"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Til korpusi – taʼlim samaradorligi va milliy maʼnaviyatimiz ravnaqi garovi

Til maʼnaviy merosni saqlash va boyitishning asosiy vositasi, shu bois u – millatning borligi. Tillarni saqlab qolish milliy maʼnaviyatni, butun bir millatni saqlab qolish demakdir. Zero, asl maʼnaviyat faqat milliy shakldagina mavjud bo‘ladi. Bugungi axborotlashgan asrda tilni qanday saqlab qolish mumkin? Qanday qilib o‘zbek tilini dunyo tillari qatoridan o‘rinlatish mumkin? Javobi bitta: tabiiy tilni raqamlashtirish va shu asosda milliy til korpusini yaratish lozim.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 20-oktyabrdagi “Mamlakatimizda o‘zbek tilini yana-da rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni bilan tasdiqlangan “2020-2030-yillarda o‘zbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish Konsepsiyasi”da belgilangan davlat tilining zamonaviy axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalariga faol integratsiyalashuvini taʼminlash ustuvor yo‘nalishidagi o‘zbek tiliga oid barcha ilmiy, nazariy va amaliy maʼlumotlarni o‘zida jamlagan elektron ko‘rinishdagi o‘zbek tili milliy korpusini yaratish va o‘zbek tilini Internet jahon axborot tarmog‘ida ommalashtirish, unda munosib o‘rin egallashini taʼminlash vazifalarining ko‘rsatib berilishi bilan mutaxassislarga katta masʼuliyat yukladi.

Ko‘p yillik talab va ehtiyoj asosida, ona tilimizni avaylab-asrash, boyitish, undan amaliy foydalanish samaradorligini oshirish maqsadida Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti qo‘llab-quvvatlashi hamda fidoyi olimlar tashabbusi bilan o‘zbek tili milliy korpusining yaratilishiga erishildi. Bu borada universitet rektori Shuhrat Sirojiddinovning yaqindan ko‘rsatgan yordami, ijodiy sharoit va texnik imkoniyatlar eshigini ochib bergani alohida eʼtiborga molik. Shuning zamirida “O‘zbek tilining taʼlimiy korpusini yaratish” nomli amaliy loyiha zamirida taʼlim korpusining yaratilishi taʼlim fidoyilari uchun keng imkoniyat eshigini ochadi.

O‘zbek Milliy korpusini yaratish maqsadida shu kunga qadar 10 ga yaqin ilmiy ish himoyasi amalga oshirildi. Bugungi kunda bu borada kompyuter va korpus tilshunosligi va amaliy tilshunosligi sohalarini rivojlantirish, Milliy korpus va boshqa tur til korpuslarini yaratish maqsadida magistrlik dissertatsiyalari, falsafa doktori (PhD) va fan doktorligi (Dsc) bo‘yicha ilmiy tadqiqot ishlari amalga oshirilmoqda. Toma-toma ko‘l bo‘lur deganlaridek, bugun ushbu tadqiqotlarning amaliy natijasi sifatida Milliy korpus nishona berdi. Ushbu masʼuliyatli va sermashaqqat jarayonda ToshDO‘TAU, BuxDU, QarDU, TerDU, NavDPI kabi oliy taʼlim muassasalaridagi 100 ga yaqin mutaxassislarning birdam mehnat qilganligini alohida taʼkidlash joiz. ToshDO‘TAU mutaxassislarni birlashtira oldi, ularni bir maqsad yo‘lida jamladi.

Milliy til korpusi – milliy til birliklarining xususiyatlarini aniqlash maqsadida elektron qidiruv imkoniyati mavjud tizim, tabiiy tilning raqamlashgan yozma va og‘zaki matnlari jamlanmasi. Milliy korpus – tilni tadqiq etish (til birligining o‘zgarishi, eskirishi, yangilarining paydo bo‘lishi, maʼnosining kengayishi va torayishi; yangi iboralarning paydo bo‘lishini kuzatish), o‘rganish, anʼanaviy va zamonaviy lug‘atlar tuzishda keng imkoniyatli dasturlashtirilgan tizim. Shu bois Milliy korpus milliy til xazinasi demakdir. Korpusdagi milliy so‘zi nafaqat tilning, balki korpus tuzilishi va tarkibining ham o‘ziga xosligini anglatadi. Milliy korpus boshqa tur til korpuslaridan farqi majmuaviylik tabiati – unda taʼlimiy korpus, mualliflik korpusi, poetik matnlar korpusi, ilmiy va rasmiy matnlar korpusi, og‘zaki matnlar, badiiy matnlar va gazetalar hamda dialektlar korpusi kabi ichki korpuslarni o‘z tarkibiga qamrab olganligi bilan belgilanadi. Shu bois milliy korpusni yaratishda katta jamoa faoliyati zarur.

