"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Alifboning takomili – birlamchi masala

Hukumatimizning lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga bosqichma-bosqich to‘liq o‘tishni taʼminlash chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarori tasdiqlandi. Unga ko‘ra, 2023-yil 1-yanvardan boshlab barcha tashkilotlarda ish yuritish hujjatlari, shuningdek, boshqa hujjatlarni lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida ishlab chiqish, qabul qilish va eʼlon qilish amaliyoti to‘liq joriy qilinadi.

Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga bosqichma-bosqich to‘liq o‘tishni taʼminlash bo‘yicha «yo‘l xaritasi»da, jumladan, lotin yozuvidagi o‘zbek alifbosining yangi tahriri asosida “O‘zbek tilining imlo qoidalari”ni tasdiqlash bo‘yicha qaror loyihasini ishlab chiqish, rasmiy veb-saytlarni lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga to‘liq o‘tkazilishi taʼminlash kabi vazifalar belgilangan. Shuningdek, shaxsni tasdiqlovchi guvohnomalar, ID-kartalar, fuqaroligi bo‘lmagan shaxs hamda chet davlat fuqarolarining yashash guvohnomalari, ish qog‘ozlari, turli blanklar, mamlakatimizdagi joy, ko‘cha, atamalar, tashkilotlarning nomlari, peshlavhalar, ommaviy targ‘ibot vositalari, reklama va eʼlonlar lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida bo‘lishi taʼminlanadi, deya belgilab qo‘yilgan. Bu ko‘p sonli yurtdoshlarimizning, yozuvning ahamiyati nechog‘li ekanini anglagan mutaxassislar, barkamol avlodni tarbiyalash bo‘g‘inlarida mehnat qilayotgan muallimlarning ko‘pdan kutgani edi. Quvontirgani shu bo‘ldiki, qaror bandlari davlat tilimizning nufuzi va mavqeyini oshirishga to‘sqinlik qiladigan qator omillarga barham berishni ko‘zda tutadi.

Qaror «O‘zbekiston Respublikasining «Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida» qonuniga o‘zgartirishlar kiritish haqida»gi 1995-yil 6-maydagi Qonuni hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «O‘zbek tilining asosiy imlo qoidalarini tasdiqlash haqida»gi 1995-yil 24-avgustdagi qarorini takomillashtirish vazifalarini tegishli tashkilotlar zimmasiga yuklaydi.

Albatta, yozuv masalasi hamisha bo‘lgani kabi juda muhim. U nafaqat til va nutqning o‘qish mumkin bo‘lgan shakliy ifoda vositasi, balki davlat boshqaruvida o‘ta muhim ahamiyatga ega bo‘lgan dasturdir. Ushbu dastur biz ko‘rib turgan shaklga kelguncha necha qayta ishlangani maʼlum. Yozuv dasturi tegishli bo‘lmagan biror soha yo‘q.

Jamiyat boshqaruvi va rivojida yozuvning ahamiyatini hech bir mezon bilan o‘lchab bo‘lmaydi. Ish dasturi qancha mukammal bo‘lsa, unda ishlash shuncha oson bo‘ladi. Dastur jamiyat aʼzolarining qanchasiga maʼlum va ishlatishga qulay bo‘lsa, jamiyat takomili shunchalik tezlashadi. Yozuv kelajak avlodning bilimi, tafakkuri, millatning tiynati, maʼnaviyatiga o‘ta jiddiy taʼsir ko‘rsatadi. Alifboning takomili, qulayligi, tilda mavjud tovushlarni imkon qadar qamrab olishi, millat tilining barcha xususiyatlariga mos bo‘lishi oldida boshqa masalalar ikkilamchidir.

Taʼkidlamoqchi bo‘lganimiz – lotin yozuvi asosidagi o‘zbek alifbosiga nafaqat tez o‘tishimiz, balki yozuvni hech ikkilanmay isloh qilib, yozish uchun qulay holga keltirishimiz shart.

Bundan salkam yuz yil oldin – 1922-yilda maʼrifatparvar pedagog Shokirjon Rahimiy shunday degan edi: «Har qaysi ulus adabiyotining tugallashmasi shu ulus til va yozuvining tartiblik va yo‘sunlik bo‘lishiga bog‘liqdir. Tartibsiz va qoidasiz til, yozuv bo‘yicha tuzilgan adabiyotning bir kun emas bir kun bitishiga hech gumon yo‘qdir. Til jon bo‘lsa, yozuv uning badanidir. Sog‘ bo‘lmag‘on bir tanda jonning yashamog‘i qiyindir. Bizning yozuvimiz kasal. Buning ilojiga tezdan kirishilmasa, ish xavflidir». Bu so‘zlar hali ham o‘z ahamiyatini saqlab turgani alamlidir. Biz davlat ahamiyatiga molik tuzatishlarga tezroq kirishishimiz kerak. Bunda biryoqlama fikrlash bilan qarshilik ko‘rsatish yaramaydi.

