"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

DAVLAT TILIMIZNI QO‘LLAB-QUVVATLAYLIK

Kecha rasmiy kanallarda, tarmoqlarda va internet xabarlarda ajoyib yangilik tarqaldi: lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga bosqichma-bosqich to‘liq o‘tishni taʼminlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hukumat qarori qabul qilindi va bu borada bajariladigan vazifalarni o‘z ichiga olgan “yo‘l xaritasi” tasdiqlandi:

Qaror bandlari davlat tilimizning nufuzi va mavqeyini oshirishga xalal berayotgan bir qancha holatlarga barham berishi bilan eʼtiborga molik.

Ushbu qaror yuzasidan ijtimoiy tarmoqlarda bahslar urchigandan-urchidi. Kimlardir shu alifbo yaxshi deb uqtira boshladi. Yana kimdir kirill yozuvi tuzuk edi, u yozuvdagi minglab manbalardan ayrilib qolamiz, deb xavotirlandi. Boshqasi katta avlodni o‘ylab qayg‘urdi: axir, kirill yozuviga o‘rganib qolganlar nima qiladi? Ikki avlod hozirgi alifboda savod chiqardi, agar alifbo takomillashsa, yaʼni harflar o‘zgartirilsa, bu avlodlarning holi ne kechadi, deb qayg‘urganlar ham bo‘ldi.

Lekin hech kim “Hechqisi yo‘q, urinib-tirishib chet tillarni o‘rganayotganlar qancha? Bir oz harakat qilsangiz, buniyam o‘rganib olasiz”, deganlar ham bo‘ldi.

Yana bir kishi gapning bo‘larini aytdi: “Shu ishni qilayotganlarga rahmat desangizchi! Shuncha yil hech kimning qo‘lidan bir ish kelmadiku? Endi qaddini rostlab, quvvatlanayotganida qo‘llab tursak bo‘lmaydimi? Soha endigina shakllanib, o‘z o‘zaniga tushayotgan bir paytda yana har kim har yoqqa tortqilayveradimi?”

Hatto hukumat qarori rasmiy bitikqog‘ozi lotin alifbosida, qaror matni kirillda yozilganiga shuncha istehzolar yog‘ildiki!

Hech kim aytmadi – hukumatning va bir qator davlat organlarining rasmiy xatqog‘ozi lotin yozuvidagi o‘zbek alibosiga o‘tibdi, barakalla. Qaror matni kirillda ekaniga kelsak: axir, qarorning nomidayoq “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga bosqichma-bosqich to‘liq o‘tishni taʼminlash chora-tadbirlari to‘g‘risida” deb qo‘ygan bo‘lsa! Mavjud alifboga o‘zgartirishlar kiritish masalasi muhokama qilinayotgan bo‘lsa, meʼyoriy hujjatlar ishlanayotgan, imlo qoidalari ishlab chiqilayotgan, ilmiy-lingvistik ekspertizaning tashkiliy-huquqiy asoslari belgilanayotgan, o‘zbek tili alifbosi va imlo qoidalari asosida transliteratsiyaga mo‘ljallangan axborot dasturiy taʼminotlar uchun yagona talab ishlab chiqilayotgan, internet tarmog‘idagi O‘zbekiston Respublikasi rasmiy veb-saytlari lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga to‘liq o‘tkazilishi ko‘zda tutilayotgan, O‘zbekiston fuqarosi shaxsini tasdiqlovchi guvohnomalar, ID-kartalar, fuqaroligi bo‘lmagan shaxs hamda chet davlat fuqarolarining yashash guvohnomalari takomillashtirilgan lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida bo‘lishi tartibi ishlab chiqilayotgan bo‘lsa?

Aslida, munosabat bildirishda mana shu takomillashtirilgan degan so‘zga eʼtibor berilsa yaxshi bo‘lardi. Mazkur alifbo ustida o‘nlab olim va mutaxassis ishlamoqda, tilimiz rivojiga befarq bo‘lmagan vatandoshlarimiz mavjud harflar o‘rniga qaysi harflarni tavsiya qilgan bo‘lar edilar? Mukammal o‘zbek alifbosi qanaqa bo‘lishi kerak? Bolalarga, xorijliklarga uni o‘rgatish uslubiyati qanday shakllantirilishi lozim? Qilinadigan juda ko‘p ishlar bor, bu borada ter to‘kayotgan olim va mutaxassislarimizning jamoatchilik ko‘magiga va fikriga ehtiyoji bor, albatta.

Quyidagilar esa, barchani birday quvontirgan bandlar, desak yanglishmaymiz:

- Mamlakatimizdagi joy, ko‘cha, atamalar, tashkilotlarning nomlari, peshlavhalar, ommaviy targ‘ibot vositalari, reklama va eʼlonlar to‘liq lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida yoziladi.

- Tashkiliy-huquqiy shaklidan qatʼi nazar, barcha tashkilotlarda ish yuritish hujjatlari va boshqa hujjatlar lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida ishlab chiqiladi, qabul qilinadi va eʼlon qilinadi.

Ziyolilar, muallimlar, ustozlar, tilimiz fidoyilari shuncha yillik orzusi emasmi bu?

Uning haqqoniy ro‘yobiga, yaʼni ko‘chalarimizda ona tilimizga eʼzoz namoyon bo‘lib turadigan, mamlakatning suv, havo va quruqlik davrozalarida davlat tilimizda so‘zlar yangraydigan, barcha shu tilni hurmatlaydigan, vatanimizga kelib-ketguvchi sayyohlaru mehmonlar xuddi o‘z tilining izzatini bilgan o‘lkalardagi kabi, tilimizni o‘rganib, shu yo‘l bilan O‘zbekistonga hurmatini izhor qiladigan kunlarga, Хudo xohlasa, juda yaqin qoldi.

Isajon SULTON,

Innovatsion rivojlanish vaziri maslahatchisi,

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi

12.02.2021 684