"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

ALIFBO ISLOHOTI – BUGUNNING VAZIFASI!

O‘zbek yozuvining XX-XXI asr tarixi murakkab jarayonlarga boy bo‘ldi: bu asrda yozuv uch marta tub isloh qilindi – bir grafik tizimdan boshqa grafik tizimga ko‘chirildi (1929-1940- yillarda lotin alifbosi, 1940-yildan kirill alifbosi, 1993- yildan yana lotin alifbosi asosidagi yangi o‘zbek yozuvi). 1993- yildan buyon o‘tgan qariyb 28 yil mobaynida xalqimiz ikki yozuv arosatida sarson. Jamiyatimizda, ilmiy jamoatchilikda ham alifbo masalasidagi munozara-yu muzokaralar juda uzoq davom etdi.  Jahon xalqlarining yozuv tarixida bunday hodisa kamdan-kam uchraydi. Lotin alifbosiga uzil-kesil o‘tish muddatlari birnecha marta belgilandi, oxir-oqibat bu muddatlarning barchasi unutildi.

2021-yil 10-fevralda “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga bosqichma-bosqich to‘liq o‘tishni ta'minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida” Vazirlar Mahkamasining 61-sonli qarori va “Yo‘l xaritasi”da nihoyat, uzoq davom etgan ikkiyozuvlilik sharoitiga uzil-kesil barham berish vaqti, uning aniq muddati belgilab berildi. 

 Kuni kecha hukumatimiz tomonidan lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga o‘zgartirishlar kiritish haqidagi qonun loyihasi muhokama uchun e’lon qilindi. Ming afsuski, qonun loyihasi e’lon qilingandan keyin ijtimoiy tarmoqlarda bu borada bilib-bilmay munosabat bildirish, til, yozuv va alifbo masalasidagi “guruhlar jangi” avj pallasiga yetdi. 

Ayrim millatdoshlarimiz aytayotganiday, bu shoshma-shosharlik bilan qabul qilingan qaror emas. Ushbu masalalar muhokamasiga bag‘ishlab, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti 2016-yildan buyon turkum anjumanlar, seminarlar o‘tkazdi: muammolar tahlil qilindi, amaliyotchi o‘qituvchilar, ijtimoiy soha vakillari, blogerlar ishtirokida qizg‘in bahslar bo‘ldi. Davlat tilini rivojlantirish departamenti, O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti, respublikadagi yetakchi olimlar bilan talay izlanishlar olib borildi. 

Muzokaralarda bu borada bildirilgan umumiy qarashlarni jamlab, quyidagicha guruhlash mumkin:

1) kirill alifbosiga qaytish, jamiyatda ikkiyozuvlilik sharoitiga shu orqali barham berish (P.S.: bu aslo mumkin emas!);

2) amaldagi lotin alifbosini o‘zgarishsiz qo‘llash, undagi ayrim texnik kamchiliklarga yechim topish, imlo qoidalarini takomillashtirish;

3) to‘liq lotin yozuviga o‘tish, amaldagi lotin alifbosidagi muammoli harflarga o‘zgartirish kiritish, bu orqali  o‘zbek tilining internet tiliga aylanishi yo‘lidagi muammolarni bartaraf etish, shuningdek, imlo qoidalarini takomillashtirish. Va nihoyat, uchinchi yo‘l manzilga to‘g‘ri eltuvchi deb belgilandi, bu boradagi ishlar jadal boshlab yuborildi.

Ma'lumki, amaldagi alifboda 4ta harf: o‘, g‘, ch, sh muammosi ko‘plab bahslarga sabab bo‘lgan: ch, sh harf birikmalarining yozuv grafik tizimidagi noqulay tasviri,  o‘, g‘ harflarini kompyuter klaviaturasida terishda beshta harakat bilan yozishdagi qiyinchiliklar, mazkur harflarni yozuvda tutuq belgisi bilan almashtirib qo‘llash, ular imlosidagi kamchiliklar kabi.  Eng yomoni, mana shu alifbodagi noqulayliklar uni internet tili sifatidagi faoliyatiga salbiy ta'sir ko‘rsatadi, UNICODE tizimida bu grafik shakl yo‘q, dasturlashda so‘z tarkibida qo‘llangan bitta harfning digraf shakli matndagi so‘zlarni bo‘lib yuborishga olib keladi va hk. Tavsiya etilayotgan alifbo ushbu muammolarni bartaraf etadi.

Aytish joizki, hech qanday islohot oson kechmaydi. Har qanday islohotning jamiyatga iqtisodiy, ma'naviy, psixologik ta'siri bo‘ladi. Ayniqsa, bugungi kundagiday keskin muammolar girdobida, yer yuzi virus o‘choqlariga chora topolmay bong urayotgan bir mahalda, iqtisodiy masalalar har qachongidan muhim bo‘lgan bir pallada... Bu kabi muammolar vaqt kelib o‘z yechimini topadi, iqtisodiy yo‘qotishlarning ham o‘rni to‘lishi muqarrar, biroq ma'naviy yo‘qotish o‘rni to‘lishi ancha murakkab. Shunday ham, tilimiz – milliy g‘ururimizni ikkita yozuv ifodasida ikkilantirgan, ikki yozuvdan qaysi birini tanlolmay ikkilangan, jamiyatni lotinda savod chiqarganlar hamda kirilldan voz kecha olmayotganlar sifatida ikkiga bo‘lib yuborgan avlod sifatida tarixda qoladigan bo‘ldik, desak, aslo mubolag‘a bo‘lmas!


Muyassar Saparniyazova,

Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti

universiteti dotsenti

17.03.2021 770