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan bugungi islohotlar uzoq kelajakni ko‘zlashini yaxshi bilamiz. Qabul qilinayotgan qarorlar, rasmiy hujjatlardan maqsad – sohalardagi mavjud kamchiliklarni imkon qadar tezroq tugatishdir. Toki kamchiliklar tugatib borilmas ekan, zanjiriy bog‘liqlik sababli boshqa sohalardagi o‘sishlarga ham o‘z salbiy taʼsirini ko‘rsatadi, albatta.

Albatta, juda to‘g‘ri va atroflicha mulohaza bilan ishlab chiqilgan qaror. O‘zini shu mamlakatga daxldor deb bilgan ham qanday jismoniy va yuridik shaxs ushbu qaror ijrosiga bor imkoni doirasida ertaroq kirishish bilan o‘ziga bog‘liq vazifalarni to‘laqonli uddalaydi. Biz hammasiga ulguramiz. Qaror orqali ushbu yozuvga to‘liq o‘tishda muddatning ancha uzun qo‘yilganligi shunday deb aytishimizga asos beradi.

Taʼkidlamoqchi bo‘lganimiz – lotin yozuvi asosidagi o‘zbek alifbosiga nafaqat tez o‘tishimiz, balki yozuvni hech ikkilanmay isloh qilib, yozish uchun qulay holga keltirishimiz shart.

Avval ham taʼkidlanganidek, til va yozuvni texnologiyaga emas, texnologiyani ona tili va yozuviga moslashtirish – mantiq talabi. O‘zini, ona tilini hurmat qiladigan barcha millatlar shu tamoyilga amal qilishadi. Bo‘lmasa, lotin yozuvidan foydalanadigan dunyodagi ko‘p sonli millatlar o‘z alifbolariga turli qo‘shimcha belgili harflarni kiritmagan bo‘lardilar. Alifbo takomili zarur ekan, uni albatta amalga oshirish kerak. Hech mahal kelgusidagi ming-ming yillar qolib o‘tgan o‘ttiz yil vaqtga qarab ish tutilmaydi. Bugun yoshlarning ikki belgili harflar o‘rniga boshqa belgilar yozib ketishlari, qulay yo‘ldan foydalanaman deb imlomizga zarar yetkazayotganlari hech birimizga sir emas. Axir har bir yoshning ilmiyu imlosi o‘zimiznikidir.

Lotin yozuvi asosidagi o‘zbek alifbosiga o‘tishdan avval uni isloh qilishni jadallashtirish shart. Uning noqulayliklari bartaraf etilsa, biz juda katta samaralarga erishamiz. Sh va Ch harflarining harfiy birikmalar bilan emas, Ç, Ş shaklidagi belgilar bilan berilishi maqsadga muvofiq bo‘ladi. Bu belgilar ayrimlar mulohaza qilganidek, hech ham «turkcha belgilar» emas. Ular bizning millatparvar, maʼrifatparvar jadidlarimiz yuz yil oldin turkiy alifboga kiritgan belgilardir. Buni bilish uchun turkiy xalqlarning yozuv tarixi bilan yaqindan tanishish lozim bo‘ladi. Maʼlumki, sobiq sho‘ro ittifoqi tarkibidagi turkiy xalqlarning Yanalif deb nomlangan lotin alifbosiga o‘tishi masalasi haqidagi jiddiy qarori 1926-yilda Boku shahrida bo‘lib o‘tgan turkiy tilli millatlar tilshunoslarining 1-syezdida maʼqullangan edi. O‘sha alifbodagi belgilarning ayrimlarini bugungi ekspertlarimiz yozuvimiz uchun taklif etmoqdalar. Markaziy Osiyo xalqlari orasida birinchilardan bo‘lib lotin alifbosining qulayligi, dunyo bilan bo‘ylashish uchun zarurligini anglagan ziyolilarimiz saʼy-harakati bilan 1929-yilda Turkiston o‘lkasi uchun yangi milliy alifbo qabul qilingandi. Yuqoridagi ikki belgi ana shu alifbo tarkibidan olingan.

Alifbo muammosining og‘rig‘ini kundalik amaliyotda o‘zbekcha matnlarni lotin yozuvida qog‘ozga tushiradigan yoki kompyuterda teradigan kishigina o‘z tanasida his qila oladi. Isloh qilinishi taklif etilayotgan yana ikkita harf (O‘ va G‘) tufayli yurtimizdagi barcha yozuvlar g‘ij-g‘ij xatoga to‘lib ketdi. Chunki ularni to‘g‘ri yozish mushkul (O‘ va G‘ harflari yoniga qo‘yiladigan ‘ belgisi klaviaturadagi ALT+0145 tugmalarini bosish evaziga yoziladi). Bu muammolar aynan standart ingliz tili klaviaturasidan foydalanib qo‘ya qolish istagidan yuzaga kelgan. Ko‘pchilik O‘ va G‘ harflaridagi belgilar bilan tutuq belgisini farqlay olmay, boshqa belgilar qo‘yib yozadi. Hatto yaxshi mazmundagi kitoblarni nashr etadigan ayrim nashriyotlarda ham shu ahvol.

