"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

O‘zlik sari yo‘l

Yangilanayotgan O‘zbekiston zamonaviy hamjamiyatga o‘z milliy qiyofasi bilan yuz tuta oladimi va umuman, madaniyatlar qorishib ketayotgan bugungi global dunyoda mafkura qay darajada kerak? Umummilliy taraqqiyotimizda mafkuraning o‘rni qanday? Ziyolilar, rahbarlar, oddiy odamlar uchun milliy mafkura nima? Mamlakatimizda milliy mafkurani shakllantirish va targ‘ib etish siyosati mavjudmi?..

Bu savollar mohiyat eʼtibori bilan 130 yil qaramlikda bo‘lgan milliy tafakkurimizni “qutqarishda” muhim ahamiyat kasb etadi. Zero, kechayotgan 30 yilga yaqin vaqt ichidagi mustaqillik davrida jamiyat “siyrati” o‘zgarishi anchayin qiyin kechdi. Bu, bir tomondan, o‘tish davridagi mahdudlik bilan bog‘liq bo‘lsa, ikkinchi tomondan, davlatning o‘zi jamiyatning milliylashuvidan cho‘chidi, uni keskin nazoratda ushlab turdi.

Bugungi O‘zbekiston hukumati harakatlari esa bu borada qozilikni emas, mazkur ijtimoiy jarayonga rag‘batni nazarda tutmoqda. Zotan, jamiyatni hukumat istak-xohishiga qarab emas, balki milliy anʼanalar va tarixiy o‘zlikka mos tarzda modernizatsiyalash ko‘zlanayotgan maqsad – davlatning milliy qiyofasini shakllantirishda muhim rol o‘ynaydi. Shubhasizki, zikr etilgan diskursda til – milliy til hal etuvchi vosita, masalaning o‘zagi vazifasini o‘taydi. Millatning tili eʼtiborda bo‘lmas ekan, milliyat, o‘zlik, mafkura haqida gapirish ortiqchalik qiladi, nazarimda.

O‘tmishga, yaqin 100 yillikka nazar solsangiz, tilimizga bo‘lgan eʼtibordan dilingiz xira tortishi tayin. Dunyo ahliga Navoiy, Bobur kabi daholarni bergan ona tilimiz uzoq yillar siyosiy qatag‘onni boshidan kechirdi. Bu tilda na ilm-fan qilindi, va na u siyosat tiliga aylandi. Mahalliy til jiddiy mavzulardagi munozaralarga yaramaydi, degan kamsituvchi qarash uni ro‘zg‘or tiliga, maishiy mavzular tili darajasiga tushirib qo‘ydi.

Bu ruhiy mustabidlik edi. Va bu istilo mohiyat eʼtibori bilan siyosiy-iqtisodiy qaramlikdan, qullikdan ko‘ra dahshatliroq va fojialiroq edi. Nimaga desangiz, bu zehniyat, millatning tafakkuri bilan bog‘liq masala edi.

Men uzoq yillar davlat idoralari tizimida ishlaganman. Mustaqillik yillari ham bundan mustasno emas. Va tajribalarimga tayanib shuni aytishim mumkinki, ona tilimiz hech mahalda (holbuki, davlat tili bo‘yicha qonun qabul qilinganiga o‘ttiz yil bo‘layotgan bo‘lsa-da) maʼmuriy va texnik sohalarda, siyosatda, ilm-fanda vosita sifatida qo‘llangan emas. Buni tasavvur qilish ham mumkin emas edi. Bugun ham jamiyatimizda, ayniqsa, siyosiy doiralarda bundan to‘liq voz kechildi, deb aytolmayman.

Biroq hayratlanarli bir mujda borki, u qalbingga nur olib kiradi, go‘yo. Bu – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning milliy masalalarda ko‘rsatayotgan ibratli harakatlari, muz kabi qotib qolgan aqidalarni millatimizga, o‘zligimizga bo‘lgan qalb qo‘ri, mehr-u muhabbati bilan asta-sekin eritayotgani misolida yana-da bo‘rtibroq ko‘rinadi.

O‘zingiz o‘ylang, nafaqat davlatlararo munosabatlarda, balki maʼmuriy jabhalarda ham «hukmron til» taʼsiridan chiqib ketolmagan jamiyatda favqulodda milliy tilni hatto siyosat tili darajasiga ko‘tarishga harakat qilishga qaysi zamonda va kim jurʼat qilgan?!

