"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

HAYOT TILI

yoxud Jon ichra jonim mening...

Ona tilimiz jonli manzaralar yaratishi, shuningdek, biron bir narsa xususiyatini hayotiy real boshqa narsaga qiyoslashi bilan tahsinga sazovor. Bu ajoyib tilda hayotdan yiroq, mavhum iboralar sira uchramaydi. Ayni shu xususiyati tufayli ham manzara yaratish fazilati bo‘yicha manaman degan tillardan ustun tursa, ajabmas. Bunga mumtoz adabiyotimizdan ham, bugungi so‘zlashuv tilimizdan ham istagancha misollar keltirish mumkin.

Furqatingdin zaʼfaron uzra to‘karmen lolalar,

Lolalar ermaski, bag‘rimdin erur pargolalar.

“Pargola” – o‘tin chopilganida uchib chiqadigan payraxalardir. Bu o‘rinda ruhiy holat aniq dalillanmoqda. Yana qanaqa dalil deng? Yoshu qari, barcha biladigan hayotiy dalil!

Agar hazrat Navoiy bobomizning bu o‘xshatishini murakkabroq deydigan bo‘lsak, u holda oddiy so‘zlashuv tilimizga, misol uchun, barcha bolalarimizning qulog‘iga quyiladigan Adabiyotga - allalarimizga diqqat qaratamiz.

Tilimning uzuni-yo, alla.

Yuzimning qizili-yo, alla,

Yuragimning taftiga-yo

Tandirlar qiziydi-yo, alla…

“Hayot tili” degani shu – biron bir holat yoki hissiyotni hayotda mavjud aniq narsaga o‘xshatadi, mavhum, yo‘q o‘xshatishni qo‘llamaydi.

Misol uchun, shamolga nisbatan: “shamol turdi”, “shamol esdi” “keldi”, “tindi” so‘zlarini ishlatamiz. Bularning har birining o‘z manzarasi bor. “Shamol turdi” – esmayotgan edi, birdaniga qo‘zg‘aldi. Shu ibora hosil qiladigan manzarada u xas-cho‘plarni uchirishi, dorga ilib qo‘yilgan kirlarni yulqilashi, turli tovushlar chiqarishi ham namoyon. “Shamol esdi” so‘zining mazmuni kengroq, yoyilib, ancha makonlarni enlab esganini bildiradi. “Shamol keldi” – qaydan? Bu misollar faqat harakatnigina ifodalasa, uning qilmishlarini bildiradigan so‘zlar ham talaygina. “Shivirladi”, “g‘uvilladi”, “yoydi”, “ufurdi”, “o‘kirdi”, “pishqirdi”, “quturdi”, “chinqirdi”, “qichqirdi”, “hayqirdi”, “ayqirdi”... O‘zbek tili bunday noyob xususiyatini barcha hodisalarga, jonliyu jonsizlarga nisbatan qo‘llayveradi va har so‘zida bir-biridan farqli, ajoyib manzaralar hosil qiladi. “Yomg‘ir yog‘di” so‘zi umumiy bo‘lsa, “tomchiladi”, “shivaladi”, “sharros quydi”, “shig‘aladi” kabilar uning xususiyatlarini namoyon qiladi. Hali sifatlariga o‘tmadik. “Ezib yog‘di” degani qanaqa? “Tasir-tusir urdi” deganichi? Yoki “Qor yog‘di” bilan bab-baravar “Qor tushdi” ham deyishadi. Ha, laylakqor pag‘a-pag‘a, lopillab-lopillab yog‘averdi. Ke-yetdi: “maydalab urdi”, “upaday yog‘di”, “elab-elab yog‘di”, “ko‘rpaday yog‘di”.

Ha, bu so‘zlar jonsiz hodisaga jonlining yoki jonliga jonsizning xususiyatini bemalol taqab qo‘yaveradi. Shunisi bilan ham hayotiy deymiz.