Xullas, bu harflarni ham klaviaturada bitta tugma bilan chiqadigan shaklda isloh etish kerak. Bu qulaylik va imloning osonlashishi, xatolar kamayishiga olib keladi. Qo‘lda yozishda ham so‘zlarning ikkiga bo‘linishi oldi olinadi, husnixat darsi o‘z maqsadiga erishadi. Ushbu harflar ishtirokidagi so‘zlar ikkiga bo‘linib qolishi ko‘plab elektron dasturlarni yaratishda o‘ta noqulaylik keltirib chiqaradi. Chunki kompyuter tili bunday belgili so‘zlarni qabul qilmaydi. Bu esa “nima bo‘pti” deydigan vaziyat emas. Tarjimalar sohasida ham aytib tugatib bo‘lmaydigan, asabga botadigan mushkulliklar kelib chiqadi. Oxiri mutaxassis lotin yozuvi asosidagi o‘zbek alifbosida takomillashgan,  dasturlarni yaratishdan qo‘lini yuvib qo‘ltig‘iga uradi. Buni davlat tilida ilova va dasturlar, saytlar yaratayotgan yoshlar juda yaxshi his qilmoqdalar va jiddiy islohni kutmoqdalar.

Alifbo borasida mablag‘ iqtisodi haqida gapirish o‘rinli emas. Birgina faktga to‘xtalamiz. Agar bizga muammo tug‘dirayotgan, juft belgilardan tarkib topgan O‘, G‘, Sh va Ch harflarini isloh qilib, ularning o‘rniga yaxlit harflarni qabul qilsak, millionlab adadda chop etilayotgan kitob, qo‘llanma, darslik, gazeta-jurnal va boshqa vositalardagi matnlar ham hajman keskin qisqaradi. Bu esa kelajakda milliardlab mablag‘lar va ko‘p vaqtning tejalishiga zamin yaratadi.

Yana bir mulohazali masala shuki, alifboning kechikishi chala-chulpa va ko‘p nomutanosibliklar bilan qabul qilingan imlo qoidalarimizni tuzatishni ham kechiktirmoqda. Bizda imlo qoidalari ham, albatta isloh qilinishi lozim. Bu – ko‘plab mutaxassislar, tilshunos olimlarning fikri.

Bugungi kungacha amalda bo‘lib kelgan kirill yozuviga o‘ta moslashgan avlod uchun lotin yozuvi katta qiyinchilik tug‘dirgani qiziq. Buning sabablaridan biri ham bizning tiynatimizga xos bo‘lgan kattalarni hurmatlash, andishalilik, mehribonlikdir. Ana shu mezonlar qarorlarning keskin emasligiga ham olib keladi.

Qolaversa, bizdagi fikrlar xilma-xilligi ham ko‘p islohotlar oldiga to‘siq bo‘ladi. Bizda fikr ifodalash madaniyatini rivojlantirishga ham kuchli ehtiyojlar mavjud. Aks holda maʼlum islohot yuzasidan to‘xtamga kelishimiz qiyin bo‘ladi. Har qanday vaziyatda yozuv bilan bog‘liq islohotlar boshida o‘zining mutaxassislari turganini va istalgan kishining fikri to‘g‘ri bo‘lmasligini yodda tutish lozim bo‘ladi.

Agar amaldagi alifbo qulay va mukammal bo‘lganida, keng jamoatchilikning, jumladan, soha mutaxassislarining, ilg‘or va malakali, jonkuyar o‘qituvchilarning, dunyoga o‘z ona tilimda dastur, saytlar taklif etaman deb turgan bilimli, yoniq yurakli dasturchilarning qatʼiy va jiddiy eʼtiroziga sabab bo‘lmasdi.

«Alifbo o‘zgarsa, chop etilgan kitoblar taqdiri nima bo‘ladi?» deb tashvishlanishga hojat yo‘q. Yosh avlod o‘ta faol. U o‘z tilimiz ifodasi uchun bitilgan bo‘lsa, yana bir necha yozuvni ham bemalol o‘zlashtira oladi. Kitoblar esa o‘z hayotini yashab bo‘lmaguncha, o‘qilaveradi, javonlarimizdan tushmaydi. Darsliklar borasida ham uzoq o‘ylashga hojat yo‘q. Chunki bizda tartibga ko‘ra, darslik har uch yilda takomillashtiriladi va qayta chop etiladi.

Markaziy Osiyodagi eng yirik millat ekanmiz, mamlakat qudratini yanada orttirishimiz, qo‘shni davlatlar bizdan namuna oladigan ilm va salohiyatga ega bo‘lishimiz kerak. Bu esa eng kichik xatolarni o‘nglash, kamchiliklarni bitirishdan boshlanadi.

Xulosa shuki, biz o‘z xalqimizning savodxon bo‘lishini, yozuvimiz o‘qish va yozishga, eng muhimi, ona tilimiz tabiatiga mos bo‘lishini istasak, amaldagi alifboni Harakatlar rejasida belgilangan muddatgacha isloh qilishimiz hamda barcha sohada joriy etishimiz shart.

 

Maʼmura Zohidova,

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi

O‘quv-metodika bo‘limi boshlig‘i

10.03.2021 770