- Bosh sahifa
- Yangiliklar
- «Senariy»mi yoki «ssenariy»? — «ц» tovushli so‘zlar imlosi
«Senariy»mi yoki «ssenariy»? — «ц» tovushli so‘zlar imlosi
O‘zbek-lotin
alifbosidagi matnlarda ko‘p uchraydigan xatolar o‘zbeklarga xos bo‘lmagan «ц»
harfi bilan bog‘liq. Filologiya fanlari
nomzodi, lug‘atshunos Ravshan Jomonov «ц» tovushli so‘zlar imlosi haqida batafsil maʼlumot berdi.
1940-yilda joriy
qilingan kirill alifbosi orqali o‘zbek tiliga «ц» degan tovush kirib kelgan. O‘shandan
buyon bu harfni kirill yozuvida qo‘llay boshladik.
1993-yilga kelib o‘zbek lotin alifbosining joriy etilishi bilan mazkur
harfni qanday ifodalash masalasi kelib chiqdi. 1993-yil 2-sentabrda qabul
qilingan o‘zbek lotin alifbosida «ц» o‘rniga «c» belgisi qabul qilindi. 1995-yilgi
o‘zgartirishlardan so‘ng mazkur harf o‘zbek lotin alifbosidan chiqarib
tashlandi.
Xo‘sh, buning sabablari nima? Birinchidan, «ц» tovushi o‘zbek tiliga xos tovush
emas, chunki «ц»
deganda «t» va «s» tovushlarini ajratibroq talaffuz etamiz. «Ц» esa qorishiq tovush hisoblanadi.
Ikkinchidan, bu harfni ifodalash uchun «t» va «s» harflaridan foydalanish
mumkin. Shundan kelib chiqib, 1995-yilgi
variantdan boshlab «ц»ni
lotin yozuvida 2 xil usulda yoza boshladik.
Birinchisi, «s» harfi bilan. Agar «ц» so‘z boshida va
oxirida kelsa, shuningdek, so‘z o‘rtasida undosh tovushdan keyin kelsa, «s»
bilan yozish mumkin. Bunda o‘zbeklar nutqiga xos talaffuz yuzaga keladi. Masalan,
·
Циркуль – sirkul, цирк – sirk;
·
герц – gers, абзац – abzas;
·
акция – aksiya, концерт – konsert kabi.
Ikkinchisi, «ц» harfi so‘z o‘rtasida ikki unli tovush orasida kelsa,
«ts» shaklida o‘girish kerak. Masalan, доцент – dotsent, акация – akatsiya, конституция – konstitutsiya kabi. Bu o‘rinda kirill va lotin o‘rtasida muvofiqlik bor.
Shu bilan birga, istisno holatlar borki, buni ham ko‘rib chiqish kerak. Masalan,
·
Антициклон – antisiklon, эпицентр – episentr,
геоцентрик – geosentrik.
Ushbu misollardagi «ц» ikki unli
orasida turgandek ko‘rinadi, lekin bu yerda nozik bir narsa bor. Bu so‘zlarning
o‘zagiga eʼtibor qilinsa, «циклон», «центр», «центрик» – so‘zlarning
o‘zagi, «анти», «эпи» ва «гео» esa old
qo‘shimcha, yaʼni prefiks deb qaraladi. Shuning uchun bu o‘rinlarda «ц»ni ikki unli orasidagi emas, balki so‘z boshidagi deb
qarash kerak.
·
сценарий – senariy;
Bu so‘zning imlosi alohida ahamiyatga ega. Chunki
kirill yozuvida rus tilidagi shaklni to‘liq ko‘chirib olganmiz. Uni lotin
yozuvida ko‘pincha «ssenariy» tarzida xato yozamiz. Vaholanki,
birgina «s» bilan yozish kifoya. Bu bilan o‘zbekona talaffuzni saqlab qolamiz
va noo‘ng‘ay talaffuzdan qutulamiz.
Biz o‘zbeklar odatda
yozilganiday o‘qiydigan xalqmiz. Bu kabi so‘zlar shaklan emas, balki talaffuzga
muvofiq yoziladi.
·
пицца – pitsa.
Tilga yangi so‘zlar doim
kirib keladi, o‘zlashadi, baʼzisi esa chiqib ketadi. Shulardan biri — пицца. Italyan va boshqa yevropa tillarida boshqa shaklga
ega. Biz rus tili orqali qabul qilganimiz sababli kirill yozuvida ikkita «цц» bilan yozamiz. Lekin talaffuzda «ts» deb aytamiz.
Shunday ekan, o‘zbek lotin alifbosida birgina «t» va «s» bilan yozish
kifoya: pitsa.
Bu kabi so‘zlar ona tilimizga istasak-istamasak kirib
kelaveradi. Faqat ularning talaffuzga mos va qoidalarga to‘g‘ri shaklini
yozishimiz kerak.
Yigitali Mahmudov
“kun.uz” saytidan olindi