"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Oʻttiz yillik tayyorgarlik....

Ijtimoiy tarmoqlar, qolaversa butun jamiyatdagi muhokamalarni koʻrib, oʻqib, eshitib oʻzbek tiliga boʻlayotgan ulkan munosabatdan quvondik. Toʻgʻrida, agar eʼtibor boʻlmaganida, odamlarga baribir boʻlganida tilimizni rivojlantirish juda qiyin boʻlardi. Gap lotin yozuvidagi oʻzbek alifbosiga oʻtish toʻgʻrisida ketayotganligini anglayotgan boʻlsangiz kerak. Shu kunlarda muhokamalar yanada kuchaygan, sababi kuni kecha Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti mudirining “kun.uz”ga bergan intervyularida lotin yozuvidagi oʻzbek alifbosiga jadal oʻtib borayotganimizni oddiy misollarda tushuntirib berdi.

Koʻrinib turibdiki, fuqarolar bunga befarq emas, eng muhimi Prezident va Hukumat bu islohotlarni qoʻllamoqda. Tarixdan maʼlumki, yozuv, alifbo boshqasiga almashganda ayrim qiyinchiliklar albatta boʻladi, xatoliklar ham, ammo yozma til islohoti mustaqil Oʻzbekiston tarixidagi eng muhim va sezilarli islohotlardan boʻldi. Toʻgʻri, bugungi kunga qadar lotin yozuviga oʻtishga bir necha bor harakatlar boʻlgan, buni oʻz koʻzimiz bilan koʻrib, boshdan kechirdik. Nega oʻsha davrda oʻtilmaganligini “kun.uz”ga berilgan intervyuda ochiq oydin aytildi. Uni takrorlamoqchi emasmiz. Aksincha, qoʻshimcha qilib, oʻzimizda dadillik boʻlmaganligini, odamlar ongiga yetib bora olmaganimizni, qoʻllab-quvvatlovchilar boʻlsada kamchilikni tashkil etganini taʼkidlash lozim. Haqiqatan, 30 yilda bitta qonun ikki uchta normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilingan boʻlsa, yangi Oʻzbekiston islohoti boshlangan davrda 20ga yaqin muhim hujjatlar qabul qilindi. Muhimi har birining oraligʻida davlat tilini rivojlantirish va lotin yozuvidagi oʻzbek alifbosiga oʻtishning bosqichlari belgilab berildi.

Tilni rivojlantirishda davlat tomonidan qoʻllab quvvatlansagina mazkur til oʻzining asl qiyofasini saqlab qoladi. Jumladan, davlat tili sifatida oʻzbek tilini rivojlantirishda unga nafaqat olim, tilshunoslar balki davlatning qoʻllab-quvvatlashi muhim ahamiyat kasb etadi. Buni biz “kun.uz”ga berilgan intervyuda toʻla his qildik. Agar bundan ikki yil muqaddam davlat organlarida davlat tili boʻyicha mutaxassilar joriy etilgan boʻlsa, bugungi kunga kelib, davlat tilida ish yuritishni lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosida olib borishga tayyorgarlik ishlari qizgʻin olib borilmoqda. Hech ikkilanmay aytish joyizki, Vazirlar Mahkamasining “Yoʻl xaritasi”da belgilangan muddat barcha uchun qulaydir. Qolaversa, taʼlim muassasalaridan tashqari, koʻpgina idoralar bugun lotin yozuvidagi oʻzbek alifbosida faoliyatni tashkil etayotgani odamni quvontiradi.

Toʻgʻri, hali amalga oshiriladigan ishlar koʻp, lekin eng asosiysi xalq bunga ruhan tayyor, koʻrinib turibdiki, parlament ham qoʻllab-quvvatlamoqda, yangi qonun loyihalari ishlab chiqilayotgani, fikrimizning isboti. Ha, albatta kemtik joylarimizni qonun bilan toʻgʻirlash demokratik islohotlarning muhim bosqichi. Intervyuda jurnalist savollarni mahorat bilan, boshqa til vakillarini kamsitmagan holda oʻttiz yillikka urgʻu berib bordi. Aytish joyizki, meningcha biz ruhan tayyor boʻlmaganmiz, oqligʻ-qoraligʻ sabablari ham bordir, ammo men oʻttiz yil - bu tayyorgarlik yillari deb, oʻzimga dalda beraman.

Shuncha oʻtishga harakat qilingan boʻlsada, mexanizm boʻlmagan, shu sababdan belgilangan vazifalar ichida kelib chiqishi mumkin boʻlgan muammolarni hal etish mexanizmlari belgilab berildi. Jumladan, bu alifboga bosqichma-bosqich, ammo izchil qadamlar bilan oʻtiladi. Unga rasmiy oʻtish boʻyicha maxsus normativ-huquqiy hujjat qabul qilinadi. Oʻzbek tilining imlo qoidalari yangisi tasdiqlanadi, unga alohida hukumatning munosabati qabul qilinadi. Transliteratsiyaga asoslangan dasturiy taʼminotlar ishlab chiqiladi. Bosqichma-bosqich kadrlarni mazkur alifboda ish yuritishga moslashtirish ishlari olib boriladi, masalan ularning malakasi oshiriladi, ularga dasturiy mahsulotlar, sharoit yaratiladi. Shuningdek, barcha ommaviy axborot vositalari, matbuotning yozma nutqi, maʼlumotlari yagona yozuvda ifoda etiladi. Oʻylaymizki, hukumatdan berilgan intervyu koʻpgina savollarga javob boʻldi, ayniqsa oʻzida kuch topolmay, aniqrogʻi yangiliklarga koʻnikolmay yurgan, ikkilanayotgan ayrim shaxslarni toʻgʻri fikrlashga undaydi. Yangi Oʻzbekistonda yangi Renessansga qadam boshlaganligini koʻrsatadi. Bu esa Oʻzbek tili tarixida mutlaqo yangi ijodiy, ijtimoiy, iqtisodiy koʻnikmalarni shakllantiradi, deb ishonamiz.


Sh.Tursunbayev,
“O‘zarxiv” agentligi direktorining maslahatchisi

09.03.2021 755