Inson aʼzoi badani tavsiflariga qarang: masalan, “ko‘z soqqasi” yoki “ko‘z olmasi”, quloq suprasi”, “bosh chanog‘i” deyiladi. Inson ko‘zining shaklu shamoyilini olimlargina bilishadi, omma uchun eng tushunarli qilib ifodalangani shu – olmaga yoki soqqaga o‘xshatilishida. O‘zbekning aksariyat iboralari o‘xshatishga quriladi va uning hech birida ko‘pirtirish, mubolag‘ani ko‘rmaysiz.

Yana bir g‘aroyibi – “toza” so‘zidir. Tozalik-ozodalikni ifodalovchi bu so‘z gohida “juda” degan maʼnoni ham ifodalab qoladi, “toza charchadim”, “toza qiynaldim”, “toza xursand bo‘ldim” mazmunini o‘zida tashib yuradi, shu xususiyati bilan astari boshqa, usti boshqa libosga o‘xshaydi, istasangiz ag‘darib ishlating, istasangiz o‘ngini kiying. “Ustimga kelma” degan so‘z bor, bu – tilimizda avvallari ishlatilgan, keyinchalik ortga surilib qolgan ibora bo‘lib, beixtiyor yana qaysarlik va hurlikni eslatib yuboradi. Diogen Yunon hukmdoriga, “Otingni chetroqqa ol, soyasi tushdi”, deydi. Tilimizda esa u allaqachon o‘ziga xos ko‘rinishda jilolanib turibdi: “Ustimga kelma, farog‘atimni buzma, chegaradan o‘tma!”

Adabiy yodgorliklarimiz tilimiz muhtashamliklaridan darak beraveradi. Navoiy o‘zining mashhur g‘azalida “O‘ylakim” so‘zini qo‘llaydi, bu o‘g‘uz lahjasi so‘zlariga xos bo‘lib, “U yerda” maʼnosini beradi. “O‘ylakim paydo bo‘lur yulduz nihon bo‘lg‘och quyosh”. “Bo‘ylakim” deb esa, yaqindagi narsaga aytiladi. Ushbu so‘zning “Hayla” degan shakli hozir ham bor, “Ho‘v uzoqda”, degan mazmunda ishlatiladi. “Ish-kuch” so‘zi ham shunday, bu so‘zni Navoiy asarlarida uchratib quvonib yursak, to‘satdan undan ming yil avvalgi O‘rxun-Enasoy bitiklarida duch kelamiz: “Xoqonlig‘ budun edim, xoqonim qani? Ne xoqonga ishimni-kuchimni berayin?”

Umuman, jonajon ona tilimiz hazrat Amir Temurning “Bizkim maliki Turon, amiri Turkistonmiz! Turkning bosh bo‘g‘inimiz!” degan so‘zlarining haqiqatini ko‘z-ko‘zlab turibdi.

Ko‘z-ko‘zlab deysizu... yana zavqlanib ketasiz. Ayni shu so‘z dunyoning bironta tilida uchramaydi! “Maqtanish”, “g‘ururlanish” degan so‘zlarning birontasi shu “ko‘z-ko‘zlash”ning maʼnosini ifoda qilolmaydi. Ko‘z-ko‘zlayotgan odamning qiyofasini shundoq ko‘z oldingizga olib kelib qo‘yadi: o‘zidan mamnun, iljayib biron nimani ko‘z-ko‘zlayotgan kishi holatini o‘ta aniq akslantiradi.

Shu sababli ham Alisher Navoiy ona tilining jilvalariga mahliyo bo‘lib, benihoya mehr-muhabbat va sevgi bilan “Shunday bir olam nazarga keldiki, o‘n sakkiz ming olamdan ortiq, unda zeb va ziynat yuksakligi taʼbga maʼlum bo‘ldi, to‘qqiz falakdan ortiq, unda fazilat va rifʼat xazinasi uchradi, durlari yulduzlar gavharlaridan porloqroq, va bir gulshan yo‘liqdi, gullari yuksak yulduzdan dur sochuvchiroq...” deb maqtaydi.

