"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Mintaqa davlatlari o‘rtasidagi munosabatlar tub burilish kasb etmoqda

Mamlakatimiz Prezidentining Oliy Majlisga Murojaatnomasida 2021-yilda mamlakatimizning tashqi siyosatini amalga oshirishda Markaziy Osiyo davlatlari bilan ustuvorlik davom ettirilishi maʼlum qilindi. Bu davlatimiz olib borayotgan ochiq, pragmatik va amaliy tashqi siyosatni inobatga olib hamda uzoq muddatli strategik maqsadlarimizdan kelib chiqqan holda Tashqi siyosiy faoliyat konsepsiyamizning takomillashtirilishini anglatadi. Xalqaro tajriba ham eng avvalo, o‘z mintaqasidagi qo‘shnilari bilan do‘stona va samimiy munosabatlar o‘rnata olmagan mamlakat yakkalanib qolishini ko‘rsatdi. Murakkab pandemiya sharoiti esa bir-birimizga qanchalik bog‘liq va kerak ekanimizni yana bir bor namoyon etdi. Bu ijobiy jarayonlarni chuqur o‘rganish va yanada rivojlantirish maqsadida joriy yilda Toshkent shahrida Markaziy Osiyo xalqaro instituti tashkil etildi. Maqsad — Markaziy Osiyoni tinchlik va barqarorlik, chinakam taraqqiyot va rivojlanish markaziga aylantirish.

Buning isboti o‘laroq, uch yil muqaddam Toshkent viloyati faollari oldida qilgan chiqishida davlatimiz rahbari shunday degan edi: “O‘zbekiston va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida so‘nggi 25 yil ichida to‘plangan ulkan muz bor. Bu muz erishi uchun qo‘shni davlatlar bilan hamkorlikda ko‘pgina ishlarni amalga oshirishimizga to‘g‘ri keladi”.

Ochig‘ini aytish kerak, o‘tgan to‘rt yil ichida Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan mintaqaning barcha mamlakatlari bilan yuqori darajadagi tashriflar amalga oshirildi. Mazkur tashriflar davomida Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun o‘zaro manfaatli bo‘lgan xavfsizlik, iqtisodiyot, investitsiya, madaniyat va ekologiya masalalari bo‘yicha qarorlar qabul qilindi.

Natijada tarixan qisqa vaqt ichida O‘zbekiston va mintaqa mamlakatlari o‘rtasidagi munosabatlarning yaxshi tomonga burilishiga sabab bo‘lgan ulkan o‘zgarishlar ro‘y berdi. Aytish mumkinki, Markaziy Osiyoning barcha mamlakatlari bilan yaxshi munosabatlar qaror topdi. 2016-yilga qadar bo‘lgan muammolar bugun butunlay bartaraf qilindi. Mintaqa davlatlari rahbarlari o‘rtasida siyosiy muloqot, Prezidentlar o‘rtasidagi shaxsiy ishonch mustahkamlandi.

Tashabbuslarning amaliy natijalari

Bugun aytish mumkinki, mintaqaning barcha mamlakatlari bilan savdo aylanmasida misli ko‘rilmagan o‘sish kuzatilmoqda. 2019-yil natijalariga ko‘ra, Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan tovar aylanmasi 5,2 milliard dollarga yetdi. Faqat koronavirus pandemiyasi 2020-yilning ko‘rsatkichlariga biroz manfiy taʼsir ko‘rsatgan bo‘lishi mumkin.

Agar 2016-yilgacha O‘zbekistonning mintaqa mamlakatlari bilan yillik tovar aylanmasi o‘rtacha 100-150 million dollarni tashkil etgan bo‘lsa, 2019-yil natijalariga ko‘ra, barcha mamlakatlar bilan tovar aylanmasi o‘rtacha 50 foizdan ko‘proqqa o‘sgan. Tovar aylanmasi Qirg‘iziston bilan 8 baravar, Tojikiston va Turkmaniston bilan 5 baravar, Qozog‘iston bilan esa 1 milliard dollarga o‘sdi.