Hatto yon qo‘shnilarimiz bilan ham yuz yillik “protokol”ga sodiq qolgan holda rus tilida muzokaralar o‘tkazib kelmadikmi?! Holbuki, ular bilan tilimiz ham, dinimiz ham, qadriyat-u tariximiz ham bir. Aslida, bu holat iqtisodiy va siyosiy masalada mustaqil bo‘lgan holda milliy jabhada birovga qaram bo‘lib, o‘tmish va milliy o‘zlikdan taysallab turish mafkuraviy jihatdan to‘la mustaqil bo‘lolmaganimizni anglatardi.

Shu maʼnoda, muhtaram Prezidentimizning mustaqil O‘zbekiston tarixida ilk bor BMT minbaridan o‘zbek tilida nutq so‘zlashi milliy masalada inqilobiy qadam bo‘ldi.

Ammo bu ishning naqadar chuqur maʼnoga ega, qadr-qimmati yuzlab yillar toptalgan, kamsitilgan milliy o‘zlikning shon-u shavkatini joyiga qo‘yish, dunyoda o‘zbek degan buyuk bir millat va uning jahon tamadduni beshiklarini tebratgan sonsiz allomalarga ilhom bergan o‘lmas tilini ko‘rsatishga, eslatib qo‘yishga bo‘lgan mardona harakat ekanini anglaydigan jamoatchilik bizda shakllanganmi?

Odam bu borada tortinmay “ha” deyishga istihola qiladi, to‘g‘risi. Shu haqda o‘ylaganimda ko‘pchilik hollarda bobomiz Mahmud az-Zamahshariyning bir hikmati yodimga tushadi: «Bamisoli tumov kishi gulning hidini bilmaganidek, ahmoq kishi ham hikmatning qadrini bilmaydi».

Taassufki, ko‘pchilik hollarda shundaymiz. Bo‘layotgan ishlar, jarayonlar mohiyatini to‘g‘ri anglamaymiz. Biroq uni anglaydigan, bu harakatlarning qadrini biladigan millatdoshlarimiz yo‘q emas.

Jahon sahnasidagi o‘sha tarixiy nutqdan keyin undan ilhomlangan, ruhlangan odamlar ko‘p bo‘ldi. Ulardan biri, afg‘onistonlik o‘zbek generali, afg‘on o‘zbeklari yetakchisi Abdurashid Do‘stumdir. Mana, u bu jarayonga qanday munosabat bildirgan edi: «...O‘zbekiston Prezidenti ushbu chiqishining tarixiy ahamiyati shundan iboratki, BMT tarixida ilk marotaba mustaqil O‘zbekiston rahbari o‘zbek tilida nutq so‘zladi. Men bundan shaxsan o‘zim o‘zbek o‘g‘loni va afg‘onistonlik o‘zbeklarning rahbari sifatida faxrlanaman. Bu biz uchun yuksak iftixordir. O‘zbek tilida so‘zlangan bu nutq nafaqat 34 millionlik O‘zbekiston ahlini, balki dunyodagi ko‘plab mamlakatlarda yashovchi millatdoshlarimizni, xususan, Afg‘onistondagi o‘zbeklarni ham chin maʼnoda g‘ururlantirdi».

Bu – qalbida milliy g‘ururi o‘lmagan, o‘tmishi va o‘zligidan faxrlanadigan odamning samimiy so‘zlari, deb o‘ylayman.

Meni shu so‘zlarni yozishga undagan yana bir voqea bor. Xabaringiz bor, kechagina Vengriya davlati Bosh vaziri Viktor Urban janoblari yurtimizga rasmiy tashrif bilan keldi. Muzokaralar har ikki davlatning milliy tilida tashkil etildi. Eʼtibor qiling, kelishuv va barcha diplomatik jarayonlar biz tomondan o‘zbek tilida olib borildi. Holbuki, Vengriya Qozog‘iston, Qirg‘iziston va yoki Turkmaniston kabi mintaqadoshimiz emas, balki Yevropaning o‘rtasida joylashgan, YEI aʼzosi bo‘lgan davlatdir. Holbuki, dunyo diplomatiyasida BMT tili, barchaga tushunarli til deganga o‘xshash stereotiplar mavjud...