Bu ajoyib til ruhiyatini biladigan kishi so‘z maʼnolarini istaganicha o‘zgartirib ham so‘zlasha oladi. Misol uchun: Falonchining laqabi “terak” desak, u kishining oldida uning maʼnosi o‘sha odamga uyqashib qoladi. “Teraklar o‘sib ketibdimi” desayam, “o‘smabdi” desayam, “qurib qolibdi” desayam, “gullabdi” desayam tegajoqlik hisoblanaveradi. Besh-olti kishi so‘zlashib turgan bo‘lsa, ularning har biri istagan so‘zini boshqa maʼno tashiydigan qilib qo‘ya oladi, bu hodisa o‘sha davra tarqalguncha yashab turadi. “Pulim tugab qoldi” degan so‘zni aytgisi kelmasa, “Sichqonlar hassa tayanib yuribdi” yoki “cho‘ntakda shamol o‘ynayapti”, deydi. Yana allaqancha o‘xshatishlarni keltirib o‘tsa bo‘ladi, masalan, “Cho‘ntak ilma-teshik bo‘lib yotibdi”, “Kissani qoqlab, quritgani osib qo‘ydik”... Yoki, aytaylik, rahbar ichkarida majlis o‘tkazmoqda. Tashqaridagi odam tashqariga chiqqan kishidan so‘raydi: “Ichkarida havo qalay?”- “Havo yaxshi, quyosh charaqlab turibdi”. Yoki: “Shamol rosa esib, momaqaldiroq gumburlayapti. Do‘l yog‘sayam ajabmas”. Bu ibora tasir-tusir do‘l yog‘ishi ostida enkayib-bukchayib qolgan kishilarning vaziyatigacha namoyon qiladi.

Bir mahallar, qor momaqaldiroq bilan yog‘sa, “Qish bola tashladi” deyishgan. Qishning homilador bo‘lib, bola tashlashi aqlga sig‘adimi? U ajoyib iboraning yozda yomg‘ir yoqqanidagi “Bo‘ri bola tug‘di” shakli hozirgacha saqlanib qolgan.

O‘zbekiston bugun - turli urug‘-aymoqlardan iborat katta bir millatni birlashtirib turgan qudratli qo‘rg‘ondir. U urug‘-aymoq, to‘p va qo‘rlarning sanog‘ini hali hech kim to‘la aniqlab, risolalarga bitganicha yo‘q. Shu sababli ham o‘zbek tili turkiy tillar orasidagi eng qudratli va markaziy tildir, chunki uch katta urug‘ – qipchoq, qarluq va o‘g‘uz lahjasini o‘zida birlashtirgan. Shu sababdan ham o‘n asr avval yaratilgan “Devoni lug‘otit turk”ning aksar so‘zlari bizlar uchun tushunarli va oson. Biroq, tilimizning qudrati aynan shevalarimizda: har bir so‘zimizning o‘nlab sinonimlari lahjalarimizda yashirinib yotibdi.

O‘zbekistonda o‘n mingdan ziyod qishloq bor. Eng hayratlanarlisi – yonma-yon ikki qishloq shevasi bir-biridan farq qiladi, har birining o‘ziga xos so‘zlari ham bor. Har biridan o‘ntadan mustaqil so‘z chiqsa, yuz ming bo‘lmaydimi? Yigirmatadan chiqsa-chi? Men o‘z tug‘ilib-o‘sgan qishlog‘imda “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”ga kirmagan, mustaqil so‘z deb tan olinishga arziydigan o‘nlab so‘zlarni ayta olaman. Masalan, “Paymanchak”. U – suv olish uchun sohilni o‘yib qazilgan zinapoyadir. “Potmanchik” – kaltakesakning bir turi. “Tingshamoq” – bu tinglamoqning boshqa bir vaziyati, elas-elas tovushga diqqat bilan, anglab-anglamay quloq solish, yaʼni poylashni bildiradi. “Do‘qillamoq” – do‘q urishga yaqin tarzda gapirmoq. “Kandik” – suv oqimi hosil qilgan yoki sabzi solish uchun qazilgan o‘ra. “Po‘kka” – ko‘kqarg‘a, “Bo‘ka” – pashshaning bir turi, “Tuvadoq” – shilliqqurt, “Eshaqalpoq” – qo‘ziqorinning bir turi va hokazo. Bu-ku kichkinagina, bor-yo‘g‘i mingtacha hovlisi bor qishloqda yashirinib yotgan so‘zlar. Muhtasham tariximiz atamalarda ham ko‘rinib qoladi. “Jalayer” degan qishloq bor, bilmagan kishi “O‘sha yerda jala ko‘p yog‘sa kerak-da” deb qo‘yaqoladi. Axir, u “jaloyir”-ku? Jangovar jaloyir urug‘i u maskanlarga qachon kelaqolibdi? O‘yrot-chi? Do‘rmon-chi? “Yaypan” ham urug‘ nomi bo‘lib chiqdi, yana qanaqa urug‘ deng? Bu nom ikki ming yil burun Chin mamlakati elchisining o‘z xoqoniga yuborgan maktubidan chiqib keldi.

