"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du
  • Bosh sahifa
  • Yangiliklar
  • “O‘zbekistonda davlat tilida ish yuritish va uning ijtimoiy-siyosiy ahamiyati” mavzusida muloqot o'tkazildi

“O‘zbekistonda davlat tilida ish yuritish va uning ijtimoiy-siyosiy ahamiyati” mavzusida muloqot o'tkazildi

Bugun yangi O‘zbekiston, yangi Renessans poydevorini barpo etish haqida gapiryapmiz. Bu ezgu maqsadning ro‘yobi, hech shubhasiz, o‘zbek tili bilan bog‘liq.

Xo‘sh, biz asriy qadriyatlarimiz sarchashmasi, milliy tafakkurimiz darmoni bo‘lgan ona tilimiz taqdiri haqida nechog‘li qayg‘uryapmiz?

Bizning bugungi millat ona tilining qismati o‘zining, butun bir xalqning qismati ekanini anglayaptimi?

O‘zbek tilida ish yuritishning huquqiy asoslari, amaliy imkoniyatlari va ilmiy negizlari uning rivojlanishini taʼminlay oladimi?

Yurtimizda va xorijda o‘zbek tilini o‘rganishni targ‘ib qilish, darslik, lug‘at va qo‘llanmalar, video va audiomateriallar, zamonaviy o‘qitish uslublarini joriy etishdan davlatimiz va jamiyatimizga qanday manfaat bor?

Global muloqot sharoitida tillarning o‘zaro taʼsirini, ajnabiy so‘zlarning milliy axborot makoniga kirib kelishini tartibga solish kerakmi?..

Ha, savollar ko‘p va ular jiddiy.

AOKAda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti bilan hamkorlikda “O‘zbekistonda davlat tilida ish yuritish va uning ijtimoiy-siyosiy ahamiyati” mavzusida bo‘lib o‘tgan jonli muloqotda ana shunday jiddiy savollarga javob izlandi.

— O‘zbek tilining jahon maydonida, Internet tarmog‘ida munosib o‘rin egallashi yangi milliy kompyuter dasturlarini yaratish masalasi bilan bevosita bog‘liq, — dedi Davlat tilini rivojlantirish departamenti bo‘lim boshlig‘i Shaxobiddin Musayev. — Albatta, bu borada amaliy ishlar boshlangan. Davlat boshqaruvi, zamonaviy va innovatsion texnologiyalar, sanoat, iqtisodiyot, huquqshunoslik, diplomatiya, tibbiyot, arxitektura, qishloq xo‘jaligi kabi muhim sohalar faoliyatida to‘liq davlat tilida ish yuritishga o‘tilgani bu ishlarni yana-da jadallashtirishni taqozo etadi.

Muloqotda taʼkidlanganidek, ayni paytda yurtimizda birinchi navbatda taʼlim-tarbiya jarayonlari va OAV faoliyatining o‘zbek tilida olib borilishi eng muhim jihat hisoblanadi. Zero, ona Vatanga muhabbat va sadoqat — ona tiliga muhabbat va sadoqatdan boshlanadi.

 

F.Karimov,
Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar

agentligi direktorining maslahatchisi

aoka.uz

25.02.2021 71