"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Barchamiz uchun maʼnaviy bayroq

G‘azal mulkining sultoni Mir Alisher Navoiy insonlarni ikki toifaga – surat ahli va maʼno ahliga ajratgan. Surat ahli deganda, bilimi yuzaki, saviyasi past, ichki madaniyati yo‘q insonlar tushunilsa, maʼno ahliga – yuksak axloq, teran madaniyat, oliy tafakkur, mustahkam ichki intizom, sobit eʼtiqod va salim ruhiyat egalari kirgan.

Joriy yilning 19-yanvar kuni Navoiy nazdidagi ana o‘sha “maʼno ahli” – ziyolilarimizga dolzarb murojaat sifatida Prezidentimiz raisligida maʼnaviy-maʼrifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish, bu borada davlat va jamoat tashkilotlarining hamkorligini kuchaytirish masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Gapning ochig‘i, mazkur yig‘ilishda shu yurt kelajagiga o‘z taqdirini bog‘lagan fuqaro qatori anchadan beri mening ham “tilim uchi”da turgan va boshqa ko‘plab maʼnaviy sohadagi muammolar yuksak minbardan turib kuyunchaklik va iztirob bilan aytildi. Majoziy aytsak, bu borada “kasalliklar” qayd etildi, “tashxis” qo‘yildi va ularga “muolaja” sifatida bir qancha topshiriqlar berildi.

Yig‘ilish kuni yon daftarimga qayd etilgan, yaʼni yuragim “jiz” etgan hikmatli jumlalar borasida shaxsiy mulohazalarimni bo‘lishgim keldi.

Birinchisi, “Agar jamiyat hayotining tanasi iqtisodiyot bo‘lsa, uning joni va ruhi – maʼnaviyatdir”. Darhaqiqat, bu holatni inson organizmiga mengzasak, tanani ushlab turuvchi asosiy kuch – bu ruh va jondir. Ruh va jonsiz tana – murda, xolos. Shu o‘rinda xalq ichida mashhur “avval iqtisod, keyin siyosat” degan naql yodimga keldi. Ehtimol, kim uchundir bu hayotiy haqiqatdir, lekin menga qolsa “avval maʼnaviyat, keyin iqtisod, keyin siyosat” degan bo‘lardim. Chunki, maʼnaviyati yuksak jamiyatning iqtisodi o‘z-o‘zidan gullab-yashnaydi, siyosati oqilona yuritiladi. Madomiki, nurli istiqbolni xohlasak, biz uchun bundan boshqa yo‘l yo‘q.

Ikkinchisi, “Tan olishimiz kerak, barcha sohalar qatori maʼnaviy-maʼrifiy ishlarimizda hali ham yechimini kutib turgan, o‘zgarishlar shamoli kirib bormagan masalalar ko‘p”.

O‘zgarishlar shamoli... Shu so‘zlarni eshitdimu, beixtiyor shoir Shavkat Rahmonning

Kattaroq ochilsin barcha deraza –

Shamollatish kerak dunyoni biroz, degan hayqiriqli satrlari yodimga tushdi. Ha, maʼnaviy hayotimizdagi baʼzi “biqiq” tushunchalarni yo‘qotish uchun allaqachon aql “deraza”larimizni dunyoning musaffo havoli “kenglik”lariga ochib qo‘yishimiz kerak edi... Hali ham kech emas.

Uchinchisi, “Biz yaratayotgan yangi O‘zbekistonning mafkurasi ezgulik, odamiylik, gumanizm mafkurasi bo‘ladi”.

O‘zbekiston mafkurasi, nazarimda, xalqimiz irodasi – tarixi, buguni va kelajagi aks etgan umummilliy, jonfido shior asosida bo‘lishi kerak. Navoiy “Ayladim ul mamlakatni yakqalam” deganidek, bo‘lajak mafkuramiz – barchamizni maʼnaviy bayroq sifatida o‘z ostida birlashtirishi lozim. Davlatimiz rahbari boshchiligida ziyolilarimiz bilan yaqin pallalarda ana shunday mafkurani yaratishimizga ishonaman.

To‘rtinchisi, “... iqtisodiy kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha katta ish olib boryapmiz. Lekin maʼnaviy qashshoqlikni qanday qisqartiramiz?”.