Lekin Prezident Mirziyoyev siyosiy jarayonda o‘z tilini qo‘llashni maʼqul ko‘rdi. Yuzlab yillar davomida amalda bo‘lib kelgan «diplomatik protokol»lar buzildi, dunyoda birorta tildan kam bo‘lmagan ona tilimiz maqomi ko‘tarildi. Unda bemalol siyosat – xalqaro siyosat yuritish mumkin ekani isbotlandi.

Shu kunlarda «Ayollar daftari» masalalari bo‘yicha mamlakatimizning chekka qishloq va ovullarida yuribmiz. To‘g‘risi, hayotning achchiq-chuchugini ko‘rgan odamlar bilan suhbatlarda ularning yuz-ko‘zlari, gap-so‘zlarida o‘z Yurtboshisiga nisbatan cheksiz mehr barq etib turganini yaqqol ko‘rdik. Ha, oddiy odamlar, qishloqlarda yashayotgan soddadil va munis ayollarimiz ham Mirziyoyevning millat g‘ururini ko‘tarish borasidagi bu islohotlaridan cheksiz faxr va iftixor tuymoqdalar. Navoiylik keksa muallima Anora opa bu ishlar xalqning dilidagi ishlar, deya ko‘zlariga yosh olganida qanchalar taʼsirlanganimizni qo‘yavering...

Endi ayting, uzoq yillar davomida shakllangan tayyor formatdan yuz burib, o‘z tashqi siyosatiga yangi omillarni – mutlaqo milliy ruhni kiritishga harakat qilish uchun odam qay darajada millatparvar va vatanparvar bo‘lishi kerak?!

Ushbu uchrashuvni kuzatib, davlat siyosatida milliy identitet – o‘zlikni tanish, tarixiy haqiqatlarga real baho berish masalasida ham qarashlar biz ko‘nikmagan tomonga burilganini anglash mumkin. Xususan, davlatimiz rahbari venger xalqi haqida gapira turib, ikki xalqni yaxlit tarixiy tomirlar tutashtirib turishini eʼtirof etdi. Holbuki, biz uzoq yillar kelib chiqishi Markaziy Osiyolik bo‘lgan bu xalqdan yotsirab keldik. Ular o‘tmishi haqidagi bitiklarni yopib qo‘ydik, hattoki, ularni Yevropaga yurish qilgan varvarlar deya atashdan tiyilmadik.

Yoki kuni kecha bo‘lib o‘tgan Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining norasmiy sammitini olaylik. Ushbu sammitda O‘zbekiston Prezidentining Turkiy kengashning ilm-fan, taʼlim, madaniyat va sanʼat sohalarini, shuningdek, turkiy dunyo birligini rivojlantirishga ulkan hissa qo‘shgan atoqli shaxslarni rag‘batlantirish maqsadida xalqaro mukofot taʼsis etish haqidagi taklifini Tashkilotga aʼzo davlatlar rahbarlari maʼqulladi. Va ushbu mukofotni Mir Alisher Navoiy nomi bilan atash haqidagi taklif ham qo‘llab-quvvatlandi.

Sammitda Alisher Navoiy nafaqat turkiy til rivojiga, balki butun bashariyat tamadduniga hissa qo‘shgan ulkan meros qoldirgani aytildi. Cheksiz mamnuniyat bilan aytish mumkinki, bu ham tilimizga, ham millatimizga bo‘lgan ulkan hurmatning eʼtirofidir.

Ana shu ikki muhim voqelik qadimiy tilimizning rasmiy muzokaralar tiliga aylanib borayotganidan dalolatdir. Shubhasiz, bu barchamizga cheksiz quvonch, g‘urur-iftixor baxsh etmoqda.

Buyuk ishlar, evrilishlar har doim ham shovqin-suron bilan bo‘lmasligi mumkin. Teran daryolar sokin oqadi, deyishadi. Shu maʼnoda, bugun bizga juda jo‘n, odatiydek ko‘rinayotgan bu harakatlar, aslida, juda salmoqli va tarixiydir.

Yuqorida qayd etganlarimiz – milliy mafkurani, bizda hali hamon to‘la shakllanmagan mafkurani oyoqqa qo‘yishda ushbu omil – o‘zlikni anglash, milliy til va tarixni ulug‘lash, ularning qadr-qimmatini joyiga qo‘yish muhim omil bo‘lib xizmat qilishi shubhasizdir.

Qudratilla RAFIQOV,

siyosatshunos.

“Ishonch” gazetasining 2021-yil 3-apreldagi 45-sonidan olindi.

03.04.2021 632