"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

NAVOIY DAHOSIGA EHTIROM

Bashariyat tamadduni, xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimizning maʼnaviy kamol topishida yuksak tarbiyaviy ahamiyatga ega bo‘lgan Alisher Navoiy asarlari o‘rni va roli har tomonlama beqiyosdir. Zero, ezgulik va hayot mazmunini o‘zinnig ohangdor satrlari, falsafiy fikrlari, teran tashbehlari, go‘zal so‘z sanʼati bilan yorqin ifoda eta olgan Navoiydek shoir dunyoda kamdan-kam topiladi. Shuning uchun ham so‘z mulkining sultoni ibratli hayoti va asarlari asrlar osha xalqimiz qalbida, o‘zbek adabiyoti tarixida hamon barhayot siymo darajasida yashab kelmoqda.  Shuning uchun ham daho shoir, buyuk mutafakkir, so‘z mulkining sultoni yaratgan bebaho asarlar butun dunyo ahli o‘ziga rom etib, yuksak eʼtirofga sazovor bo‘lib kelayapti. Bu, qalbimizga cheksiz g‘urur bag‘ishlaydi.

Bugun Navoiy bobomizning sharafli hayot yo‘li, jumladan 100 ming misra sheʼrni yod olgani, 100 ming misra sheʼriy satrlar yaratishdagi serqirra ijodi, davlat arbobi sifatida 373 tadan ortiq bunyodkorlik ishlarini amalga oshirgani haqida to‘lqinlanib gapirar ekanmiz, avvalo, mutafakkir tomonidan yaratilgan va asrlar osha xalqimizning adabiy merosiga aylandi. Mutafakkir bobomizning serqirra ijod namunalari, shoh asarlari, nodir devonlari, bebaho g‘azal va dostonlari, ohangdor satrlari, betakror so‘z sanʼati asrlar osha o‘z mazmun va sayqalini yo‘qotmay, ulkan maʼnaviy merosimiz yoki adabiyotimiz gultojiga aylanib, xalqimizni, shu jumladan, yoshlarimizni to‘g‘rilik, ezgulik va komillikka daʼvat etib kelmoqda. Avliyolar avliyosi, mutafakkirlar mutafakkiri, shoirlar sultoni bo‘lgan, millatimiz sharafini ko‘klarga ko‘targan, yurtimiz dovrug‘ini butun olamga tarannum etgan ulug‘ allomamizning mashhur 52 ming misradan ortiq “Xamsa”, 42 ming misradan ortiq “Xazoyin ul-maoniy”, “Mahbub ul-qulub”, “Muhokamat-ul lug‘atayn”, “Lison-ut tayr”, “Tarixi mulki Ajam”, “Majolis un-nafois”, “Mezon ul-avzon” va boshqa shoh asarlari har jihatdan yuksak ahamiyatga,  qudratli kuch va jozibaga egadir.

Adabiyotimizning tengsiz namoyondasi haqli ravishda millatimiz g‘ururi va sharafini butun dunyoga keng tarannum etgan o‘lmas so‘z sanʼatkoridir. U qoldirgan noyob merosni har tomonlama chuqur o‘rganish, ilmiy-ijodiy faoliyatini ochish, faoliyati va ijodini keng targ‘ib etish har birimiz uchun ham farz, ham qarz. Chunki har birimiz, yoshlarimiz tafakkuriga yurtga muhabbat, sadoqat, kabi chin insoniy fazilatlar bolaligimizdan Navoiy asarlari bilan kirib keladi. Biz bu bebaho merosdan xalqimizni, ayniqsa, yoshlarimizni qanchalik ko‘p bahramand etsak, jamiyatimizda ezgu insoniy fazilatlarni kamol toptirishda shunchalik qudratli maʼrifiy qurolga ega bo‘lamiz.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston yoshlari forumida: “Kelgusi yili buyuk bobomiz Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligini sizlar bilan keng nishonlaymiz. Yoshlarimizga hazrat Navoiy ijodini chuqur o‘rgatishni tizimli yo‘lga qo‘yish muhim ahamiyatga ega. Alisher Navoiy asarlarining bugungi yoshlar tushunadigan ixcham namunalarini yaratib, turli mobil ilova va elektron dasturlar ishlab chiqish kerak”, degan daʼvati barchamizni to‘lqinlantirib yubordi.

