"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Vatanga ehtirom va sadoqat ifodasi

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbek tili bayrami kunini belgilash to‘g‘risida”gi qonunini imzoladi.

O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi qonuni qabul qilingan kun - 21-oktyabr sanasining “O‘zbek tili bayrami kuni” deb eʼlon qilinishi mamlakatimizning yangi tarixi, yangi taraqqiyot bosqichida amalga oshirilayotgan buyuk islohatlarning yuksak samarasi, mustaqil Vatanamiz ijtimoiy-siyosiy, huquqiy, madaniy, maʼnaviy hayotidagi ulkan voqeadir.

Ushbu muhim tashabbus davlatimiz rahbarining 2019-yil 21-oktyabr kuni qabul qilingan “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida o‘z ifodasini topgan edi.

O‘zbek tili o‘zining qadimiy va boy tarixida hech qachon davlat va jamiyatning bugungidek yuksak eʼzoz-eʼtibori va g‘amxo‘rligiga sazovor bo‘lmagan.

“O‘zbek tili bayrami kunini belgilash to‘g‘risida”gi qonunning aynan 10-aprel - xalqimizning erk va ozodligi yo‘lida jon fido etgan buyuk adib, o‘zbek romanchiligining asoschisi Abdulla Qodiriy tug‘ilgan kunda imzolanishida ham katta hikmat va maʼno bor.

O‘zbek tili bayrami ona tilimizni sharaflash, uning qaddini va qadrini yana-da yuksaltirish ayyomidir. Ayni paytda bu bayram o‘zbek tilini o‘qib o‘rganish, targ‘ib qilishdan charchamaydigan, uning sofligi, boyligi va nufuzini yana-da yuksaltirish uchun qayg‘uradigan, kurashadigan har bir insonning bayramidir. Yer yuzida o‘zbek tilida gaplashadigan qariyb 50 million kishining bayramidir.

Bu bayram davlat tilining O‘zbekistonda yashayotgan barcha millatlar va elatlarning sevimli tiliga, maʼnaviy ehtiyojiga, faxr-iftixoriga, Mustaqillik, Navro‘z ayyomlari, Konstiutsiya kuni, O‘qituvchilar va murabbiylar kuni kabi umumxalq bayramiga aylanishida muhim omil bo‘lishi shubhasiz.

Farmonda taʼkidlanganidek, istiqlol yillarida ona tilimiz tom maʼnoda davlat tiliga aylanib, xalqimizni yurtimizda erkin va ozod, farovon hayot qurishdek buyuk marralarga safarbar etadigan beqiyos kuch sifatida maydonga chiqdi. Mamlakatimizdagi yuzdan ortiq millat va elat vakillarini o‘zaro bog‘laydigan, birlashtiradigan mehr-oqibat tiliga aylandi.

 Davlat tili siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, maʼnaviy-maʼrifiy jabhalarda faol qo‘llanmoqda. Endigi masala uning qo‘llanish ko‘lamini yana-da kengaytirish, xalqaro nufuzini yana-da oshirishdan iboratdir.

Prezidentimiz o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganining o‘ttiz yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi tarixiy nutqida taʼkidlaganidek, “buning uchun har birimiz davlat tiliga bo‘lgan eʼtiborni mustaqillikka bo‘lgan eʼtibor deb, davlat tiliga ehtirom va sadoqatni ona Vatanga ehtirom va sadoqat deb bilishimiz, shunday qarashni hayotimiz qoidasiga aylantirishimiz lozim.

Bu olijanob harakatni barchamiz o‘zimizdan, o‘z oilamiz va jamoamizdan boshlashimiz, ona tilimizga, urf-odat va qadriyatlarimizga hurmat, Vatanga mehrimizni amaliy faoliyatda namoyon etishimiz kerak”.

Mamlakatimizda so‘nggi yillarda mazkur yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ulug‘vor ishlar nafaqat yurtimiz, balki xalqaro hamjamiyatning ham keng eʼtibor va eʼtirofiga sazovor bo‘lmoqda.

Buni O‘zbekistonning milliy saylov tizimiga davlat tilini keng va faol joriy etish borasida amalga oshirilayotgan izchil ishlar misolida ham ko‘rish mumkin.