Tilshunoslik fanida “arxaik”, yaʼni eskirgan so‘zlar degan tushuncha bor. Bir qancha ming so‘zimiz o‘sha “Arxaik” degan qamoqda yotibdi. Kimdir atay u so‘zlarga “eskirgan”, yaʼni, “avvalgi zamonlarning so‘zlari, bugungi zamonamizga to‘g‘ri kelmaydi”, deb tamg‘a urib, qamab qo‘yganday. “Tarilg‘a”, “dubulg‘a”, “uzangi” degan so‘zlar eskirgan va isteʼmoldan chiqqan emish. Balki u so‘zlar bugun yangi libos qiyib, yana xizmatda davom etar? Quruvchilar kiyadigan “kaska”ning muqobilini topolmay xunobmiz, xo‘sh, uni dubulg‘a desak asakamiz ketadimi? Quvurlarni tutib turadigan beldamchini “uzangi” desak-chi? Yana hazrat Navoiyga murojaat qilamiz: u zot “Muhokamat-ul-lug‘atayn” asarida bugun arxaik deb bilinadigan yuzlab so‘zlarni misol qilib keltiradi:

“Nechunkim, turk so‘zlarining tuzuvchisi asru ko‘p vaqtda mubolag‘a izhor qilib, andakkina anglashilgan maʼnolar uchun so‘zlar vaʼz qilibdurki, biluvchi kishi to aytgan gapini aniq-ravshan qilmasa, ishonib ham bo‘lmas. Andoqki, mana ular:

Usharmoq - ushatmoq, bo‘laklamoq, sindirmoq;

Jiyjaymoq, jinjaymoq - (teri va go‘shtga nisbatan ishlatiladi), issiqda tirishib qolmoq, qattiq kuyib, yuz terisining bir tomonga tortilib qolishi, yeb bo‘lmaydigan darajada pishib, kuyib ketish;

O‘ngdaymoq - o‘nglanmoq, yo‘lga tushib ketmoq, yurishib ketmoq, tuzalmoq, sog‘aymoq, o‘ngalmoq;

Do‘msaymoq - qilg‘iliqni, ayb ishni qilib yana bir chekkada qovoq solib o‘tirish, to‘saymoq.

O‘xranmak - tovush bo‘g‘ilib qolgan bo‘lsa­da baqirmoq, kekirdak cho‘zmoq.

Toriqmoq - ichi, yuragi siqilmoq, ko‘nglini qorong‘u bosishi, ilojsizlikdan hech joyga sig‘maslik kayfiyati; zerikmoq, ziq bo‘lmoq.

Igranmak - dard bilan yashirin ichdan yig‘lamoq, ingramoq, dardi ichida bo‘lib  o‘ksib yig‘lamoq. ovunmoq, ko‘nmoq, andarmon bo‘lmoq, kelishmoq,

Sig‘riqmoq - sig‘indi bo‘lmoq, sig‘riqi­sig‘indi, birovni uyida haq to‘lamay xizmatini qilib yashamoq. Yashirinmoq, pisimoq, biqinmoq;

Qingg‘aymoq - hamma narsani bilib turib bilmaslikka olib, bir  chekkada  biror  narsaga ishqalangandek suyanmoq, qiyshayib turish, bezrayish, ovsarlanish;

Shig‘aldamoq - ko‘zining o‘ynab turishi, ko‘zining jizillab turishi;

Buxsamoq - bo‘g‘riqib, nafasi ichiga tushib, yutoqib, baqirib, qizarib yig‘lash.