Navoiy kon-metallurgiya kombinatida davlatimiz rahbarining tashabbusiga javoban birinchilardan bo‘lib, chora-tadbirlarni ishlab chiqildi. Unga ko‘ra, buyuk mutafakkir ijodidan saralangan yoshlar  va jamoatchilik vakillari uchun moʻjazgina risolasini o‘n ming adadda chop etish, shu yilning 20-22-yanvar kunlari taniqli navoiyshunos olimlarni jalb etgan holda korxona bo‘linmalarida maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlari o‘tkazildi. Mazkur navoiyxonliklarga yurtimizning taniqli navoiyshunos olimlar - Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti kafedra mudiri, filologiya fanlari doktori, professor Nurboy Jabborov, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti dotsenti, filologiya fanlari doktori Olimjon Davlatov, O‘zbekiston Milliy universiteti kafedrasi dotsenti, filologiya fanlari doktori Shahlo Hojiyeva, Navoiy davlat pedagogika instituti dotsenti, filologiya fanlari nomzodi Tohir Xo‘jayevlar taklif etildi.

Ayniqsa, navoiyshunos olimlar Nurboy Jabborovning “Alisher Navoiy – komil shaxs, buyuk shoir va ulug‘ davlat arbobi”, Olim Davlatovning “Alisher Navoiy asarlarida bunyodkorlik g‘oyalarining talqini”, Shahlo Hojiyevaning “Alisher Navoiyning odob-axloq haqidagi qarashlari”, Tohir Xo‘jayevning “Navoiy hikmatlari talqini” mavzularidagi maʼruzalari konchi va metallurglar, yoshlar va keng jamoatchilik vakillariga yana-da zavqu shavq bag‘ishladi.

Navoiy shahridagi “Farhod” madaniyat saroyi, Zarafshon shahridagi “Oltin vodiy”, Uchquduq shahridagi “Uchquduq” madaniyat saroylari, Zafarobod qo‘rg‘onidagi “Yoshlik” madaniyat va sport markazlarida bo‘lib o‘tgan maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar, NKMK tarixi muzeyi, “Muruntov” koni uyushtirilgan press turlar, ommaviy axborot vositalari vakillari uchun matbuot anjumani, maʼnaviy-maʼrifiy ishlar bo‘yicha masʼul xodimlar uchun ilmiy-amaliy seminar, shuningdek, NKMK madaniyat saroylari, Navoiy davlat konchilik instituti va akademik litseyi, Uchuquduq shahridagi 10-sonli bolalar musiqa va sanʼat maktabi o‘quvchilari va isteʼdodlari tomonidan tayyorlangan kuy-qo‘shiqlar, sahna ko‘rinishlari tadbirlarning har tomonlama yuqori saviyada o‘tishini taʼminladi.

Navoiyxonlik tadbirlari 20-yanvar kuni viloyatimiz markazidagi A.Navoiy haykali poyiga gulchambar qo‘yish marosimi bilan boshlandi. Marosimda NKMK rahbariyati, poytaxtimizdan tashrif buyurgan taniqli navoiyshunos olimlar, kombinat yoshlar vakillari, Navoiy davlat konchilik instituti talabalari, shahrimiz umumtaʼlim maktablarining ona tili va adabiyot o‘qituvchilar qatnashishdi.

Navoiyshunos olimlar zarafshonliklar va uchquduqliklar huzurida ham bo‘lishdi. Pirovardida yubiley tadbirlari Zarafshon va Uchquduqda har yilgidanda shukuhliroq bo‘lib o‘tdi. Jumladan, Shimoliy kon boshqarmasining “Uchquduq” madaniyat saroyida ham bo‘lib o‘tgan buyuk mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligiga bag‘ishlangan tadbirda kon boshqarmasi ishchi-xizmatchilari, chekka va olis hudud aholisi va yoshlari vakillari ishtirok etishdi.

Navoiyning har bir asari, betakror satrlari insoniyatni ezgulikka chorlaydi. Shuning uchun ham bobomiz maʼnaviy merosini xalqimiz yuksak qadrlaydi va sevib o‘qiydi. Navoiy asarlari shunday bir tuganmas xazinaki, uni qancha o‘qigan sayin inson o‘zini qiziqtirgan, o‘ylantirgan savollariga javob topib boraveradi. Chunki Navoiyning har bir asari xalqqa qaratilgandir ahamiyatlidir. Buyuk shoirning qarashlari sharqona majoz bilan o‘ralgan va tafakkur sandig‘iga joylangan. Ular to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatib, bizni chin insoniy ruhda tarbiyalaydi.

