"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

DAVLAT TILIMIZNING RAVNAQI YO‘LIDA

Shu kunlarda Vazirlar Mahkamasi Davlat tilini rivojlantirish departamenti mudiri, professor Abdug‘affor Qirg‘iboyevning kun.uz muxbiri Ilyos Safarovga bergan intervyusi ijtimoiy tarmoqlarda qizg‘in muhokama qilinmoqda.

Haqiqatan ham, bunday suhbat juda zarur bo‘lib, chunki kishilar orasida ushbu muhim masala yuzasidan turli-tuman savollar paydo bo‘lgan edi. Ushbu savollarga mamlakatda mazkur ezgu ishning ro‘yobga chiqishi uchun bevosita masʼul bo‘lgan davlat organi rahbarining javob berishi har xil munozara va taxminlarga chek qo‘yib, davlat tili nufuzi va mavqeyini yuksaltirish jarayonining xususiyatlari va ko‘lamini aniq bayon qilib berishi bilan ahamiyatga molik bo‘ldi. Departament rahbari o‘z javoblarida bir qancha o‘ta muhim jihatlarga to‘xtalib o‘tdi.

Suhbat asnosida yuz-yuz ellik yildan buyon yashab kelayotgan, bir paytlar jadid bobolarimizning orzusi bo‘lgan ushbu masalaning ahamiyatiga diqqat qaratilib, yangi O‘zbekistonning ravnaqida davlat tili borasidagi islohotlar juda katta qadam bo‘lishi taʼkidlandi.

Eng asosiysi – bu borada hukumatning qatʼiy azm va irodasi taʼkidlab o‘tildi. Shuncha yildan buyon hal qilinmagan muammo hukumat darajasiga olib chiqilib, prezidentning tashabbusi va hukumat boshlig‘ining saʼy-harakatlari bilan yaqin, o‘rta istiqboldagi va kelajakdagi keng miqyosli ishlar rejasi tuzib olinganiga to‘xtalib o‘tildi. Abdug‘affor Qirg‘izboyev mamlakat Prezidentining 2019-yil 21-oktyabr kunida kongresslar saroyida bo‘lib o‘tgan tantanali yig‘ilishda so‘zlagan nutqidan to shu bugungacha o‘tgan vaqt mobaynida amalga oshirilgan ishlar, xususan, Davlat tilini rivojlantirish departamentining tashkil qilinishi, uning vazifalari, rejalari, davlat organlari rahbarlarining Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash masalalari bo‘yicha maslahatchilari tizimining tashkil qilinishi va faoliyati, bu borada hukumat va departament tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar haqida batafsil maʼlumot berish bilan birga, barcha vatandoshlarimizni jonkuyarlikka va fidokorlikka chorladi.

Bundan bir necha kun avval poytaxtimizning Yoshlar ijod saroyida Bosh vazir o‘rinbosari boshchiligida o‘tkazilgan ochiq muloqotda ham davlat tili borasida “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga birdaniga o‘tib qo‘yaqolinsa bo‘lmaydimi” degan savol berilgan edi. Ijtimoiy masalalar, sog‘liqni saqlash, taʼlim, innovatsiyalar mavzusidagi muloqot chog‘ida davlat tili haqida savol berilishining o‘ziyoq kishilarimiz bu mavzuga qanchalar eʼtibor qaratayotganini bildiradi.

Shu o‘rinda ayni muammo bundan olti asr muqaddam o‘sha dolzarb bo‘lgani, shu sababli hazrat Alisher Navoiy ona tilimizda yaratgan sheʼriy-falsafiy xazinalar yodga keladi. Sulton Husayn Mirzo Alisher Navoiyning ushbu olamshumul ishiga “Turkiy tilning o‘lgan jasadiga Masih nafasi bila ruh kiyurdi” deb baho bergan edi. Aytish mumkinki, shunday hayotbaxsh jarayon bugun ham yuz bermoqda.

Suhbatda ayon bo‘lgani kabi, jahonning turli mamlakatlarida o‘zbek tilini o‘rgatish kurslari va “O‘zbek tilining do‘stlari” klublari aʼzolarining soni tobora oshib bormoqda, jahonning yigirmadan ziyod mamlakatida tilimiz go‘zalligi va boyligi borasida taqdimotlar bo‘lib o‘tmoqda. Mamlakatda rahbar xodimlarning davlat tilini bilish darajasi bo‘yicha imtihon topshirishi, lotin yozuviga asoslangan va takomillashtirilgan o‘zbek alifbosiga o‘tish muddatlarining belgilanganligi, imlo qoidalarining ishlab chiqilishi, lug‘atlar va davlat tilida ish yuritish qo‘llanmalarining nashr qilinishi, ilmiy-texnik atamalar va joy nomlari bo‘yicha alohida ishchi guruhlari faoliyat olib borayotgani, shuningdek, tegishli qonun va qonun osti hujjatlari loyihalari ustida qizg‘in ish olib borilayotganligi tilimiz ravnaqi borasidagi ulkan va xayrli ishlarning natijasidir.

 

Isajon Sulton,

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi,

O‘zbekiston Respublikasida

xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi

08.03.2021 521