"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Munosabat: Jahon bozoriga milliy nomlar bilan chiqaylik!

Uzoq kutilgan qaror

Joriy yilning 16-mart kuni Vazirlar Mahkamasining “Savdo, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish obyektlariga nom berishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Mazkur hujjatning ishlab chiqilishida Davlat tilini rivojlantirish departamenti, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti bosh tashabbuskorlardan bo‘ldi. Qarorga ko‘ra, Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazi hamda uning hududiy bo‘linmalari tomonidan savdo, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish ob’ektlariga davlat tilida nom berish (neyming) xizmati ko‘rsatiladi.

Markaz va uning hududiy bo‘linmalariga bu bo‘yicha quyidagi qo‘shimcha vazifalar yuklandi:

— davlat tili qoida va me’yorlariga muvofiq keladigan, milliy qadriyatlarga mos hamda obyektlarga qo‘yish tavsiya etiladigan nomlar zaxirasini onlayn rejimda shakllantirish hamda uni doimiy yangilab borish;

— tashqi yozuv, peshlavha, reklama va e’lonlar matnini tayyorlash, shuningdek, ularning davlat tili qoida va me’yorlariga muvofiqligi, nomlarning bir xil yoki o‘xshashlik darajasi yuzasidan lingvistik ekspertiza o‘tkazish;

— obyektlar uchun davlat tilida nomlar yaratish va tanlash bo‘yicha shartnoma asosida xizmatlar ko‘rsatish.

Obyektlarga nom berish “Davlat tili haqida”gi, “Firma nomlari to‘g‘risida”gi va “Tovar belgilari, xizmat ko‘rsatish belgilari va tovar kelib chiqqan joy nomlari to‘g‘risida”gi qonunlar talablariga rioya etilgan holda amalga oshiriladi.

 Xususan, mazkur qaror:

— tadbirkorlarning savdo, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish obyektlariga o‘zi mustaqil ravishda nom tanlash huquqini cheklamaydi;

— nomlash, nom yaratish faoliyati bilan shug‘ullanayotgan tadbirkorlik subyektlari faoliyatiga cheklov qo‘ymaydi.

Aksincha, unda tadbirkorlar o‘z xohishiga ko‘ra:

a) savdo, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish obyektlari uchun tavsiya etiladigan nomlar zaxirasidan;

b) firma (korxona) nomi yozilgan peshlavhasi, shuningdek, xizmati, mahsulotining reklamasi uchun matn tayyorlashda malakali mutaxassislar xizmatidan;

v) davlat tili qoida va me’yorlariga hamda milliy qadriyatlarga mos nom yaratish xizmatlaridan foydalanishi nazarda tutilmoqda.

Muammo nimada?

Yurtimizda so‘nggi yillardagi islohotlar iqtisodiyotimizning ravnaqi, vatanimizning gullab-yashnashi uchun keng imkoniyatlar ochmoqda. Ko‘plab sanoat korxonalari, ishlab chiqarish, savdo obyektlari ishga tushgani, ayniqsa, mahalliy xomashyolar asosida mahsulotlar ishlab chiqarishga alohida e’tibor qaratilayotgani quvonarli. Albatta, bunyod etilayotgan ishlab chiqarish obyektlari, korxonalar, savdo markazlari, mahsulotlarga nom berish mas’uliyatli vazifa hisoblanadi. Zero, mahsulot iste’molchi diqqatini o‘ziga tortishi, xaridorgir bo‘lishida ularga qo‘yilgan nomlar muhim o‘rin tutadi.

Savdo do‘konlari peshtaxtalarini to‘ldirib turgan yorqin rangli o‘ramlardagi mahsulotlarni ko‘rib ko‘zingiz quvnaydi. Barchasi yurtimizda ishlab chiqarilgan. Afsuski, shu yaltiroq qog‘ozlarni bezab turgan nomlarning birortasi o‘zbekcha emas.

Internet tarmog‘idagi birgina restoran.uz saytida Toshkent shahrida faoliyat ko‘rsatayotgan 293 ta restoran, 76 ta banket zali, 17 ta karaoke, 331 ta kafe, 36 ta qahvaxona nomi ko‘rsatilgan. Saytda Chenson, Amphora, Jumanji, Positif, Prestige, Aist, Chikago Uno, Kitay, Pasado, Gasthaus, Dudek kabi yuzlab ajnabiy nomlar keltirilgan. Ushbu ro‘yxatda o‘zbek tilidagi nomlar deyarli yo‘q.