Ko‘rsatkichlar bu bilan cheklanmaydi. O‘zbekistonning Markaziy Osiyo mamlakatlariga nisbatan ochiq, konstruktiv, puxta o‘ylangan va pragmatik siyosati natijasida suvdan foydalanish, O‘zbekiston va qo‘shni davlatlar o‘rtasidagi davlat chegaralarini delimitatsiya va demarkatsiya qilish, transport kommunikatsiyalaridan foydalanish, davlat chegaralarini kesib o‘tish kabi murakkab va chalkash muammolarga yechim topildi. 2017-yil 5-sentabrida Prezidentimizning Qirg‘izistonga davlat tashrifi chog‘ida mazkur davlat bilan, 2018-yilning 10-mart kuni Tojikiston bilan chegara shartnomasi imzolandi. Natijada chegara punktlaridagi barcha cheklovlar olib tashlandi. Agar 4-5 yil ilgari o‘zbek-qirg‘iz davlat chegarasini kuniga 200-300 kishi kesib o‘tgan bo‘lsa, pandemiyagacha bu ko‘rsatgich kuniga 30 mingdan oshdi. Tojikiston bilan shartnoma imzolangandan keyin avval “qulf urilgan” barcha 17 ta chegara punkti to‘liq ishlay boshladi. Mana, O‘zbekiston va qo‘shni davlatlar o‘rtasidagi munosabatlarda qanday o‘zgarishlar yuz bergan.

Eslatishning hojati bo‘lmasa kerak. 2016-yilgacha O‘zbekistonni Markaziy Osiyoning integratsiya jarayonlaridagi “to‘sqinlik yaratuvchi davlat” sifatida taʼriflashgan bo‘lsa, bugun bu “yorliq” O‘zbekistondan butunlay olib tashlandi. Chunki bugungi kunda davlatimiz rahbarining tashabbuslari bilan O‘zbekiston mintaqadagi integratsiya jarayonlarini faol ilgari surmoqda. Aytish mumkinki, O‘zbekiston va Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi munosabatlar o‘zaro hurmat, o‘zaro manfaatlarni hisobga olingan holda rivojlanmoqda. Munosobatlarimizning ushbu uchta ustuni barcha muammolarni hal qilishda muhim rol o‘ynaydi.

Prezidentimizning Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari Maslahat uchrashuvlarini o‘tkazish tashabbusi hamkorlikning dolzarb masalalarini muhokama qilish va mintaqaning barqaror rivojlanishi uchun yangi imkoniyatlarni izlashda muhim maydon bo‘ldi. Mazkur maslahat uchrashuvi katta istiqbolga ega, chunki ushbu uchrashuvda Markaziy Osiyoning barcha mamlakatlari ishtirok etmoqda. Ilgari bunday sammitlarga mintaqaning u yoki bu davlati turli bahonalar ostida ishtirok etmasdi.

2018-yil 15-martda Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan birinchi uchrashuvning asosiy natijasi mintaqaning barqaror rivojlanishi uchun yangi imkoniyatlarni izlash va Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi munosabatlarni yaxshilash bo‘ldi. Ikkinchi Maslahat uchrashuvi Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 2019-yilning 29-noyabr kuni Toshkentda bo‘lib o‘tdi. Toshkent uchrashuvidan so‘ng Markaziy Osiyo mamlakatlarining yaqinlashuvi qaytarib bo‘lmas jarayonga aylandi. 29-noyabr kuni bo‘lib o‘tgan oxirgi uchrashuv natijalariga ko‘ra, barcha davlat rahbarlari bilan qo‘shma bayonot imzolandi. Ushbu hujjatda Markaziy Osiyoning besh davlati rahbarlari o‘rtasida xavfsizlik, savdo-iqtisodiy hamkorlik, turizmni rivojlantirish, yoshlar siyosati bo‘yicha barcha kelishuvlar mavjud bo‘lib, tabiiyki, Afg‘oniston masalasi ham ko‘tarilgan. Chunki Markaziy Osiyoning barcha mamlakatlari uchun Afg‘oniston muammosini hal qilish juda muhimdir. Bugungi kunda Markaziy Osiyo uchun asosiy tahdid Afg‘onistondan keladi.