Akademik Abdulla Aʼzamovning 2004-yilda “O‘zbekiston adabiyoti va sanʼati” gazetasida “Kitob o‘qimaydiganlarga foydasi yo‘q pandlar” nomli maqolasi eʼlon qilingan. Ishonmaysiz, mazkur maqola kaminaga azbaroyi maʼqul bo‘lganidan yodlab olganman. Unda yuqorida Prezident bergan savolga javob bo‘lgulik shunday satrlar bor: “Kitob o‘qish boy qiladimi? – Moddiy maʼnoda boyishga kafolat bermaydi, albatta. Lekin kitob o‘qimaslik maʼnaviy qashshoq qilishi tayin”.

Ha, maʼnaviy qashshoqlikni qisqartirish choralaridan biri, nazarimda, mazmuni tagdor kitoblar mutolaasidir.

Beshinchisi, “Bugun bolalarimizni ota-ona, bog‘cha, maktab yoki institut emas, aksariyat hollarda qo‘lidagi telefon “tarbiyalamoqda”, desak, buyam haqiqat. Mobil telefon endi oddiy aloqa vositasi emas, ko‘pincha yot mafkurani tarqatadigan qurolga aylanmoqda”.

Moziyga nazar tashlasak, birinchi telefon 1876-yilda buyuk olim Aleksandr Bell tomonidan ixtiro qilingan. O‘sha davrdan bugungi kungacha 145 yil o‘tdi. Mazkur vaqt ichida telefon misli ko‘rilmagan taraqqiyotni bosib o‘tdi va hamon insoniyatni hayratlantirishda davom etmoqda. Ayni paytda telefon nafaqat insonlarni o‘zaro bog‘lash, balki o‘nlab funksiyalarni bajaradigan eng yaqin dastyorga aylangani hech kimga sir emas. U hayotimizga shu darajada singib ketdiki, tasavvurimizda uni yo‘qotish moddiy tugul, maʼnaviy zararlarga olib keladigandek bo‘ldi. Qisqasi, insoniyat bu shapaloqdek “matoh”ga mute bo‘ldi qo‘ydi.

Kattalar o‘z yo‘liga, lekin bolalarimiz qo‘lidan tushmaydigan mobil telefonlar ularga ham jismoniy, ham maʼnaviy ziyon yetkazishini olimlar allaqachon isbotlab qo‘ygan. Eng qizig‘i, bolalarning telefon tutishini mutloq cheklab ham bo‘lmaydi. Chunki u birlamchi hayotiy ehtiyojlar ro‘yxatiga kirib bo‘lgan.

Unda nima qilish kerak? Menimcha, vaqti kelib, bolaga ota-ona tomonidan mobil telefon olib berilganda, undan foydalanish etikasini o‘rgatish, kerakli dasturlar ilovalarini yuklab berish va qatʼiy nazoratni yuritish kerak. Hozir ota-ona o‘z telefoni orqali farzandining qaysi saytlarga kirayotganini bilsa bo‘ladigan, uning yoshiga to‘g‘ri kelmaydigan saytlarga taqiq qo‘yadigan maxsus dasturlar chiqqan. Masalan, “Family link”. Ana shunday dasturlarning milliy variantini Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamkorlikda ishlab chiqqanlarida, bu yo‘nalishdagi katta bo‘shliq to‘ldirilgan bo‘lar edi va biz bolalarimizni virtual borliqda axboriy xurujlardan muhofaza qilishga muvaffaq bo‘lardik.

Davlatimiz rahbari tomonidan maʼnaviy sohada bu kabi qator og‘riqli nuqtalarga alohida urg‘u berildi. Shu bilan birga Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazining jamiyat ichidagi maqomini ko‘taradigan kompleks chora-tadbirlar birma-bir sanab o‘tildi, manzilli topshiriqlar berildi.

Maʼruzada eʼtiborga molik yana bir jihatni qayd etmasam bo‘lmaydi. Davlat rahbari yaratilayotgan Uchinchi renessansning beshta ustunini sanab o‘tdi. Ularni ramziy maʼnoda formulaga solsak quyidagi ko‘rinishda bo‘ladi:

Maʼnaviyat + uzluksiz taʼlim + davlat tili + kitobxonlik + din= Uchinchi renessans.

Eʼtibor bering, mazkur beshta muhim xalqaning uchinchisi – davlat tili. Bu bejiz emas, albatta. Chunki, maʼnaviyatning ildizi ona tiliga borib taqaladi. Xo‘sh, ona tilimizni rivojlantirish bo‘yicha qanday vazifalar aytildi?

