"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Umummilliy, umumdavlat miqyosidagi vazifa

Ko‘hna tarix tajribasi el-yurtiga, vataniga sadoqatli, iymon-eʼtiqodi butun, mard va jasur, maʼnaviyati yuksak farzandlar jamiyatning chinakam boyligi ekanligidan dalolat beradi. Ana shunday noyob fazilatlarga ega avlodni tarbiyalab, voyaga yetkazayotgan xalq kelajagi porloq bo‘lishiga shubha yo‘q.

Ayniqsa, globallashuv deb atalmish shiddatli jarayon­lar kechayotgan, koronavirus pandemiyasi tufayli poyoni ko‘rinmayotgan iqtisodiy va moliyaviy inqiroz davom etayotgan, atrofimizda xavfli mojarolar ro‘y berib, “yot madaniyatlar ekspansiya”si bo‘y ko‘rsatib turgan bir paytda maʼnaviy va jismoniy barkamol avlodni voyaga yetkazish masalasi umummilliy, umumdavlat miqyosidagi vazifa bo‘lib qolayotganini yana bir marta taʼkidlab o‘tish o‘rinli bo‘lardi. Prezidentimiz raisligida 19-yanvar kuni maʼnaviy-maʼrifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish, bu borada davlat va jamoat tashkilotlarining hamkorligini kuchaytirish masalalari bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida yangi hayot qurish, rivojlangan davlatlar qatoriga chiqish yo‘lidan borayotgan mamlakatimizda bugun milliy g‘oya masalasi juda muhim ahamiyatga ega ekanini ko‘rsatdi. Maʼnaviy-maʼrifiy ishlarning yagona tizimini yaratish, xususan, o‘g‘il-qizlarni bolaligidanoq bilimli va fazilatli etib tarbiyalash, buning uchun maktabgacha taʼlim muassasalariga metodik yordam ko‘rsatish muhimligi alohida tilga olindi.

Barkamol avlod tarbiyasiga kecha yoki bugun eʼtibor qaratilayotgani yo‘q. Ayni masala Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev boshchiligida amalga oshirilayotgan islohotlarning maʼno-mazmuniga aylandi. O‘zbekistonda yosh avlod tarbiyasiga bunchalik ulkan ahamiyat va eʼtibor berilayotgani, Prezidentimizning har bir ­nutqi, har bir maʼruzasida yoshlar mavzusi tilga olinayot­ganining sababi nimada, degan savollar javobi, albatta, ertangi kun egalarini qiziqtirishi tabiiy.

Javob oddiy. Vatanimiz oldida turgan eng ezgu maqsadlar — mamlakatimizning buyuk kelajagi ham, ertangi kunimiz, erkin va farovon hayotimiz ham, O‘zbekis­tonning XXI asrda jahon hamjamiyatidan qanday o‘rin egallashi ham — bularning barcha-barchasi, avvalambor, yangi avlod, unib-o‘sib kelayotgan yoshlarning qanday insonlar bo‘lib voyaga yetishiga bog‘liqdir.

Bugun ko‘z o‘ngimizda sodir bo‘layotgan hodisalarning o‘zi hayotning achchiq haqiqatidan saboq chiqarishga undaydi. Bu achchiq haqiqat shundan iboratki, katta davlatlar o‘rtasida dunyoni, ulkan tabiiy resurs­larga boy o‘lkalarni taqsimlash “o‘yin”lari tinganicha yo‘q. Har bir to‘ntarish, har bir nizo va mojaro ortida u yoki bu davlatni mutelikka qaytarish intilishi yotganini mutaxassislar bejiz taʼkidlamayaptilar. Eng yomoni, yosh mustaqil davlatlarni tanlab olgan taraqqiyot yo‘lidan, orzu-maqsadlariga erishish, yangi jamiyat qurish yo‘lidan qaytarmoqchi bo‘lsa, avvalo, mustaqil dunyoqarashi shakllanib ulgurmagan yoshlarning qalbi va ongining mo‘rtligidan foydalanishga, ularning maʼnaviyatini buzish, muayyan xalqlarning tabiatiga, urf-odatlari, qadriyatlariga begona g‘oyalar bilan chalg‘itib, o‘zining g‘arazli niyatlarini amalga oshirish yo‘lida qurol qilib olishga urinayotganini sezish uchun katta siyosatchi bo‘lish shart emas. Rivojlangan mamlakatlarda irqchi va millatchi yoshlar harakatining urchib borayotgani, ular dastidan katta yoshlilarning ko‘chalarga chiqishga qo‘rqib qolgani, Sharq mamlakatlari yoshlari hayotiga faxsh, zo‘ravonlik, nomussizlik, andishasizlik kabi yot qusurlarning kirib kelayotgani ertangi avlod tarbiyasiga eʼtiborni har qachongidan ko‘ra kuchaytirishni talab etadi.