Afg‘oniston — mintaqaning ajralmas bo‘lagi

O‘zbekistonning mintaqaviy tashqi siyosati haqida gap ketar ekan, yana bir muhim yo‘nalish — bu shubhasiz, Afg‘onistondagi vaziyatdir. Davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, Afg‘oniston Markaziy Osiyo mintaqasining bir qismi hisoblanib, ikki mamlakat xalqlari asrlar davomida yagona madaniy-sivilizatsion makonda yashab kelgan. Taʼkidlash kerakki, hozirda dunyo hamjamiyatida Afg‘onistonda tinchlikni o‘rnatishga qaratilgan saʼy-harakatlarning sezilarli faollashuviga turtki bergan hodisa, bu — 2018-yil mart ­oyida Toshkentda Afg‘oniston bo‘yicha o‘tkazilgan xalqaro konferensiyadir. Anjuman yakunida qabul qilingan Toshkent deklaratsiyasi Afg‘oniston hukumati va “Tolibon” harakati o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri tinchlikparvar muzokaralarni zudlik bilan boshlash zarurligi bo‘yicha mintaqaviy va global darajadagi yagona pozitsiyani namoyish etdi. Bu qadar samarali tashabbusni qudratli davlatlar ham ilgari surolmagandi.

Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlikni taʼminlashda O‘zbekiston tashqi siyosatidagi ustuvor maqsad bu, shubhasiz, Markaziy Osiyo davlatlari bilan ushbu yo‘nalishda keng qamrovli harakatlarni amalga oshirishdir. O‘z navbatida, so‘nggi yillarda Markaziy Osiyodagi yangi mintaqaviy hamkorlik Afg‘oniston masalasida ham yagona pozitsiya shakllanishiga olib keldi. Xususan, Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining 2019-yil Toshkent shahrida o‘tkazilgan ikkinchi Maslahatlashuv uchrashuvlari doirasida qabul qilingan Qo‘shma bayonotda barcha davlatlarning Afg‘onistonda tinchlikni o‘rnatish manfaatdorligi aks ettirildi. Bunda mintaqa davlatlari Afg‘onistonni Markaziy Osiyo savdo-iqtisodiy va infratuzilmaviy loyihalarga jalb etish bo‘yicha saʼy-harakatlarni davom ettirish muhimligini taʼkidlab o‘tishdi. Eng asosiysi, Toshkentning Afg‘oniston yo‘nalishidagi yangilangan siyosati va tashabbuslari butun Afg‘onistonda — mamlakat aholisi, rasmiy hukumat, turli siyosiy kuchlar tomonidan munosib kutib olinmoqda.

O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi munosabatlarning faollashuvi natijasida ikki tomonlama savdo-iqtisodiy aloqalar ham sezilarli darajada yuksaldi. Xususan, ikki davlat o‘rtasidagi savdo aylanmasi 2019-yilga kelib, 617 million AQSH dollarini tashkil qildi. Bu 2015-yilga nisbatan 28 foiz yuqoridir. Savdo-iqtisodiy aloqalarning faollashuvi transport-logistika sohasiga ham ijobiy taʼsir ko‘rsatdi. Misol uchun, 2019-yilga kelib, temir yo‘l orqali yuk tashish hajmi 10 foiz oshib, 1,1 million tonnaga yetdi. Ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlik energetika sohasida ham jadallashmoqda. Xususan, O‘zbekiston Afg‘onistonga elektr energiyasini yetkazib berish haj­mini 2002-yilga nisbatan 30 baravarga oshirdi. Ikki tomonlama munosabatlarning muhim yo‘nalishlaridan yana biri, bu — afg‘onistonlik malakali kadrlarni tayyorlash masalasidir. Ushbu maqsadda 2018-yil Termiz shahrida Afg‘oniston fuqarolarini o‘qitish markazi ochilib, 136 nafar afg‘onistonlik talaba o‘qishni yakunladi. Ushbu bitiruvchilar Afg‘oniston parlamenti, vazirlik va idoralarda faoliyat ko‘rsatyapti. Hozirgi kunda Termizdagi o‘quv markazida 172 nafar afg‘on talabasi tahsil olmoqda. Eʼtiborga molik jihati shundaki, ularning 46 nafari afg‘onistonlik qizlar.

Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatilishi ikki marta quruqlik bilan o‘ralgan O‘zbekistonning transport-kommunikatsiya imkoniyatlarini oshiradi. Janubiy Osiyo mamlakatlari bilan savdo-sotiq aloqalarimiz kengayadi. Dunyoning iliq portlariga chiqishning qisqa yo‘li paydo bo‘ladi. 2021-yili Toshkentda mintaqamizning Janubiy Osiyo bilan munosabatlariga doir yuqori darajadagi xalqaro konferensiya o‘tkazish rejalashtirilayotgani ham bejiz emas. Hozirgi kunda Markaziy Osiyoni Hind okeani bilan bog‘laydigan Trans-afg‘on transport yo‘lagini barpo etish borasida dastlabki amaliy qadamlarni tashlandi. Bu loyihaning ro‘yobga chiqarilishi butun mintaqamizda barqarorlik va iqtisodiy o‘sishni taʼminlashga beqiyos xizmat qiladi.

Bejizga xalqaro ekspertlar O‘zbekistonning mintaqadagi, shu jumladan, Afg‘oniston yo‘nalishidagi tashqi siyosati mamlakatni investorlar uchun jozibador va xalqaro hamjamiyatda ishonchli hamkor sifatida gavdalanishiga sabab bo‘layotganini yozayotgani yo‘q. ­O‘zbekiston ichki va tashqi siyosatida olib borayotgan butkul yangicha islohotlar nafaqat mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotiga ijobiy taʼsir ko‘rsatyapti, shu bilan birga O‘zbekistonning xalqaro maydondagi muhim davlatlardan biri sifatida tan olinishiga olib kelmoqda.

Suv masalasidagi muammolar yechim topdi

Bir vaqtlar suv masalasida O‘zbekiston urush olib borishga tayyorligi borasida tahdidli bayonotlar yangragan edi. Ammo Prezidentimizning uzoqni o‘ylab olib borayotgan tashqi siyosati qo‘shnilar bilan asriy do‘stligimizni tikladi va mustahkamladi. Shavkat Mirziyoyev o‘z siyosati bilan dunyo siyosat maydonida urushlarga barham beruvchi global siyosatchi sifatida tarixga kirdi. To‘g‘ri, O‘zbekiston Markaziy Osiyodagi suvning katta qismidan foydalanadi, chunki bizning aholimiz va iqtisodiyotimiz juda katta. Mintaqada suvga talab doimiy ravishda o‘sib bormoqda: aholi ko‘paymoqda, iqtisodiyot kengaymoqda, sanoat va qishloq xo‘jaligi rivojlanmoqda. Boshqa tomondan, suv manbalari kamayib bormoqda. Lekin shunday sharoitda qo‘shnilar bilan til topisha oldik. Bugun O‘zbekistonning ochiq va konstruktiv siyosati tufayli muammo barham topdi. Yodingizda bo‘lsa, Amudaryo va Sirdaryoning yuqori oqimida joylashgan Tojikiston va Qirg‘izistonda baʼzi obyektlarning qurilishi, masalan Tojikistonda Rog‘un GESi yoki Qirg‘izistonda Qambarota-1, Qambarota-2 GESlarining qurilishiga uzoq vaqt davomida qarshilik ko‘rsatildi. O‘zbekistonning yaxshi qo‘shnichilik siyosati tufayli ushbu savollar olib tashlandi.