Birinchidan, o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi maqomini amaliy jihatdan kuchaytirish. Bu borada o‘zbek tilining huquqiy poydevorini mustahkamlash uchun 10 dan ortiq meʼyoriy-huquqiy hujjatlar ishlab chiqilgan bo‘lsa, ilmiy salohiyatini rivojlantirish yo‘lida 10 ga yaqin adabiyotlar nashr etilib, taqdimoti o‘tkazildi. Shu bilan birga, davlat boshqaruv organlarida til bilan bog‘liq barcha meʼyoriy-huquqiy hujjatlar ijrosini og‘ishmay taʼminlash va nazorat qilish maqsadida rahbarlarning maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash masalalari bo‘yicha maslahatchilari tayinlanishiga erishildi. Aynan shu maslahatchilardan joylarda o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi maqomini amaliy jihatdan kuchaytirishga doir tashabbuskorlik va fidoyilik talab etiladi.

Ikkinchidan, xorijda va yurtimizda o‘zbek tilini o‘rganish bo‘yicha zamonaviy texnologiyalarni ishlab chiqish. Mazkur yo‘nalishda o‘zbek tilini xorijiy mamlakatlarda keng targ‘ib qilish, o‘zbek tilini o‘rganish istagidagi chet ellik fuqarolarga ko‘maklashishga mo‘ljallangan o‘zbek tilini o‘rgatuvchi “Uzbek-tili.uz” nomli onlayn platforma yaratildi. Uning mundarijasini shakllantirish bo‘yicha grant eʼlon qilindi. Hozirda g‘oliblar saralash bosqichida. Shuningdek, o‘zbek tilining milliy korpusi, yangi avlod o‘quv lug‘atlarini va ularning mobil ilovalarini yaratishga doir grant shaklidagi ilmiy loyihalar tanlovi ham eʼlon qilingan. Ushbu loyihalar yaqin istiqbolda mukammal amalga oshsa, ona tilimizning dunyo miqyosidagi muhiblari millionlarga yetishi, shubhasiz.

Uchinchidan, har yili 21-oktabr – O‘zbek tili bayrami arafasida chet ellik olimlar va adiblar ishtirokida “O‘zbek tili va adabiyotini jahon miqyosida targ‘ib etish: natija va vazifalar” mavzusida xalqaro ilmiy-maʼrifiy anjuman o‘tkazish. 2020-yil 20-oktabr kuni Alisher Navoiy nomidagi o‘zbek tili va adabiyoti universitetida “O‘zbek tilini dunyo miqyosida keng targ‘ib qilish bo‘yicha hamkorlik istiqbollari” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tgan edi. Mazkur anjuman 5 ta shoʻbada tashkil etilgan bo‘lsa, har bir shoʻbada mahalliy va chet ellik zabardast olimlar tomonidan ona tilimizning jahondagi nufuzi va mavqeyini oshirish tahliliga bag‘ishlangan o‘nlab maʼruzalar tinglangan edi. Endi esa bunday anjumanlarning har yili o‘tkazilishi va ular mavzusidagi o‘zbek tili yoniga adabiyoti ham qo‘shilgani ayni muddao bo‘ldi. Zero, milliy tilimizni milliy adabiyotimizdan ayro tasavvur qilib bo‘lmaydi.

So‘zim intihosida yana hazrat Navoiydan iqtibos keltirishni joiz topdim:

Ko‘ngildan jahl ranji dafʼin istasang gar, bordir

Navoiy bog‘i nazmi shakkaristonida ul gulqand.

Maʼnosi: ko‘nglingdan jaholat mashaqqatini daf qilmoqchi bo‘lsang – Navoiy sheʼriyat bog‘ining shakaristonidagi maʼno gulqandidan tatib ko‘r, vassalom.

Mubolag‘asiz, davlatimiz rahbari boshchiligida o‘tkazilgan maʼnaviyatga oid mazkur yig‘ilish – maʼno ahli uchun ana shunday “gulqand”lari serob murojaat bo‘ldi.

Rustam MIRVOHID,

Vazirlar Mahkamasining

Davlat tilini rivojlantirish

departamenti bosh mutaxassisi


"Yangi O'zbekiston" gazetasidan olindi

28.01.2021 600