"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Alisher Navoiy adabiy merosiga Yaponiyada qiziqish katta

O‘zbekistonning Yaponiyadagi elchixonasi Tokio xorijiy tillar universiteti (TXTU) va Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti bilan hamkorlikda buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligiga bag‘ishlangan veb-seminar o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Onlayn tadbirda ikki mamlakat professor-o‘qituvchilari, tadqiqotchilari va talabalar ishtirok etdi. 

Vebinarda keyingi yillarda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan O‘zbekistonning boy madaniy va adabiy merosini jahon miqyosida targ‘ib etishga alohida eʼtibor berilayotgani va Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligini keng miqyosda munosib nishonlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar taʼkidlandi.

Adabiy seminarda, shuningdek, Alisher Navoiy ijodida epistolyar janrning o‘rni va ahamiyati hamda «Farhod va Shirin», «Layli va Majnun» dostonlarida bosh qahramonlar qiyosi mavzuyidagi maʼruzalar taqdim etildi.

Tadbirda Tokio xorijiy tillar universitetining o‘zbek tilini o‘rganayotgan talabalari tomonidan Alisher Navoiyning g‘azal va ruboiylaridan namunalarni o‘qib berilgani ishtirokchilarga manzur bo‘ldi.

Ishtirokchilar hozirda koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq cheklovlarga qaramasdan ushbu tadbirni tashkil qilinganini yuqori baholadi.

Seminar yakunida Tokio xorijiy tillar universiteti va O‘zbekiston oliy taʼlim muassasalari bilan ilmiy-maʼrifiy hamkorlikni yanada kengaytirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

1873-yilda tashkil etilgan Tokio xorijiy tillar universitetining uch fakultetida til va madaniyat, xalqaro va mintaqaviy tadqiqotlar hamda yaponshunoslik chuqur o‘rgatiladi. Universitetda o‘zbek tili asosiy til sifatida 2009-yildan beri o‘qitilmoqda. Shu kunga qadar oliy taʼlim muassasasida o‘zbek tili bo‘yicha qator darslik, lug‘at va qo‘llanmalar tayyorlangan. Hozirgi vaqtda 50 dan ziyod yapon talabasi o‘zbek tilini o‘rganyapti, shuningdek, universitetda 12 nafar o‘zbek talabasi tahsil olmoqda.

Dunyo axborot agentligi

27.01.2021 642