Maʼlumki, qonun hujjatlarini ishlab chiqish va qabul qilish jarayonlari haqida gap ketganda ularning rus tilida tayyorlanib, keyin davlat tiliga o‘girilishi haqida eʼtirozlar haligacha uchrab turadi. Huquqshunoslar odatda buni qonunlarning o‘ziga xos tili, ifoda usuli, murakkabliklari hamda rasmiy o‘zbek tilidagi zarur adabiyotlarning kamligi bilan izohlashadi.

Bir qarashda bunday izohlarga eʼtiroz bildirish qiyindek. Chunki, davlat tili maqomini olgunicha rasmiy doiralarda, qonun hujjatlarini ishlab chiqish, muhokama qilish va amaliyotga joriy etishda o‘zbek tilidan asosan tarjima tili sifatida foydalanilgan. Bunday munosabat dunyodagi eng boy lisonlardan biri sifatida eʼtirof etilgan ona tilimizning g‘arib ahvolga tushib qolishiga sabab bo‘lgani sir emas. Ammo intilganga tole yor.

Mustaqil mamlakatimizning 2019-yili qabul qilingan Saylov kodeksi o‘zbek tilining imkoniyatlari huquq, jumladan, saylov huquqi va amaliyotida g‘oyat kengligini to‘la namoyon etdi.

Davlatimiz rahbari Oliy Majlisga 2017-yil 22-dekabrdagi ilk Murojaatnomasida siyosiy hayotimizda muhim ahamiyatga ega bo‘lgan saylov qonunchiligi masalalariga to‘xtalar ekan, bu borada qabul qilingan beshta qonun va bir qator qonunosti hujjatlari, afsuski, haligacha yaxlit bir hujjat shakliga keltirilmaganini taʼkidladi. Shu sababli xalqaro qoida va andazalarga javob beradigan yagona Saylov kodeksini ishlab chiqish va qabul qilish vazifasini qo‘ydi.

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisi M.Abdusalomov rahbarligida Oliy Majlis palatalari, manfaatdor vazirliklar, siyosiy partiyalar va boshqa jamoat tashkilotlari vakillari, olimlar, ekspertlar, tilshunoslar, amaliyotchilar ishtirokida Respublika ishchi guruhi tuzildi. Guruh ishiga Markaziy saylov komissiyasining aʼzolari va mutaxassislari faol jalb etildi.

Qayd etish o‘rinliki, Saylov kodeksi loyihasining boshdan-avval o‘zbek tilida tayyorlanishi, muhokama etilishi va qabul qilinishi oson kechgani yo‘q. Bu bugun kimgadir jo‘n, arzimagan gapdek tuyilishi mumkin. Ammo qisqa muddatda amalga oshirilgan hajman g‘oyat ulkan bu ish nafaqat milliy saylov tizimidagi, balki davlat tilini huquq sohasiga keng joriy etish borasidagi muhim yangilikdir. Davlat tilida ish va hujjat yuritishning hadisini olgan yuksak malakali huquqshunoslar hali-hamon unchalik ko‘p emasligidan ko‘z yumib bo‘lmaydi. Qolaversa, Kodeks loyihasini tayyorlash jarayonida ishchi guruhi tomonidan ko‘plab davlatlarning, jumladan, Fransiya, Niderlandiya, Kanada, Italiya, Shve¬siya, Belgiya, Polsha, Albaniya, Belarus, Ozarbayjon, Turkiya kabi mamlakatlar tajribasi, jumladan, lisoniy tajribasi hamda ushbu sohadagi xalqaro qoidalar va tamoyillar puxta o‘rganildi. O‘rganish natijalari bo‘yicha davlat tilida zarur xulosalar, sharhlar va izohlar tayyorlandi. Saylovga doir o‘ndan ortiq xalqaro hujjat atroflicha tahlil qilinib, ularning asosiy g‘oya va andazalari Kodeks loyihasiga o‘zbek tilida chuqur singdirildi. Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi, Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi pakt, YEXHTning insoniylik mezonlari to‘g‘risidagi hujjatlari shular jumlasidandir.

Ish g‘oyat qizg‘in kechganini shundan bilish mumkinki, mazkur davlatlarning saylovga oid qonunlari, shuningdek, xalqaro hujjatlarning barchasi ham hali o‘zbek tiliga o‘girilmagan. Qonun ijodkorligi jarayonida o‘zbekzabon huquqshunoslarimiz duch kelgan va kelayotgan muammolardan biri ham, aslida, shunda. Shu bois ular ayni jihatlar bo‘yicha ilmiy-texnik imkoniyatlari xiyla keng rus va ingliz tillaridagi adabiyotlarga murojaat qilishga majbur bo‘ladilar va qonunlarimizning loyihalarini ham o‘sha tillarda tayyorlashni oson ko‘radilar.

