"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du
  • Bosh sahifa
  • Yangiliklar
  • “O‘zbekiston Respublikasining “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida”gi Qonuniga o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi qonun loyihasi yuzasidan

“O‘zbekiston Respublikasining “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida”gi Qonuniga o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi qonun loyihasi yuzasidan

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Mamlakatimizda o‘zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 20-oktyabrdagi PF-6084-son Farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 10-fevral kuni 61-son qarori bilan tasdiqlangan “yo‘l xaritasi”ning 1-bandiga muvofiq, tilshunos olimlaridan iborat tarkibda tuzilgan ishchi guruh tomonidan O‘zbekiston Respublikasining “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida”gi Qonuniga o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi qonun loyihasi ishlab chiqildi.

Qonun loyihasi, avvalambor, tilimizning zamonaviy texnologiyalar bilan integratsiyalashuvi uchun  qulaylik yaratish nuqtayi nazardan shakliy o‘zgarishlarni nazarda tutmoqda.

Qonun loyihasi bilan milliy alifbodagi ayrim murakkab harflarning ifodasida o‘zgarish taklif etilmoqda.

1995-yilgi alifbo

Taklif etilayotgan loyiha

O‘

o‘

Ō

ō

G‘

g‘

Sh

sh

Ş

ş

Ch

ch

Ç

ç

Amaldagi O‘ yoki G‘ harflarini yozish uchun kompyuter klaviaturasida 6 ta (avval O yoki G, keyin: alt 0145) tugma bosiladi.

Turkiy tilli oilaga mansub o‘zbek tilida bitta tovushni anglatuvchi Sh va ch harflari uchun ikkita harf belgilangan. Bu hech bir turkiy davlatlar amaliyotida yo‘q. Xalqimiz tarixda foydalangan arab, lotin, kirill yozuvlari ham “bir tovushga – bir harf” tamoyiliga asoslangan.

Natijada, birinchidan, alifbodagi ushbu harflar sababli kattaroq hajmdagi matnni o‘qish va yozish qiyinligicha qolmoqda. Bu o‘z navbatida, mamlakatimizda lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosining ommalashishiga salbiy taʼsir qilmoqda;

ikkinchidan, lotin yozuvida o‘qigan yoshlar orasida savodsizlik kuchayib, yozma nutqda soddaroq belgi (“o‘” ning o‘rniga “6”, “ch” ning o‘rniga “4”, “sh” ning o‘rniga “w”) dan foydalanish avj olgan;

uchinchidan, milliy alifbodagi murakkabliklar tufayli ko‘pchilik bitiruvchi yoshlar mehnat faoliyatlarini kirill alifbosida davom ettirishga majbur bo‘lmoqda;

to‘rtinchidan, alifbodagi murakkab harflar tufayli o‘zbek tilini “raqamlashtirish”, internet tiliga aylantirish imkoni bo‘lmayapti va h.k.

Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga to‘liq o‘tish vazifasi belgilangani, milliy alifbomizni qulaylashtirib, maksimal darajada soddalashtirish ehtiyojini yaratdi.

Buni Davlatimiz rahbari ham bir necha bor o‘z nutqida qayd etgan:

“... yangi darsliklar, qiyosiy va turli sohalarga oid lug‘atlar, ish yuritish va so‘zlashuv qo‘llanmalari nashr etish, lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini takomillashtirish, bu tizimga to‘liq o‘tish bo‘yicha hali ko‘p ish qilishimiz kerak.”

(Prezident Shavkat Mirziyoyevning o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganining o‘ttiz yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqidan (21.10.2019-y.)

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeyini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-5850-son Farmoni (21.10.2019-y.)ning 3-bandi 5-xatboshi (“O‘zbek tilining yozma nutqi meʼyor va qoidalarini ishlab chiqish bo‘yicha hamda lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini to‘liq joriy etish borasidagi ishlarni jadallashtirish;”)

hamda “Mamlakatimizda o‘zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-6084-son Farmoni (20.10.2020-y.)  2-ilovasi 4-bandi (“Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini, imlo qoidalarini yanada takomillashtirish va yangi yozuvga to‘liq o‘tishni taʼminlash”)da bu vazifa aniq belgilab berilgan.