Milliy korpusdan lingvistlar, leksikograflar, kompyuter lingvistlari, dasturchilar, muharrirlar, tarjimonlar, jurnalistlar, noshirlar, olimlar, o‘qituvchilar, taʼlim oluvchilar va boshqa har qanday soha mutaxassisi keng foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Asrimizda korpussiz na nazariy, na amaliy filologiya taraqqiy etadi.

Foydalanishda deyarli kasbiy tabaqalanishga yo‘l qo‘ymaydigan til korpuslari barcha fan sohasi vakillarini birday qiziqtirishi tabiiy. Ayniqsa, ona tili va chet tillarini o‘qitish va o‘rganish borasida korpuslarning ahamiyati beqiyos. Bugungi kunda dunyo miqyosida til o‘rgatish tizimi korpuslarga yo‘naltirilayotganligi ham – fikrimizning dalili. Shuning uchun ham taʼlim korpuslari, sheva matnlari korpuslari, mualliflik korpuslari, poetik matnlar korpuslari, og‘zaki, ilmiy, rasmiy matnlar korpuslari, gazeta matnlari korpuslari kabi qator mikrokorpuslarning tuzilayotganligi ahamiyatli.

O‘zbek tili milliy korpusi korpusining ilk shakli interfeys, qidiruv tizimi, 200 mln ga yaqin so‘zshakl, 100 mingdan ortiq matnlar bazasi va 20 elektron lug‘at manbasidan iborat. Shuningdek, o‘zbek tili milliy korpusi saytining birinchi sahifasida korpus va uning tuzuvchilari haqida asosiy maʼlumot, o‘ng tomondagi menyuda istalgan sahifaga o‘tish imkoniyati mavjud. Korpus menyusi to‘rt qismdan iborat. Bosh sahifa, saytning qidiruv oynasi, matn haqida unga biriktirilgan qo‘shimcha maʼlumot ilovasi, qidiruv uchun til birliklariga izoh yozish parametrlari, elektron leksikografik manbalar tavsifi, oxirgi blok korpus tuzuvchilari jamoasi, foydalanilgan dastur, matnlarning mualliflik huquqi haqida to‘liq maʼlumotlar bazasidan iborat.

Korpus bo‘yicha qidiruv foydalanuvchiga quyidagilarni aniqlash imkonini beradi:

1) muayyan so‘zning barcha shakllari misollar massivi bilan;

2) misollarning qaysi manbadan olinganligini ko‘rish;

3) so‘zning filologik lug‘atlardagi mohiyati va izohini;

4) qidiruvga berilgan so‘z bilan uning o‘ng va chap tomonidan birikish imkoniyatiga ega so‘zlar ro‘yxatini;

5) u yoki bu muallifning ayni so‘zdan foydalanish chastotasi yoki statistikasini;

6) so‘zning o‘z va ko‘chma maʼnolarini;

7) so‘z qo‘llanishining yashirin modeli (imkoniyati)ni;

8) til taraqqiyotining turli davrida qo‘llanish holatini.

Til korpuslari – til bo‘yicha tadqiqot va amaliy topshiriqlar yechimi uchun zarur ish quroli. U oddiy elektron kutubxonadan farqlanadi. Elektron kutubxonaning maqsadi – xalqning ijtimoiy-siyosiy, maʼnaviy, iqtisodiy hayotini aks ettiruvchi badiiy va publitsistik asarlarni nisbatan to‘liq qamrab olish. Elektron kutubxona matnlari til nuqtai nazaridan ishlov berilmaganligi sababli tadqiqotlar uchun noqulaylik tug‘diradi. Chunki elektron kutubxona ilmiy tadqiqot materiali bazasini tayyorlash maqsadida tuzilmaydi, balki milliy-maʼnaviy merosni to‘plashni maqsad qilgan bo‘ladi. Til korpusi esa elektron kutubxonadan farqli o‘laroq, tilni o‘rganish va tadqiq qilish uchun zarur, foydali va qiziqarli matnlarni to‘plashni nazarda tutadi.

Til tadqiqi hayotdan uzilib qolmasligi uchun muntazam ravishda matnlar bazasi yangilanib boriladigan korpusga tayanish maqsadga muvofiq. Shu bois korpus lingvistikasi laboratoriyasini tashkil etib, doimiy ekspertlar jamoasi faoliyatini yo‘lga qo‘yish bilan Milliy korpusning taraqqiy etishi va manbalari boyib borishiga zamin yaratiladi.

Milliy til korpusi – ona tilimizning jahonga yuz tutishiga erishish milliy maʼnaviyatni takomillashtirish va yuksaltirishning ham asosiy vositalaridan biri.

 

Baxtiyor Mengliyev,

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyot universiteti “Amaliy tilshunoslik va lingvodidaktika” kafedrasi mudiri, filologiya fanlari doktori, professor

Botir Elov,

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti “Axborot texnologiyalari” kafedrasi mudiri, texnika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD)

07.04.2021 1512