Tomshimoq - tamshanmoq, ovqatni, suyuqlikni yutib bo‘lgandan keyin yegan­ichgan narsasining o‘ta mazaligini xis etgan holda yutinib qo‘yish, qultumlab-maydalab ichish;

Sipqormoq - simirmoq, idishni bir ko‘tarishda ichidagi suyuqlikni yuqiniyam qoldirmay ichish...” va hokazo.


***


Shu tariqa, butun dunyoda turkiy tillarning o‘zagi bo‘lishga arziydigan qudratli til bilan birgamiz, jonajonmiz.

Davlat madhiyamizda, “Ulug‘ xalq qudrati jo‘sh urgan zamon”, degan misra bor. Mamlakatimiz rahbari o‘z maʼruzalarida bir necha marta ushbu satrni tilga olib o‘tdi. Ulug‘ xalq qudrati nima ekanini esa, har kim o‘zi fikr yuritib, mulohaza qilsa, ushbu iborada xalqimizning bir qancha ulug‘ jihati ko‘zga tashlanib turganini ko‘ra oladi. Bundan ikki ming yil avval, yaʼni eramizdan avvalgi ikkinchi asrda Chin xoqoni, Xan sulolasining oltinchi imperatori U-Di qo‘shini yurtimizga bostirib keladi. Tabiiyki, bosqinchi bosib olingan mamlakatlarga o‘z hukmini, tili va madaniyatini singdirishga urinadi. Biroq Chin voliylari va ular bilan birga kelgan oilalar turkiy uluslar orasida uzoq turisholmaydi, oradan yillar o‘tib, o‘z-o‘zidan yo‘qolib ketishadi. Bosqinchilar bilan birga kelgan o‘zga til borasida ham shunday bo‘ladi: ulardan bor-yo‘g‘i bir nechtagina so‘z qoladi, xolos. Eramizdan avvalgi ikkinchi ming yillikdan to yettinchi asrgacha chin sulolalari turkiy madaniyatga taʼsir o‘tkaza olmagani haqiqatan ham noyob hodisa. Chunki bu holat turkiy ruhiyatning qanchalar qudratli ekanini ko‘rsatib turadi. Ha, Chin xoqonining askari behisob, o‘zi kuchli edi, ammo qarang, nima qoldi ulardan?

Tarix sakkizinchi asrda Shosh yaqinida tabg‘achlar bilan juda katta urush bo‘lganidan, lashkarboshi Kultegin boshchiligidagi ko‘kturklar qo‘shini yordamga kelganidan hikoya qiladi. Qiziq, uch ming chaqirim olisdagi Kultegin nechun Shosh eliga yordamga keldi ekan? Qadimgi O‘rxun-Enasoy bitiklaridagi mana bu parchaga diqqat qarating:

 “Xoqon otini bunda biz berdimiz! Singlimizni berdimiz. O‘zi yozin edi, xoqoni o‘ldi, buduni qurug‘ kul bo‘ldi. Ko‘gman yeri suvsiz-egasiz qolmasligi uchun Az, Qirg‘iz ulusini etib-yaratib keldimiz. Chopishdik... elini yana berdimiz. Ilgari Qodirqon yish osha, budunni ancha qo‘ndirdimiz, ancha etdimiz!”

Asl matndagi aynan shu “-miz” qo‘shimchasi boshqa bironta turkiy tilda uchramaydi. To‘satdan Toshkentning Qang‘li mahallasida va Namanganning Uychi tumanida shu shevaga duch kelamiz. Bu esa yana bir qiziq taxmin sari yetaklaydi: zulm kishanlarini parchalab, qudratga kirgan ko‘kturklar davlatining ildizlari rostdan ham ona yurtimizda ekan-da?