Davlatimiz xavfsizligini taʼminlashning asosi — mamlakatimiz yoshlari. Yoshlar — bizning tayanchimiz, ertangi kundan umidimiz, savob ishlarimizning davomchilari deb ko‘p gapiramiz. Nafaqat xavfsizligimiz, shu bilan birga yurt tinchligi, vatan taraqqiyoti va xalq farovonligi g‘oyasining amalga oshishi, davlatimizning kelajakda barqaror bo‘lishi ham yoshlarimiz qanday shakllanishiga bevosita bog‘liq. Imoratning mustahkamligi uyning poydevoriga bog‘liq. Poydevor qanchalik baquvvat bo‘lsa, imorat ham shunchalik umrboqiy turadi. Zaif poydevor ustiga qurilgan har qanday muhtasham bino ham bir marta bo‘ron tursa bas, o‘sha zahoti qulab tushadi.

Mamlakatimiz poydevori esa, shubhasiz, aholisining 60 foizdan ko‘prog‘ini tashkil etgan yoshlardir. Yaqinda bo‘lib o‘tgan yirik tadbirlar – davlatimiz rahbarining Oliy Majlisga Murojaatnomasi, O‘zbekiston yoshlarining birinchi forumi hamda Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida ham yoshlar tarbiyasi, maʼnaviyat yo‘nalishidagi dolzarb vazifalar belgilab berildi. Chunki bu borada yechimini kutib turgan, o‘zgarishlar shamoli kirib bormagan masalalar ko‘p. Shu nuqtai nazardan, milliy g‘oyaning mohiyatini to‘liq anglab yetish, bu boradagi ishlarni takomillashtirish ustuvor vazifa. Shu bois Prezident mamlakatimiz mafkurasining asosiy g‘oyasiga yana bir bor to‘xtalib o‘tdi. Yaʼni, yaratilayotgan yangi O‘zbekistonning mafkurasi ezgulik, odamiylik, gumanizm g‘oyasi bo‘ladi. “Biz mafkura deganda, avvalo, fikr tarbiyasini, milliy va umuminsoniy qadriyatlar tarbiyasini tushunamiz. Ular xalqimizning necha ming yillik hayotiy tushuncha va qadriyatlariga asoslangan”, – dedi davlatimiz rahbari.

Sayyoramizda manfaat va boylik ilinjida olib borilayotgan mahalliy va ichki urushlar, etnik qirg‘inlar, ocharchilik hamda moliyaviy va iqtisodiy inqirozlar sabab yuzaga kelgan qiyinchiliklar oqibatida halok bo‘layotgan bolalar soni ortib bormoqda. Maʼlumotlarga ko‘ra, 2006-yildan boshlab yiliga dunyoda 10 millionga yaqin bola hayotdan bevaqt ko‘z yumadi. Qashshoqlik, ochlik, to‘yib ovqat yemaslik, sanitariya va tibbiy xizmat sifatining pastligi, ijtimoiy tengsizlik sababli ana shunday noxushliklar ro‘y bermoqda.

Shukurki, olib borilayotgan oqilona ichki va tashqi siyosat, mamlakatni demokratlashtirish bo‘yicha tanlab olingan modelning hayotiyligi tufayli biz ana shu og‘ir mashaqqatlarni ijtimoiy larzalarsiz yengib o‘tishga erishdik. Bugun taraqqiyotning “Yangi O‘zbekiston – yangicha dunyoqarash” degan haqiqatini keng jamoatchilik va xalqaro hamjamiyat eʼtirof etmoqda.

Hozir dunyoda ko‘rinmas yov – koronavirus hurujiga qarshi kurash ketyapti. Shunday bir og‘ir sharoitda, murakkab va keskin muammolarga to‘qnash kelayotganimizga qaramasdan, Prezidentimiz tomonidan milliy g‘oya targ‘iboti, maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish, jamiyatda adabiyot va kitobxonlikni yana-da rivojlantirish maqsadida “Ijod” jamoat fondi negizida Maʼnaviyat va ijodni qo‘llab-quvvatlash fondi tashkil etilishi qayd etilgani quvonarlidir. Bu jamg‘armaga 120 milliard so‘m ajratilib, maʼnaviy-maʼrifiy tarbiya va targ‘ibot-tashviqot ishlarini samarali amalga oshirish, milliy adabiyotimizni rivojlantirish uchun sarflanishi ko‘zda tutilmoqda. Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish maqsadida yana 200 milliard so‘m mablag‘ni sarflash rejalashtirilgan. Barcha hududlarda zamonaviy usulda Maʼnaviyat va maʼrifat maskanlari qurilishi, maʼnaviy-maʼrifiy ishlar namunali tashkil etilgan eng namunali tuman tanlovlarini tashkil etish yoki talabalar sonidan qatʼiy nazar respublikamizdagi barcha oliy o‘quv yurtlarida Yoshlar bilan ishlash va maʼnaviy-maʼrifiy masalalar buyicha prorektor lavozimining joriy etilishi rejalashtirilayotganligi bugungi kunda tom maʼnoda qahramonlik va matonatning namunasi, deb aytgimiz keladi.

