"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du
  • Bosh sahifa
  • Yangiliklar
  • Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosi keng jamoatchilik faolligi orqali amalga kiritiladi

Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosi keng jamoatchilik faolligi orqali amalga kiritiladi

1995-yil 21-dekabrda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining davlat tili haqida”gi qonuniga o‘zgartishlar va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun bilan davlat tilini izchil joriy etish jarayonini takomillashtirish va lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga mukammal o‘tilishini taʼminlash belgilab qo‘yilgan edi. Aynan shu yili o‘zbek tilining asosiy imlo qoidalari yaratilib, lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosi amaliyotga bosqichma-bosqich joriy etila boshlandi.

Oradan 26 yil vaqt o‘tdi. Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida taʼlim olishni boshlagan avlod bugun davlat va jamiyatning turli sohalarida, boshqaruv organlarida faol mehnat qilmoqda. Mamlakatimiz aholisining 60 foizdan ziyodini yoshlar tashkil etishini nazarda tutadigan bo‘lsak, bugun yurtimizda lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida ish yuritishga tayyor avlod shakllandi, deb bemalol aytishimiz mumkin.

Lekin o‘tgan yillar mobaynida lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida ish yuritish, barcha ish qog‘ozlari va harakatdagi hujjatlarning to‘liq lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida bo‘lishini taʼminlash yuzasidan qatʼiy talablar qo‘yilmadi. Ish yuritishda kirill va lotin yozuvining amal qilib kelishi, tabiiyki, noqulayliklar va jiddiy muammolarni keltirib chiqardi.

Hukumatimiz tomonidan 2021-yil 10-fevral kuni qabul qilingan “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga bosqichma-bosqich to‘liq o‘tishni taʼminlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan bu boradagi muammolarning bartaraf etilishi yuzasidan qatʼiy choralar belgilandi.

Yaqin muddatlarda lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga bosqichma-bosqich to‘liq o‘tishni taʼminlash bo‘yicha ishlab chiqilgan “yo‘l xaritasi”da jamiyatimizda mavjud bo‘lgan eng muhim ijtimoiy muammoning yechimiga qaratilgan ustuvor vazifalar belgilandi.

Jumladan, lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosining yangi tahriri asosida “O‘zbek tilining imlo qoidalari” tasdiqlanadi. O‘zbek tili alifbosi va yangi imlo qoidalari asosida transliteratsiyaga mo‘ljallangan axborot dasturiy taʼminotlar uchun yagona talab ishlab chiqiladi va amaliyotga joriy etiladi.

Turli vazirlik, idoralar va tashkilotlarning xodimlari, mustaqil o‘rganuvchilar uchun Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti huzurida faoliyat ko‘rsatayotgan Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazi hamda uning 13 ta hududiy bo‘linmasida lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosi, imlo qoidalari va davlat tilida ish yuritishni o‘rganish bo‘yicha o‘quv kurslari tashkil etiladi. Eʼtiborli jihati, o‘qish va o‘rganish istagida bo‘lgan aholi vakillarining bepul o‘qitilishi taʼminlanadi.

Uzluksiz taʼlim tizimining maktabgacha taʼlim bo‘g‘inidan boshlab bolalarning lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosi va yangi imlo qoidalari bo‘yicha savodxonligini shakllantirishga mo‘ljallangan ko‘rgazmali va tarqatma materiallar tayyorlash yo‘lga qo‘yilsa, umumiy o‘rta va o‘rta maxsus taʼlim muassasalari uchun o‘quv adabiyotlari, darsliklar to‘liq lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida nashr etiladi. Kirill alifbosida chop etilgan va kutubxonalarda saqlanayotgan adabiyotlarning lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosidagi elektron ko‘rinishlari bosqichma-bosqich yaratiladi.

Mamlakatimizda fuqaro shaxsini tasdiqlovchi guvohnomalar, ID kartalar, fuqaroligi bo‘lmagan shaxs hamda chet davlat fuqarolarining yashash guvohnomalarini takomillashtirilgan lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida bo‘lishini taʼminlash choralari ko‘riladi.

“Yo‘l xaritasi”da kirill yozuvidan lotin yozuviga savodli o‘giradigan dasturiy taʼminot hamda ularning mobil ilovalari yaratilishini rag‘batlantirish nazarda tutilgan bo‘lib, bu, o‘z navbatida, yoshlarni izlanishga va yangiliklar yaratishga undashi tabiiy.

Turli sohalar bo‘yicha atamalar, joy nomlari, kishi nomlari lug‘atlari va o‘quv lug‘atlarining tayyorlanishi, nashr etilishi va keng tarqatilishi aholining lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosi va yangi imlo qoidalarini tez va oson o‘zlashtirib olishiga xizmat qiladi.

Yurtimizning shahar va qishloqlarida, joy va ko‘chalar, tashkilotlar nomlari, peshlavhalar, ommaviy targ‘ibot vositalari, reklama va eʼlonlarning yangi tartibda yozilishini to‘liq taʼminlashda keng jamoatchilikning faolligi va har birimizning masʼulligimiz yaqin muddatlarda lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga to‘liq o‘tishimizda muhim omil bo‘ladi.

 

Odina JAMOLDINOVA,

Oliy va o‘rta maxsus taʼlim vaziri maslahatchisi


"Yangi O'zbekiston" gazetasidan olindi

18.02.2021 694