Qolaversa, dunyoning eng qadimgi dostoni – “Gilgamish” (“Bilgamish”)dagi so‘zlarni ham misol qilib keltirish mumkin. Marhamat: shumer tilida “az” – bizning tilimizda “oz”, “baba” – “bobo”, “er” – “er” (askar), “dayim” – “doim”, “olti – olti”, “ul – ul (o‘g‘il), “men” – “men”, “sen” – “sen”, “o‘z” – “o‘z” (o‘zlik), “yeshik” – “eshik”, “jov” – “yov”, “jer” – “yer”, “olti” – “olti”, “cho‘lpon” – “cho‘lpon” (yulduz), “chibin” – “chivin”, “qon” – “qon”... “jo‘l” – “yo‘l”, “jarig‘” – “yorug‘”... va hokazo.

“Ey ulug‘, ey qutlug‘ el!”, degingiz keladi. Shuncha o‘rnaklarni yaratib qo‘yibsan, dunyoga dars beribsan, yana kamtaru xoksorsan!

Shuncha bilimni tilimiz bag‘ridan olayotganimizga qarang!


***


Yigirmanchi asrning mahdudlik yillari ona tilimizni shu darajada ezib tashladiki, tasavvur etish qiyin. Texnologik va iqtisodiy qudratga ega tillar unga zug‘um o‘tkaza boshladi. Ana shu zulm sababli, Qodiriy va Cho‘lpon davridan boshlab jadid bobolarimizning, ziyolilarning dardi ona tilni saqlab qolish bo‘ldi desak, haq gapni aytgan bo‘lamiz.

Aynan o‘sha yillarda Sharq tarixidagi uchinchi uyg‘onish davri uchun hamma sharoit yetilib kelgan edi. Jadid bobolarimiz o‘sha zulmat to‘zonlarida vaziyatni o‘nglashning birdan-bir yo‘li ilm-maʼrifatda deb bong urishgan, bu yo‘lga jonlarini tikishgan va shahid bo‘lib ketishgan edi.

Bir qarashda, keyingi bir-ikki asr oralig‘ida o‘nglanmas xatolar yuz berganday tuyulsada, xalqni birlashtiradigan ulug‘ bir yo‘lboshchiga juda katta ehtiyoj sezilgan, o‘shanday yo‘lboshchi bo‘lmagani uchun ham tarqoqlikka yuz burgan el ko‘z oldingizga keladi.

Ammo tilimiz zulm davrida ham o‘zligini baribiram yo‘qotmadi. Bekorga qaysar, o‘jar emasda! Sodda, ishonuvchan, to‘g‘ri xalq ko‘zlarini katta-katta ochib termilib turardi. Yangiliklar uning irodasini bukar, qudratiga ishonchini yo‘qotar, “biz zaif va ezilganmiz, rivojlanmay qoldik, boshqalar esa kuch-qudratda va ilmda o‘zib ketishdi”, deya o‘ksik ahvolga solar edi. Irodasi bo‘shroq kishilar esa boshqalarga taqlid qila boshlashdi, hamda ularning farzandlari o‘zgalar orasiga singib-yo‘qolib ketishdi. Ha, madaniyatlarning shunday jihati ham bor: o‘zga madaniyat kishi shaxsiyatini nahangday yutib yuboradi. Yangi dunyo bilan bo‘ylashish kerakligiga hammaning aqli yetib tursada, tamal darz ketib bo‘lgan, til bosqiniga ham bo‘ysunish lozim bo‘lib qolgan edi.

Biroq har yomonning bir yaxshi tarafi bor deyilganidek, zulm imperiyasi yenga olmagan va xalq ruhini saqlab bergan eng katta kuch – ona tilimiz bo‘lib chiqdi!

Bepoyon hududlardagi son-sanoqsiz kishilar o‘zga til qarshisida xoksor tursalar ham, o‘z tillarini g‘ayrishuuriy saqlab qolishga urinish ro‘y berdi. Ko‘chalar o‘zga tilli shiorlarga to‘lib-toshgan bo‘lsada, yot madaniyat muqaddas ostonaning ichkarisiga – oilaga baribiram kirib borolmadi. Zamona zayliga moslashgan kishilarni o‘z uyi ostonasidan o‘tgani hamono “o‘zbekchilik” degan o‘lmas madaniyat qarshi olardi. Xalq zulm davrida yangi tilni egalladi, u orqali dunyodagi o‘zgarishlaridan xabardor bo‘ldi, o‘ziga mosladi, ammo qalbiga – negiziga kirishiga aslo yo‘l qo‘ymadi. Endi xalqning o‘zi qahramonga aylandi. Vatan degan chegara ostonagacha surilib keldi, har uyning ostonasi vatan chegarasiga aylandi. O‘zga madaniyatni o‘z muqaddas ostonasidan o‘tishiga baribiram yo‘l qo‘ymadi. Yaʼni, isyon tilimizda ro‘y berdi.