Umid shulki, barcha sohalarda bo‘lgani kabi qonun ijodkorligi yo‘nalishida ham bunday bo‘shliqlar tezda to‘ldiriladi.

“Saylov kodeksi va uning asosida boshqa ko‘plab normativ-huquqiy hujjatlarning davlat tilida ishlab chiqilib, qabul qilinayotgani va joriy etilayotgani g‘oyat muhim ahamiyatga ega, - deydi Markaziy saylov komissiyasi aʼzosi, asli kasbi tilshunos-filolog, bir necha xorijiy tillarni puxta egallagan taribali mutaxassis M. Bobonazarova. - O‘zbek tilida yaratilayotgani qonun hujjatlariga g‘oyat soddalik va ulkan joziba bag‘ishlamoqda. Nafaqat mutaxassislar, oddiy saylovchilar ham qonun hujjatlarini bemalol tushunadi va bu eʼtirofni uchrashuvlarda bot-bot taʼkidlashadi. Bu – kamdan kam uchraydigan hodisadir. Ilgari saylovlarga oid qonunlarni tushunish uchun rosa bosh qotirishimizga to‘g‘ri kelardi. Masalan, 90-yillarning oxirida saylov qonunchiligidagi takrorlaru chalkashliklar sabab saylovlarni o‘tkazishda naqadar qiynalganimizni juda yaxshi eslayman. Shukrki, o‘sha kunlar ortda qoldi”.

Shu o‘rinda ayrim misollarga murojaat qilaylik. Mamlakatimizning “Davlat tili haqida”gi qonuni qabul qilingunicha va undan keyingi yillarda saylovga oid qonun hujjatlarida “kandidat”, “forma”, “grajdanin”, “agitatsiya”, “propoganda”, “territoriya” kabi o‘zbek tilida muqobillari bo‘la turib, isteʼmolga kiritilmagan va rasmiy o‘zbek tilining qashshoqlashuviga olib kelgan ko‘plab “baynalmilal” atamalarni uchratish mumkin.

O‘tgan yilning 25-iyunida Saylov kodeksining qabul qilinishi sohada ona tilimizga nisbatan bunday sunʼiy cheklovlar va bepisadliklarga butunlay chek qo‘yish imkonini berdi. Bu 2019-yil 22-dekabr kuni “Yangi O‘zbekiston – yangi saylovlar” shiori ostida o‘tgan Oliy Majlis va mahalliy kengashlarga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish jarayonida yorqin namoyon bo‘ldi.

Ilgari saylovga doir qonun hujjatlari boshqa tilda qabul qilinib, o‘zbek tiliga tarjima qilingan bo‘lsa, endi aksincha. Bu davlat tili sifatida ona tilimizning nufuzini yuksaltirishga xizmat qilishi shubhasiz.

Ammo qayd etilganlar mamlakatimizning milliy saylov tizimiga davlat tilini joriy etish borasidagi keng ko‘lamli ishlarning boshlanishidir. Markaziy saylov komissiyasida ish yuritish, majlislarni ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida ochiq-oshkora o‘tkazish, meʼyoriy-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish va qabul qilish ishlari to‘la davlat tilida olib borilayotganiga qaramay, bajarilishi lozim bo‘lgan vazifalar hali ko‘p.

Komissiya huzurida tashkil etilgan yirik huquqshunos olimlar, amaliyotchilar, tilshunoslar va adiblarni birlashtirgan davlat tiliga oid qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash masalalari bo‘yicha ishchi guruhining faoliyati ayni vazifalarning ijrosiga yo‘naltirilgan.

O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini yana-da yuksaltirish borasidagi ulug‘vor ishlar, xususan, O‘zbek tili bayramining belgilanishi tarixiy adolatning tiklanishi, mamlakatimizda inson huquqlarining mustahkamlanishi va Vatanimizning yana-da gullab-yashnashiga xizmat qiladi.

 Qulman OCHIL,

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi

 raisining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish, 

davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini 

taʼminlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi.

10.04.2020 671