"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Inson huquqlarining umumjahon eʼtirofi

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashning 46-sessiyasida o‘z maʼruzalari bilan ishtirok etdi.

Bu davlatimiz rahbarining BMT minbaridan turib ikkinchi bor o‘zbek tilida nutq so‘zlashi. Dastlab, Prezident Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida o‘zbek tilida maʼruza qilgandi. Aynan o‘shanda prezidentimiz ushbu nutqi orqali ona tilimizning naqadar jozibali, ohangdor ekanligini butun dunyoga namoyon etgan edilar.

Inson huquqlari bo‘yicha kengash faoliyati butun dunyo bo‘ylab inson huquqlari himoyasini taʼminlashga qaratilgan BMT tizimidagi eng nufuzli hukumatlararo organlardan biri hisoblanadi. Kengashga 47 ta davlat aʼzo bo‘lib, o‘tgan yilning oktabrida O‘zbekiston 2021−2023 yillar davriga ushbu tuzilma aʼzosi etib ilk bor saylangan. Koronavirus pandemiyasi munosabati bilan kengashning navbatdagi yig‘ilishi Jeneva shahrida videoanjuman shaklida o‘tkazildi.

Davlatimiz rahbari ushbu chiqishida mamlakatimizda demokratik yangilanishlarni chuqurlashtirishning ustuvor yo‘nalishlari hamda mamlakatimizning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi doirasidagi faoliyatining asosiy yo‘nalishlariga to‘xtalib o‘tdi. Jumladan, 2030-yilgacha mo‘ljallangan Barqaror rivojlanish maqsadlari mamlakatda har bir insonning huquq va qonuniy manfaatlarini taʼminlashni ko‘zda tutadigan «hech kimni eʼtibordan chetda qoldirmaslik» tamoyili asosida amalga oshirilishi;

gender siyosati masalalari borasida mamlakatning ijtimoiy-siyosiy hayotida va ishbilarmonlik sohasida ayollarning rolini tubdan oshirishga qaratilgan ishlarni qatʼiy davom ettirilishi, O‘zbekistonda Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchi ayollarining muloqoti va xotin-qizlarning mintaqaviy biznes-forumini o‘tkazilishi;

nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risidagi yangi qonun kuchga kirganligi, O‘zbekiston Parlamenti tomonidan Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyani ratifikatsiya qilinishi kutilayotganligi va O‘zbekiston imkoniyati cheklangan shaxslarning o‘z qobiliyatini to‘la ro‘yobga chiqarish masalalari bo‘yicha Mintaqaviy kengash tuzishni taklif etganligi;

BMT shafeligida Yoshlar huquqlari bo‘yicha butunjahon konferensiyasini o‘tkazish, BMT Iqtisodiy va ijtimoiy kengashining o‘ninchi forumida Yoshlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya loyihasini taqdim etish, shuningdek, Yoshlar huquqlari bo‘yicha maxsus maʼruzachi institutini taʼsis etish masalasini kiritishga tayyorgarlik ko‘rilayotganligi;

O‘zbekiston Xalqaro mehnat tashkiloti va Jahon banki bilan hamkorlikda majburiy mehnat va bolalar mehnatiga barham berish bo‘yicha Bolalar Ombudsmani to‘g‘risidagi qonun qabul qilinishi;

«Inson huquqlari sohasida taʼlim» deklaratsiyasining 10 yilligiga bag‘ishlab Oliy komissar boshqarmasi bilan birgalikda global forum o‘tkazilishini taklif etilishi;

fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar sonini kamaytirish maqsadida o‘tgan yilda 50 ming nafar kishi O‘zbekiston fuqaroligiga qabul qilinganligi, bu yil yana 20 mingdan ziyod kishi fuqarolikka ega bo‘lishi haqidagi qator masalalar yuzasidan oliy minbardan turib so‘z yuritgan davlatimiz rahbari yurtimizda inson huquqlari borasida amalga oshirilayotgan islohotlar kelgusida yanada samarali davom etishini alohida taʼkidladi.

Aniq reja, qatʼiylik va uzoqni ko‘ra bilish salohiyatiga ega yurtboshimizning maʼruzasi yurtdoshlarimiz qalbida ishonch, orzu, umid olovini yoqdi. Bu esa mamlakatimiz ertangi taraqqiyoti, islohotlar samarasida muhim omil bo‘lib xizmat qilishi shubhasiz. Zotan, bugun davlat rahbarining oddiy xalq bilan xalqning orasida oddiy tilda so‘zlashayotgan xalqparvar sifatida, yurt ravnaqi, taraqqiyoti uchun yechim izlayotgan iqtisodchi sifatida, xalq farovonligi, insonlarning emin-erkin yashashlari uchun fidoyilik qilayotgan islohotchi sifatida, oliy minbarlarda turib shu yurtning porloq kelajagi uchun izlanayotgan siyosatchi sifatida olib borayotgan faoliyatini alohida eʼtirof etish, qadrlash va qo‘llab-quvvatlash lozim.

Mazkur anjumanda davlatimiz rahbari erishilgan natijalar bilan kifoyalanib qolmasdan, bundan buyon ham fuqarolik jamiyati institutlarini yanada rivojlantirish, O‘zbekistonda so‘z erkinligini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash qatʼiy maqsad qilinganini taʼkidlab o‘tdilar.

Shu bilan birga, BMTning din yoki eʼtiqod erkinligi, sudyalar va advokatlar mustaqilligi, qiynoqlarning oldini olish bo‘yicha milliy mexanizm joriy etish,  hamkorlikda ishlash maqsadida qiynoqlar masalasi bo‘yicha maxsus maʼruzachini O‘zbekistonga taklif etish haqidagi fikrlari inson huquqlari himoyasi borasida yurtimizda olib borilayotgan ishlar samarali yo‘lga qo‘yilganligini va biz bu borada haq so‘zni ayta olishimiz mumkinligini namoyon etdi.  

Prezidentimizning BMT minbaridan turib ilgari surgan g‘oya va takliflari dunyo jamoatchiligi tomonidan yuksak eʼtirofga sazovor bo‘lganligi esa inson huquqlarining umumjahon eʼtirofi sifatida barcha vatandoshlarimizni behad quvontirdi.

 

Gullola ISAKOVA,

Bandlik va mehnat munosabatlari

vazirining maslahatchisi

23.02.2021 553