Qaysarlikni ko‘ryapsizmi?

Yana juda ko‘p misollar keltira olamiz. Hatto tarixning turli davrlariga til qanotida safar qilsak ham bo‘ladi. Tilimizning o‘zi xalqimiz tarixidan so‘zlab turibdi.


***


Endi mana shu betakror, hech kimga o‘xshamaydigan go‘zal tilimiz olatasir zamonaviy dunyo bilan yuzma-yuz turibdi.

Sulton Husayn zamonasida turkiy tilni yuksakka ko‘tarishning badiiyatdan boshqa yo‘li yo‘q edi. Shunday tengsiz ishni hazrat Alisher Navoiy ado etdi. Uni sulton Husayn Mirzo “Turk tilining o‘lgan jasadiga Masih nafasi bilan ruh kiritdi va ul ruh topqonlarg‘a turkiy oyin va hunar kiyurdi...” deb ulug‘ladi.

Endilikda ona tilimiz shaʼnini yuksaltirish, nufuzi va mavqeуini oshirishga davlatimiz bel bog‘ladi. Misol uchun, avvallari dunyo miqyosidagi xalqaro tashkilotlarga hujjatlarimiz xalqaro tillardan birida yuborilar va unga gohida o‘zbekcha, gohida ruscha tarjima ilova qilinardi. Endilikda milliy davlatning yana bir o‘zak haq-huquqi tiklandi – dunyoning istalgan mamlakati bilan xalqaro shartnomalar o‘zbek tilida yoziladigan va kerak bo‘lgani taqdirda tarjimasi ilova qilinadigan bo‘ldi. Mana-man degan davlat rahbarlari ham endilikda o‘zbek tilida yozilgan hujjatga imzo chekishlari lozim bo‘ldi. Davlat organlari xizmatchilari davlat tilini bilishlari shart qilindi va bu boradagi bilimi darajasini sertifikatlash tizimi yo‘lga qo‘yildi. Eng asosiysi – zamonaviy terminlar, atamalar, iboralar, fan va texnika yutuqlarini tilimizga olib kirishday ulkan ishga nafaqat tilshunoslarimiz, balki barcha ilg‘or sohalarning olimlari jalb qilindi, mumtoz adabiyotimizdagi kalimalardan to huquq, ilm-fan, iqtisodiyot, qishloq xo‘jaligi, sanoat, mudofaa kabi turli sohalarda qo‘llaniladigan termin va atamalar lug‘atlarini yaratish ishlariga safarbar etildi.

Qolaversa, davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev o‘z maʼruzalarida davlat tilining nufuzi va mavqeуini tiklashga bag‘ishlangan jarayonlarning ahamiyatiga to‘la-to‘kis to‘xtalib, o‘zbek tili turkiy tilli mamlakatlararo markaziy til bo‘lishga loyiqligini isbotlab berdi, Birlashgan Millatlar Tashkiloti assambleyasining yig‘ilishida tarixda birinchi marta ona tilimizda nutq so‘zlab, bu borada barchaga xayrli va ibratli o‘rnak ko‘rsatdi.

Davlat tilida ish yuritish, joy nomlari, peshlavha va reklama mahsulotlari o‘zbek tilida bo‘lishi shart qilib qo‘yildi. Bu shubhasiz, til o‘zligini saqlab qolish uchun qo‘yilgan eng qutlug‘ qadamlardan biri bo‘ldi. Mamlakatni taraqqiy ettirishning birdan-bir to‘g‘ri yo‘li – zamonaviy ilmlarni va ish yuritish usullarini puxta egallash, olimlar iqtidorini to‘g‘ri yo‘naltirish, yoshlarning salohiyatlarini ro‘yobga chiqarish va xalq salomatligini mustahkamlash deb belgilandi.