Bir so‘z bilan aytganda, alloma hayoti va ijodi, eng muhimi, Hazrati Mir Navoiy qalbini anglash har birimiz uchun ham farz, ham qarz. Bu orqali har bir yurtdoshimiz, kitobxon tasavvufiy-falsafiy sirlardan voqif bo‘lishi, odamiylik saboqlarini olishi shubhasiz. Shu bois, Navoiy asarlarini hali ko‘p o‘qishimiz, anglashimiz kerak bo‘ladi.

Navoiyshunos olimlar dunyoga mashhur Muruntov” oltin koniga tashrif buyurishib, bu manzilda olib borilayotgan ulkan loyihalar, ishlab chiqarish jarayonlari bilan yaqindan tanishdilar.

- Men dunyoga mashhur “Muruntov” konida Hazrat Alisher Navoiyning asarlarida keng talqin etilgan haqiqiy Farhodlarni ko‘rdim. Besh yuz yil avval ularni madh etgan alloma qanchalik haq ekanligiga konchi va metallurglarning mehnati, faoliyatini ko‘rib tan berdim. Demak, biz bugungi zamon Farhodlarini, qahramonlarini mana shu yerdan, kombinatdan izlashimiz kerak ekan. Ularning toshu maʼdanlarni qazishdagi fidokorona mehnatlari, chinakam jasorati har qanday shon-sharafga arzigulikdir- taʼkidladi professor Nurboy Jabborov.

Navoiyxonlik kunlari Navoiy shahridagi “Farhod” madaniyat saroyida kombinat ishchi-xizmatchilari, yoshlar, Navoiy davlat konchilik instituti va akademik litsey o‘qituvchi-talabalari, jamoatchilik vakillari ishtirokida  maʼnaviy-maʼrifiy tadbiri bilan davom etdi. Navoiyxonlik kechasida taniqli olimlar alloma hayoti va ijodiga bag‘ishlangan maʼruzalari bilan ishtirok etishdi.

- Kombinat bo‘linmalarida uch kun davom etgan alloma yubileyi va ijodiga bag‘ishlangan tadbirlar har jihatdan yuqori saviyada, keng jamoatchilikning faol ishtirokida, ko‘tarinki ruhda bo‘lib o‘tdi. Men ham ushbu tadbirlarning tashkiliy  jarayonlarida ishtirok etganimdan faxrlanaman. Ayniqsa, gigant korxona Navoiy dahosiga bo‘lgan yuksak ehtirom ramzi sifatida tadbirlarni birinchilardan bo‘lib boshlab bergani har qanday maqtovga arzigulikdir. Mana hozirgina “Farhod” madaniyat saroyida bo‘lib o‘tgan maʼnaviy tadbir, ilmiy va falsafiy talqindagi ustozlarimiz maʼruzalari shaxsan mening, qadrli hamkasblarim, o‘quvchi-talabalar va barcha ishtirokchilar qalbida buyuk allomamizning ibratli hayot yo‘li, yorqin ijodi haqidagi taassurotlarimizni yana-da boyitdi, - deydi Navoiy davlat konchilik instituti akademik litseyining ona tili va adabiyoti fani o‘qituvchisi Raʼno Payzullayeva.

Bugungi kunda Navoiy dahosi va ijodiga doir hali qancha kashf etilmagan qirralar, ochilmagan jihatlar borligini, hali ko‘plab ilmiy izlanishlar, tadqiqotlar olib borish muhimligini, bir so‘z bilan aytganda, bu borada jamiyat va kelajak avlod oldida ko‘p qarzimiz borligini, allloma ijodini chuqur tadqiq etish bardavom bo‘lishini daxldorlik tuyg‘usi bilan har birimiz chuqur his etishimiz kerak. Buyuk tariximiz, ulug‘ allomalarimiz ijodini keng targ‘ib etish har birimizning muhim vazifamizdir.



Xolmamat RAUPOV,

Navoiy kon-metallurgiya kombinati

bosh direktori maslahatchisi

25.01.2021 742