Davlatimiz rahbari raisligida o‘tgan yig‘ilishda oliy taʼlim tizimida faoliyat ko‘rsatayotgan xodimlar – olimlar, o‘qituvchilarning jamiyat rivojidagi o‘rni haqida ham fikrlar bildirildi. Bugun taʼlim dargohlarida tarbiyaviy ishlarning olib borilishi hozirgi axborot zamoni talablariga javob bermasligi afsuslanarlidir. 

Prezidentimiz barcha tarbiyaviy jarayonlarda olimlarning ishtirokini taʼminlash bo‘yicha ko‘rsatma berdi. Ayniqsa, bu yo‘nalishdagi tashabbuslar orasida har bitta mahallaga bittadan ziyolilarni biriktirish taklifi o‘ziga xosdir. Bundan tashqari, davlat rahbarining oliy taʼlimda maʼnaviy-maʼrifiy ishlar bo‘yicha maxsus kengash tuzish taklifini kiritgani tizimdagi maʼnaviy muhitda tub burilish yasaydi.

Bolalarimiz telefon yoki internet orqali emas, buyuk ajdodlarimizdan meros bo‘lgan milliy qadriyatlarimiz, anʼana va urf odatlarimizning ibrati ila tarbiya topmog‘i lozim. Mana shu o‘rinda oliy taʼlim va umumiy o‘rta taʼlim tizimlari o‘rtasida ustoz va shogird anʼanalarini yo‘lga qo‘yish samarali natijalarni beradi. 

O‘zbekistonimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, koronavirus Inqiroziga qarshi choralar dasturlarining izchil ijrosi tufayli ham yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash imkoniyati beqiyos kengaydi. Ammo ayrim paytlarda xotirjamlikka berilayotganimiz, g‘aflat uyqusida yotganimiz tufayli maʼnaviyatimizga mutlaqo zararli bo‘lgan g‘oyalar chegarani buzmasdan, bildirmasdan xonadonimizga, jamiyatimizga kirib kelyapti. Shuning uchun mahallarimizda urush-janjal, bezorilik, ichkilikbozlik qiladigan yoshlar, oilaviy ajrimlar ko‘paymoqda. Bugun telekanallarimizda namoyish etilayotgan baʼzi ko‘rsatuvlar, ko‘ngilochar dastur va seriallarning maʼnaviy-ahloqiy saviyasi odamlarning haqli eʼtirozlariga sabab bo‘lyapti. Ularning aksariyati yoshlarimizning maʼnaviyatini yuksaltirish o‘rniga, tarbiyasini buzish, oilaviy qadriyatlar va ahloqiy qarashlarning buzilishiga olib kelishi mumkin.

Shuningdek, yig‘ilishda o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi maqomini amaliy jihatdan kuchaytirish, xorijda va yurtimizda uni o‘rganish bo‘yicha zamonaviy texnologiyalarni ishlab chiqish dolzarb vazifa ekanligi taʼkidlandi. Aytish kerakki, 2020-yil Prezidentimiz tashabbusi bilan birinchi marta o‘zbek tili bayrami umumxalq bayrami sifatida keng nishonlandi. Qo‘shni Afg‘oniston va boshqa davlatlarda o‘zbek tili bayramiga bag‘ishlangan katta anjumanlar o‘tkazildi. Endi bu ishlarni izchil davom ettirish, ona tilimiz targ‘iboti bilan yanada jiddiy shug‘ullanishimiz lozimligi tilga olindi.

Albatta, sog‘lom, maʼnaviyatli avlod tarbiyasi oson ish emas. U har bir inson, har bir oila, har bir siyosiy partiya va harakatdan, butun jamiyatdan jiddiy eʼtibor hamda uzluksiz mehnat talab qiladi. Ayniqsa, bugungi kunda — mafkuraviy kurashlar goh oshkora, goh pin­hona tus olgan hozirgi nozik, qaltis sharoitda bu nihoyatda dolzarb masala. 

Agar maʼnan va ruhan sog‘­lom, oqni qoradan, yaxshini yomondan ajrata biladigan, bu murakkab hayotning pastu baland ko‘chalaridan to‘g‘ri yo‘lni adashmay topa olishga qodir bo‘lgan barkamol avlodni tarbiyalab yetishtirish vazifasi uddalansa, fikri tiniq, eʼtiqodi sog‘lom bolalarimizda maʼnaviy immunitet hosil bo‘ladi. Va o‘z-o‘zidan soxta oqimlarga ergashtirish, pana-pastqamlarda pisib yotgan har xil chalasavod, johil odamlarning tuzog‘iga ilintirishga urinishlar barham topadi.

 

Abdug‘affor QIRG‘IZBOYEV,

Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish

departamenti mudiri, professor

"Yangi O'zbekiston" gazetasidan olindi

01.02.2021 623