Albatta, til shaʼnini yuksakka ko‘tarish davlatninggina ishi emas. Qilinadigan ko‘p ish bor, qolaversa, o‘z tiliga bepisand qaraydigan allaqancha kishilarni insofga chaqirish masalasi ham turibdi. Shuningdek, ona til shon-shavkatini yuksaltirish hanuzgacha badiiy adabiyotning eng ulug‘ vazifalaridan biri bo‘lib qolmoqda va albatta shunday ham bo‘ladi. Xalqlar o‘zlarida bunyod etilgan yangiliklar bilan bir qatorda ilmiy kashfiyotlari va albatta ijod namunalari bilan faxrlanishadi. Shu jihatlar bilan birga, muhtasham Adiblar xiyobonining barpo etilishi, Yozuvchilar uyushmasi uchun mamlakat timsoli bo‘lish Milliy bog‘da Adiblar xiyoboni, Toshkent tarixi muzeyi va Oliy majlis binosi qatoridan yangi, zamonaviy bino tortiq qilinishi, shu bilan birga, mamlakatda kitob o‘qishni, ilm olishni rag‘batlantirish kabilar “Milliy tiklanishdan milliy yuksalish sari” degan azim g‘oyaning ro‘yobga chiqishiga qaratilgani, shubhasizdir.

Bugungi davlat tilimiz, o‘zbek tilimiz turli-tuman uluslarimizning barchasini yagona qo‘rg‘on ichida tutib turibdi. Urflarimiz, odatlarimiz, tushunchalarimiz, eʼtiqodimiz, tariximiz, bugunimiz va kelajagimiz shu shonli til va el bag‘rida ko‘z qorachig‘iday saqlanib kelinmoqda.

2020-yilda “O‘zbek tili bayrami kuni” mamlakatimizda birinchi marta nishonlandi. Endilikda O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbek tili bayrami kuni haqida”gi qonuni imzolanib, davlat bayrami tusini oldi. Vazirlar Mahkamasi Davlat tilini rivojlantirish departamenti tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar qatorida “Qadring baland bo‘lsin, ona tilim!” xalqaro tanlovi eʼlon qilindi. Ushbu tanlovga alohida to‘xtalib o‘tish lozim, chunki avvalboshda mamlakat miqyosida o‘tkazilishi mo‘ljallangan tanlov o‘z-o‘zidan xalqaro tanlovga aylanib ketdi, unda tilimizning AQSHdan Yaponiyagacha bo‘lgan hududlardagi yuzlab do‘stlari o‘z ishlari va tadqiqotlari bilan qatnashishdi.

Endilikda o‘zbek tilini xalqaro til darajasiga ko‘tarishday juda katta bir ishning boshida turilibdi. Buning uchun til boyligi ham, tarixiyligi xam yetarli. Tilimizda bugungi kunda qarayob 50 million kishi so‘zlashadi va uni qarayb 300 million kishi tushuna oladi. Vorislik masalasiga kelsak, bu jihatdan ham mutlaqo kamchiligimiz yo‘q: olam aro eng chuqur ildizlarga ega, yaratuvchi xalqlardan biri shubhasiz, o‘zbek xalqidir.

Yangidan-yangi bunyodkorlik ufqlari sari yo‘l ochaylik deyilayotganining, buning uchun zarur bo‘lgan barcha ishlarni amalga oshirishga bel bog‘langanining sabablaridan biri ham shunda: tilimizning viqori, qudratini ko‘z-ko‘z qilish uchun madhiyamizda, “Ulug‘ xalq qudrati jo‘sh urgan zamon”, deya eʼtirof etilgan va davlatimiz rahbari bir necha marta kishilar diqqatini qaratgan ulug‘ qudrat jo‘sh urishi kerak.

Bu ishning ro‘yobga chiqishida esa mamlakatimiz olimlari, adiblari va ziyolilar qatorida, barcha vatandoshlarimiz kamarbasta bo‘lishadi, albatta.

 

Isajon SULTON,

Innovatsion rivojlanish vaziri maslahatchisi,

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi

"Yangi O'zbekiston" gazetasidan olindi

25.01.2021 674