Ming yillik tarixga ega Darxon nomini o‘zgartirib, DARHKHAN AVENYU deb nomlashda biror mano bormi? Toshkent shahrida qurilayotgan yangi turar joylar nomlarini ko‘radigan bo‘lsangiz: Italyanskiy kvartal, Grand Muqimiy, Grand Akkurgan, Yashnabod plaza, PARKWOOD, MILANO, DREAM HOUS, MILANO, HAPPY FAMILY... (manba: https://domtut.uz/)

Toshkent shahrida joylashgan o‘quv markazlari nomlari (manba: https://www.yellowpages.uz/rubrika/uchebnye-centry/tashkent)ga qarasangiz, ularga qo‘yilgan ajnabiyu o‘zbekcha aralash-quralash nomlarni ko‘rib, kapalagingiz uchishi tayin. Bunday manzaraga ko‘zimiz shu qadar o‘rganib ketganki, barchamiz uchun oddiy holatga aylanib qolgan. Ularda millatimiz ertasi, tilimiz vorislari tahsil oladi. Tanglayi ushbu o‘quv markazlarida o‘qib ko‘tarilgan yoshlarimiz ertaga o‘zlarining eng ulug‘ milliy qadriyati — ona tiliga vorislik burchini unutib qo‘ymasligiga kim kafolat beradi? Nega o‘quv markazlari egalari O‘zbekistonda faoliyat ko‘rsata turib, o‘z tashkilotlariga davlat tilida nom qo‘yishdan or qilishadi?!

Ehtiyoj bor

Hozirgi kunda mamlakatimizda ayrim xususiy marketing va reklama agentliklari xorijiy tilda yoki davlat tili qoida va me’yorlariga, milliy qadriyatlarga zid bo‘lgan nom va logotip yaratish bilan shug‘ullanib kelmoqda. Natijada savdo, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish ob’ektlariga xorijiy tillarda nom berish urfga kirib bormoqda.

Vaholanki, “Davlat tili haqida”gi qonunning 20-moddasida lavhalar, e’lonlar, narxnomalar va boshqa ko‘rgazmali hamda og‘zaki axborot matnlari davlat tilida rasmiylashtirilishi va e’lon qilinishi hamda boshqa tillarda tarjimasi berilishi mumkinligi belgilangan.

Ushbu masala xususida xorijiy davlatlar tajribasiga murojaat qilsak:

Rossiya Federatsiyasining “Davlat tili to‘g‘risida”gi qonuni 3-moddasida nafaqat davlat tashkilotlari, mulkchilik shaklidan qat’iy nazar, Rossiya hududida faoliyat yurituvchi har qanday tashkilot davlat tili (rus tili)da ish yuritishi, hatto tashkilotni nomlashda ham rus tilidan foydalanishi belgilangan. Qonunni buzish tegishli javobgarlikka sabab bo‘lishi ham alohida aytilgan.

Yevropaning eng ko‘p tilli mamlakati — Fransiya aholisining 51 foizi fransuz tilidan boshqa tilda gaplashadi. Konstitusiyasida esa faqat fransuz tili davlat tili deb belgilangan. Fransuz tilini madaniy yodgorlik sifatida saqlashga mamlakat Madaniyat vazirligi mas’ul hisoblanadi. Rasmiy ish yuritish faqat fransuz tilida. Bu 1994-yilda qabul qilingan Tubon qonuni orqali mustahkamlangan. Tubon qonuni reklama matnlari va joy nomlari, ommaviy joylardagi peshlavhalarni, jamoat transportidagi yozuvlar, yo‘lko‘rsatkichlar, mahsulotlar va hatto turli mulklarga yozilgan yozuvlargacha faqat fransuz tilida bo‘lishini talab qiladi. Bu qonunni buzish jismoniy shaxsga 700 yevro, yuridik shaxsga 3750 yevro jarima solinishiga sabab bo‘ladi. Hatto boshqa tilda peshlavhasi yoki yorlig‘i yozilgan mulk musodara qilinishi ham mumkin.