Markaziy Osiyoda quriladigan barcha obyektlar qo‘shni davlatlarning manfaatlarini inobatga olgan holda qurilishi zarurligini kelishib olindi.

Pandemiya — hamkorlikka to‘siq bo‘lolmaydi

Koronavirus pandemiyasi xavfiga qaramay, bugungi kunda mintaqa mamlakatlari o‘rtasida faol hamkorlik mavjud. Davlat rahbarlari doimiy ravishda telefon orqali muloqot qilishadi. 2020-yilning o‘zida O‘zbekiston Prezidenti mintaqa davlat rahbarlari bilan 40 marta suhbatlashgani fikrimizni isbotlaydi. Xalqimizda shunday maqol bor: “Do‘st boshingga kulfat tushganda bilinadi”. Koronavirus infeksiyasi tarqalishining dastlabki kunlaridanoq mamlakatlar bir-biriga ijtimoiy yordam ko‘rsatishni boshladilar. O‘zbekiston Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Afg‘oniston va Tojikistonga yordam yubordi. Bunga javoban Qirg‘iziston va Tojikiston singari qo‘shnilarimiz Sardoba suv omborini tiklash uchun insonparvarlik yordamini ko‘rsatdilar. Yaratilgan do‘stlik, qardoshlik va yaxshi qo‘shnichilik muhiti pandemiya sharoitida Markaziy Osiyo mamlakatlari va umuman, ular o‘rtasidagi munosabatlarni rivojlantirishga yordam beradi.

Shubhasiz, mamlakatlarimiz hozirgi ko‘rsatkichlar bilan cheklanib qolmaydi. Yangi vazifalar haqida gapirar ekanmiz, davlatimiz rahbarining 29-dekabr kuni parlamentga yo‘llagan murojaatida mamlakat tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlarini belgilab berganini aytish joiz. O‘zbekiston tashqi siyosatining birinchi ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida Markaziy Osiyo mamlakatlariga nisbatan konstruktiv siyosatni ishlab chiqish va davom ettirish belgilandi. Tabiiyki, biz bugungacha bo‘lgan munosabatlarni rivojlantirishni, mintaqaning barcha mamlakatlari bilan siyosiy muloqotni kuchaytirishni va iqtisodiy hamkorlikka katta ahamiyat berishni davom ettiramiz. Qozog‘iston bilan savdo hajmini 5 milliard dollarga, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston bilan 1 milliard dollarga yetkazish vazifasi qo‘yilgan.

Bir so‘z bilan aytganda, O‘zbekiston tashqi siyosatidagi o‘zgarishlar mamlakat rahbari tomonidan to‘planib qolgan muammolarni hal qilishga kompleks yondashilayotganini ko‘rsatadi. Bu o‘zgarishlarni xalqaro hamjamiyat ijobiy kutib oldi va eʼtirof etmoqda. Shubhasiz, bularning barchasi 2021-yilda yanada ko‘proq manfaatli hamkorlik uchun asos bo‘lib xizmat qiladi. O‘zbekiston tashqi siyosatidagi islohotlar Markaziy Osiyo mamlakatlari hamkorligini kuchaytirishning muhim ko‘rsatkichiga aylandi. Mintaqa tobora tarqoqlikdan hamkorlik sari intilmoqda. Istiqbolda biz yanada tub bunyodkorlik jarayonlariga guvoh bo‘lishimiz mumkin. Binobarin, mintaqani umumiy qadriyatlar, madaniyat, din va tarix birlashtirib turadi. Shu maʼnoda, mintaqa xalqaro maydonda o‘zini yangi bir shakl-shamoyilda namoyish etish, o‘z imidjini yaxshilab olish, chet el investitsiyalarini yanada ko‘proq jalb qilish imkoniga ega. Zero, bular barcha mamlakatlar manfaatlariga xizmat qiladi.


Abdug‘affor QIRG‘IZBOYEV,

tarix fanlari doktori, professor

"Yangi O'zbekiston" gazetasidan olindi

25.01.2021 724