yuviqsiz qo‘l-oyoq bilan yaqin borish ham juda xunuk, maʼnaviy basirlikka o‘xshaydi. Ona o‘zbek tilimiz boyligini jamlab, ularning qiyofayu mag‘zini o‘z asarlarida marjon kabi jilolantirib; xalqimizning fazilat, fasohat, ilmu kamolot, sahovatini insoniyatga mangu ibrat bo‘lib qoladigan saodatbaxsh merosida barhayot gullar kabi yashnatib-yashartirib ketdi. Mir Alisher Navoiyning asarlari, xotirasi va xuddi shuningdek, asl mutaxassislar u zotning ichka va tashqi olamini chuqur o‘rganib yaratgan badiiy,  madaniy asarlar, yodgorliklar, tasviru esdaliklarga o‘z ixtiyorimiz bilan bir nuqta qadar o‘zgartirish yoki yangilik kiritishga, ularni zamonasoz etish uchun urinishga, millat va ulug‘larimiz ruhiyatiga yot nimalarnidir tirkashga hech kimning, hech kimning!.. ayniqsa, O‘zbekiston zaminida yashab turib rok guruhiga odamlarning tili aylanadigan, el tushunadigan nom topishni ham o‘ziga munosib ko‘rmagan FLYIN UP kabilarning na haqi, na huquqi bor!

So‘zimni shu o‘rinda tugatmoqchi bo‘ldimu, ammo bu holat ustozlar o‘gitlariga xilof... Beixtiyor Navoiy hazratlarining “El netib topkay menikim, men o‘zimni topmasam” degan satrlari dilimga keldi. O‘zini bilmagan, bilishga ham intilmay, osonu arzon “karamsho‘rva”larga bo‘kkanlarning taqdiriga ulug‘larimiz sochib ketgan ziyolardan qatra-qatra, zarra-zarra bo‘lsada, nasib etishini chin dildan tiladik. Zero, Navoiy merosining qatrayu zarralari ham anglagan qalblarni ezgulik, chin insoniylik, ikki dunyo saodati yo‘liga muhabbat, o‘zlikka sadoqat tuyg‘ulari bilan nurlantirmoqqa qodir.


Muhtarama ULUG‘OVA,

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi

direktorining maslahatchisi,

O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan

madaniyat xodimi

24.01.2021 561