Gruziya Respublikasi “Davlat tili to‘g‘risida”gi qonuni 23-moddasiga ko‘ra, korxona va tashkilot nomlari Davlat reystriga davlat tilida kiritiladi.

Qozog‘iston Respublikasi hukumati huzuridagi Respublika onomastika komissiyasi to‘g‘risidagi nizomning 1-bandiga ko‘ra, Respublika onomastika komissiyasi davlat mulki bo‘lgan obyektlarni nomlash va qayta nomlash bo‘yicha konsultativ-maslahat organi hisoblanadi.

Estoniya Respublikasi “Davlat tili to‘g‘risida”gi qonunining 20-moddasiga ko‘ra, eston tilidagi geografik nomning, shaxs ismining, korxona, muassasa, notijorat uyushma va fond nomining lotin harflarida yozilgan xalqaro shakli ularning eston tilida yozilishiga aynan tengdir. Boshqa alifbodan foydalanuvchi tillarga nisbatan “Nomlar haqidagi qonun”da o‘rnatilgan transkripsiya qoidalari qo‘llanadi.

Ozarbayjon Respublikasi “Davlat tili to‘g‘risida”gi qonunining 17-moddasida mamlakat davlat va mahalliy boshqaruv organlari, yuridik shaxslar, ularning vakolatxonalari va filiallari, muassasalari nomlari ozarbayjon tili me’yorlariga muvofiq yozilishi qat’iy belgilangan. Ushbu nomlarni aks ettiruvchi peshlavhalar, blankalar, muhrlar hamda ish yuritish bilan bog‘liq bo‘lgan va ko‘rsatib o‘tilgan institutlarning nomini aks ettiruvchi boshqa barcha rasmiy ashyolar davlat tilida tuziladi.

Tahlillar mamlakatimizda nom berish faoliyati bo‘yicha quyidagi muammolar mavjud ekanini ko‘rsatdi:

— nom berish xizmatini ko‘rsatish alohida soha sifatida rivojlanmagan, davlat tilida nomlashning lingvistik me’yorlari va metodikasi ishlab chiqilmagan, mazkur yo‘nalishda ilmiy-tadqiqot ishlari olib borilmagan;

— davlat tili qoida va me’yorlariga muvofiq keladigan, milliy qadriyatlarga mos savdo, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish obyektlari uchun nomlar zaxirasi shakllantirilmagan;

— tadbirkorlik subyektlariga mo‘ljallangan nom berish texnologiyasi asoslaridan xabardor qiluvchi maxsus uslubiy ko‘rsatmalar, internet tarmog‘ida alohida saytlar va mobil ilovalar ishlab chiqilmagan;

— neyming soha sifatida rivojlanmagan, malakali mutaxassislar yetishmaydi, ushbu sohaning o‘zbek tili qonuniyatlari bo‘yicha ilmiy tadqiqot ishlari yo‘q. Masalan, Rossiyada neymingga oid o‘nlab darslik va o‘quv qo‘llanma mavjud. Neyming bo‘yicha, asosan, tilshunoslik sohasida, ba’zan marketologiya sohalarida mutaxassislar tayyorlanadi va ularda rus tili qoidalariga mos ravishda nom qo‘yish sirlari o‘rgatiladi. Neyming bo‘yicha o‘nlab dissertasiyalar himoya qilingan. Shuningdek, internet tarmog‘ida neyming xizmatlari bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlar faoliyat ko‘rsatadi.

Har qanday holatda ham, nazarimizda, har bir davlatda ishlab chiqarish, savdo obyektlari, korxona, muassasa, firma, mahsulotga, avvalo, shu davlatning milliy tilida nom berilishi maqsadga muvofiq. Nomning boshqa tillarda berilishi, bir tomondan, milliy tilimizga soya solishga, uning qo‘llanish doirasini cheklashga, sofligiga putur yetkazishga olib kelsa, boshqa tomondan, kishilarda milliy tilga bepisandlik kayfiyatini uyg‘otadi.

Nima qilish kerak?

Ayni paytda mamlakatimizda iqtisodiyot tarmoqlari rivojlanib borayotganini hisobga olsak, bir-birini takrorlamaydigan, yangi nomlarni topish ham oson emas, albatta. Mana shularni inobatga olgan holda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida Innovasion rivojlanish vazirligi tomonidan berilgan “O‘zbek tilida neyming: me'yoriy-huquqiy asoslarini yaratish” mavzusida amaliy loyiha bajarilmoqda.

