"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du
  • Bosh sahifa
  • Yangiliklar
  • Davlat tilida ish yuritish va lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga bosqichma-bosqich o‘tishning dolzarb vazifalariga bag‘ishlangan seminar tashkil etildi

Davlat tilida ish yuritish va lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga bosqichma-bosqich o‘tishning dolzarb vazifalariga bag‘ishlangan seminar tashkil etildi

O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida davlat tilida ish yuritish va lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga bosqichma-bosqich o‘tishning dolzarb vazifalariga bag‘ishlangan seminar tashkil etildi. Unda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazi direktori, filologiya fanlari nomzodi, dotsent Inomjon Azimov o‘z maʼruzasi bilan qatnashdi.

Tadbirda vazirlik markaziy apparati xodimlari, hududiy bo‘linmalari vakillari esa videokonferensaloqa orqali ishtirok etdi.

Taʼkidlanganidek, mamlakatimizda “Milliy tiklanishdan — milliy yuksalish sari” degan ustuvor g‘oya asosida barcha sohada, jumladan, davlat tilining o‘rni va nufuzini oshirish bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar olib borilmoqda. Bu borada qator hujjatlar qabul qilinib, bosqichma-bosqich ijrosi taʼminlanyapti. Xususan, Prezidentimizning 2019-yil 21-oktabrdagi “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeyini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hamda 2020-yil 20-oktabrdagi “Mamlakatimizda o‘zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonlari o‘zbek tilining xalqimiz ijtimoiy hayotida va xalqaro miqyosdagi obro‘-eʼtiborini tubdan oshirish, yoshlarni vatanparvarlik, milliy anʼana va qadriyatlarga sadoqat ruhida tarbiyalash, yurtimizda davlat tilini to‘laqonli joriy qilishda dasturilamal vazifasini o‘tamoqda. 21-oktabr sanasi “O‘zbek tili bayrami kuni” etib belgilangani esa juda katta ahamiyatga ega tarixiy voqea bo‘ldi.

Maʼlumki, respublikamizda til siyosatini takomillashtirishdagi dolzarb masalalardan biri, shubhasiz, ish yuritishni davlat tilida olib borish va hujjatchilikni sifatli yo‘lga qo‘yish bilan bog‘liq. Maʼruzachi ayni shu xususda to‘xtalib, hujjatlar tuzish jarayonida ahamiyat qaratilishi zarur bo‘lgan muhim jihatlar haqida so‘z yuritdi. Ish yuritish amaliyotida ko‘p duch kelinadigan hujjatlar misolida ularni belgilangan talablar asosida to‘g‘ri yozish haqida tavsiyalarini bildirdi.

Til siyosati bilan bog‘liq ustuvor vazifalardan yana biri shundaki, 2021-yil 1-apreldan boshlab o‘zbek tili va adabiyoti bo‘yicha bilimni baholashning milliy test tizimi asosida rahbar kadrlarning davlat tilida rasmiy ish yuritish darajasi aniqlanadi hamda masʼul lavozimlarga tayinlanadigan shaxslar uchun davlat tilini bilish bo‘yicha daraja sertifikatlari beriladi.

Qolaversa, mamlakatimizda lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga bosqichma-bosqich to‘liq o‘tishni taʼminlash chora-tadbirlari ko‘rilmoqda. Bu borada 2021-yil 10-fevral kuni Vazirlar Mahkamasining 61-son qarori qabul qilindi. Seminarda shu yo‘nalishda kelgusida amalga oshirilishi zarur bo‘lgan ishlarga ham eʼtibor qaratildi.

Tadbir doirasida, shuningdek, Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti tashabbusi bilan tayyorlangan “Davlat tilida ish yuritish” qo‘llanmasining lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosidagi qayta ishlangan va to‘ldirilgan nashri taqdimoti ham o‘tkazildi.

Seminar qatnashchilari o‘zlarini qiziqtirgan ko‘plab savollarga javoblar oldilar.

 

Shavkat ORTIQOV,

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirining maslahatchisi

01.03.2021 562