Alifbodagi 4 ta harf o‘zgarishi o‘quvchi yoshlarning savodi darajasiga salbiy taʼsir qilmaydi. Chunki:

birinchidan, ayni paytda Milliy o‘quv dasturini ishlab chiqish harakatlari boshlangan. Juda ko‘p darslik va qo‘llanmalar (shundoq ham) yangidan tayyorlanadi va chop etiladi;

ikkinchidan, darsliklar foydalanish muddati tugab, yangilari chop etilguncha amalda bo‘ladi (darsliklarining foydalanish muddati o‘rtacha 3 yil. Demak, 2023-yildan o‘quvchilar to‘liq yangilangan alifboda savod chiqaradi. Bu esa mamlakatda lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga to‘liq o‘tish muddatiga mos keladi.)

Aksincha, alifbodagi shakliy o‘zgarishlar o‘quvchilarning savodiga ijobiy taʼsir qiladi. Chunki:

birinchidan, zamonaviy gadjetlar klaviaturalarida o‘zbek tilining barcha harflari bo‘ladi;

ikkinchidan, davlat tilining raqamlashuvi tezlashib, internet tarmog‘ida taʼlim portallari soni ortadi;

uchinchidan, transliteratsiya dasturlari tufayli kirill alifbosidagi adabiyotlarni milliy alifboga tezkor va xatosiz o‘girish va o‘qish imkoni paydo bo‘ladi;

to‘rtinchidan, katta avlodga mansub fuqarolarning lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosi imlosini o‘zlashtirishi tezlashadi, bu esa xalqimizning yagona yozuv atrofida jipslashuviga olib keladi;

beshinchidan, ona tilimiz tabiatiga mos, yurtimizdagi va xorijdagi millatdoshlarimizni yagona yozuv atrofida birlashtiradigan alifboga ega bo‘lamiz va h.k.

OAV, fuqarolik hujjatlari, yo‘l ko‘rsatkichlar, peshlavhalar, ish yurituv hujjatlari kabilar Hukumatning 2021-yil 10-fevraldagi 61-son qaroriga muvofiq, sohaviy reja va dasturlar asosida bosqichma-bosqich 2023-yil 1-yanvargacha to‘liq lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga o‘tkaziladi.

Eng muhim jihati, Vazirlar Mahkamasining yuqoridagi qarori 4-bandida lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish bilan bog‘liq masalalar vazirlik, idora va tashkilotlar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetidan ajratilgan, shuningdek, byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilishi belgilangan.

Yaʼni, alifboga shakliy o‘zgarishlar kirgan taqdirda darslik va qo‘llanmalar ijrochilar tomonidan har yili shakllantiriladigan reja asosida navbati bilan nashr etiladi.

Axborot kutubxona markazlarida amaldagi adabiyotlar alifbodagi shakliy o‘zgarish tufayli foydalanishdan chiqarilmaydi (shu kunga qadar kutubxonalarda turgan kirill yozuvidagi adabiyotlar singari). Aksincha, yangi chop etilayotgan adabiyotlar bilan bosqichma-bosqich boyitib boriladi.

O‘zgarishlar beradigan qulaylik tufayli bir yozuvdan boshqa yozuvga o‘giradigan transliteratsiya dasturlari kirill alifbosida chop etilgan adabiyotlarni bosqichma-bosqich lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosidagi elektron ko‘rinishlarini yaratish imkonini beradi, kutubxonalarning elektron fondi kengayishini taʼminlaydi.

Fuqarolikni tasdiqlovchi guvohnomalar, ID-kartalar, yashash guvohnomalarini takomillashtirilgan lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida bo‘lishi ham xuddi o‘quv adabiyotlari singari o‘z navbati bilan bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.

Yuqoridagilardan ko‘rinib turibdiki, alifbodagi o‘zgarishlar ayrim harflarning shakliy ifodasini qulaylashtirishni ko‘zda tutib, avvalo, tilimizni axborot kommunikatsiya texnologiyalari bilan uyg‘unlashuvini taʼminlaydi, shu bilan birga, navbatma-navbat bajariladigan tadbirlar orqali ijroga qaratiladi.

O‘zbekiston Respublikasining “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida”gi Qonuniga o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi qonun loyihasi 2021-yil 31-martga qadar normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portali (regulation.gov.uz)da turadi.

Loyiha yuzasidan tilimiz rivojiga befarq bo‘lmagan har bir fuqaro o‘z fikr va mulohazalarini bildirishi mumkin.

Loyiha yuzasidan to‘plangan jamoatchilik takliflari mamlakatdagi yetuk tilshunos olimlar ishtirokida joriy yilning aprel oyi boshida o‘tkaziladigan ilmiy anjuman kun tartibiga qo‘yiladi, asosli taklif va tavsiyalar inobatga olinadi va yakuniy to‘xtamga kelinadi.
26.03.2021 2219