Loyiha doirasida ishlab chiqarish, savdo obyektlari, kompaniya, firma, mahsulotlarga nom qo‘yish jarayonini yengillashtirish, xalqimizning milliy an’analari va mentalitetiga yot nomlar berilishining oldini olish, ularning “Davlat tili haqida”gi qonunga mos bo‘lishini ta’minlash bo‘yicha uslubiy ko‘rsatmalar, milliy nomlar zaxirasini yaratish yo‘lga qo‘yildi. 2020-yildan Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida “O‘zbekcha nomlash laboratoriyasi” hamda internet tarmog‘ida “uznom.uz” sayti faoliyat ko‘rsatmoqda.

Ushbu sayt orqali murojaat qilgan tadbirkorlik subyektlariga firma, korxona, umumiy ovqatlanish, savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlariga hamda mahsulotlariga davlat tilida nom yaratib berilmoqda. Guruhning “uznom.uz” telegram kanalida shu kungacha tadbirkorlar tomonidan aynan o‘zbek tilida nom yaratish bo‘yicha yuzga yaqin murojaat bo‘lgan. Shuningdek, aholi o‘rtasida milliy nomlashga rag‘batni kuchaytirish, tadbirkorlik subyektlariga neyming texnologiyasi bo‘yicha targ‘ibot ishlari ham yo‘lga qo‘yilgan.

Istiqboldagi vazifalar

Qaror ijrosini ta’minlash bo‘yicha nazorat rejasi ishlab chiqilgan bo‘lib, quyidagi vazifalarni amalga oshirish ko‘zda tutilmoqda:

— Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining ilmiy bazasida davlat tilida nomlashning lingvistik me’yorlari va metodikasini ishlab chiqish bo‘yicha dasturni tasdiqlash hamda ishchi guruh tuzish;

— davlat tilida nomlashning lingvistik meyorlari va metodikasini ishlab chiqish;

— Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazi hamda uning hududiy bo‘linmalarini nomlash, nom yaratish bo‘yicha metodik qo‘llanma va adabiyotlar bilan ta’minlash;

— davlat tilida sohalar bo‘yicha nomlar zaxirasini yaratish va ularning elektron dasturiy ta’minotini ishlab chiqish maqsadida markaz huzurida filolog, tilshunos va marketolog olimlar, malakali mutaxassislar hamda dasturchilardan iborat guruhni shakllantirish, guruh rejasi, vazifalar taqsimotini ishlab chiqish va tasdiqlash;

— davlat tilida sohalar bo‘yicha nomlar zaxirasini yaratish va ularning elektron dasturiy taminotini ishlab chiqish;

— davlat tilidagi nomlar zaxirasi asosida yaratilgan dasturiy ta’minotni Tadbirkorlik subyektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va hisobga qo‘yishning avtomatlashtirilgan tizimiga integratsiya qilish;

— elektron portaldagi nomlar zaxirasini yangilab borish va doimiy ishlashi uchun zaruriy choralarni ko‘rish;

— davlat tilida nom yaratishning lingvistik asoslarini yaratish, sohalar bo‘yicha nomlar zaxirasini shakllantirish va ularning elektron dasturiy ta’minotini ishlab chiqish kabi yo‘nalishlarda fundamental va ilmiy tadqiqotlar uchun davlat buyurtmasi talablariga muvofiq ilmiy loyihalar tanlovini e’lon qilish.

Yo‘lga qo‘yilgan mazkur xizmat turi orqali nom yaratish jarayonida o‘zbek tili me’yorlarining buzilishi bilan bog‘liq holatlarga chek qo‘yiladi.

Xulosa oʻrnida aytish mumkinki, Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 16-martdagi “Savdo, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish obyektlariga nom berishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori o‘z vaqtida va oqilona qabul qilingan hujjat bo‘lib, o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi mavqeyini mustahkamlash yo‘lida yana bir muhim qadamdir.

 

Inomjon Azimov,

Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti

huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini

o‘qitish va malaka oshirish markazi direktori

 

Muyassar Saparniyazova,

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat

o‘zbek tili va adabiyoti universiteti dotsenti


"Yangi O'zbekiston" gazetasidan olindi

31.03.2021 940