"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

O‘rganishlar davom etmoqda

O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus taʼlim vazirligi tomonidan tashkil etilgan ishchi guruh taʼlim muassasalarida davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash va davlat tilida ish yuritish holatlarini o‘rganmoqda.

Toshkent viloyatida joylashgan O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti, Chirchiq davlat pedagogika instituti va institut qoshidagi akademik litsey, shuningdek, Chirchiq tumani Tibbiyot kolleji, Yuqori Chirchiq tumani kasb-hunar maktabi, Parkent tumani kasb-hunar maktablarida o‘zbek tilining davlat tili sifatida to‘laqonli joriy etilishi, barcha tashqi yozuvlar, lavhalar, eʼlonlar, ko‘rgazmali axborot matnlari, taʼlim-tarbiya jarayoni bilan bog‘liq hujjatlarning davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga muvofiq bo‘lishi choralari ko‘rilgan.

Oliy taʼlim muassasalarida tashkil etilgan O‘zbek tili va adabiyoti kafedralari faoliyati, o‘quv jarayonlarinig tashkil etilishi tahlil qilindi, kafedra professor-o‘qituvchilari bilan o‘zbek tilining kelib chiqish tarixi, bu borada olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlar, davlat tilini keng targ‘ib qilish, lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga bosqichma-bosqich to‘liq o‘tishni targ‘ib qilish jarayonlaridagi faolliklari haqida suhbatlashildi.


O‘quvchi yoshlarda ona tiliga hurmat, o‘zbek tilini davlat tili sifatidagi nufuzini oshirish, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va mobil aloqa vositalarida o‘zbek tilida savodli yozish, tashqi yozuvlardagi xatolarga befarq bo‘lmaslik haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashildi.

Shuni alohida taʼkidlash kerakki, bugun  xodimning qaysi soha va tarmoqda ishlamasin davlat tilida ish yuritish malakasiga ega bo‘lishi talab etiladi.  Shu bois, oliy taʼlim muassasasi bitiruvchisi davlat tilida ish yuritish tartib-qoidalari va adabiy til meʼyorlarini bugun oliy taʼlim muassasalarida puxta o‘rganishilari maqsadga muvofiq. Aynan shu maqsadda  davlat oliy taʼlim muassasalarida joriy o‘quv yilidan  “O‘zbek tilining sohada qo‘llanilishi” fanini o‘qitish yo‘lga qo‘yildi. 

O‘rganishlar jarayoni ko‘rsatdiki, qisqa vaqt mobaynida Toshkent viloyatining Chirchiq davlat pedagogika instituti va O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya institutlarida  mazkur fanning o‘qitilishi borasida ijobiy tajriba to‘plangan. Sohaning xususiyatidan kelib chiqib fan dasturlari ishlab chiqilgan, o‘quv uslubiy majmua yaratilgan. O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining O‘zbek tili va adabiyoti kafedrasi mudiri,  dotsent N.G‘afforov tomonidan sport faoliyati taʼlim yo‘nalishi talabalari uchun O‘zbek tilining sohada qo‘llanishi  fanidan o‘quv qo‘llanma  nashrga tayyorlangan.


Taʼlim muassasalarining kutubxonalari lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosidagi adabiyotlar bilan bosqichma-bosqich boyitib borilishiga asosiy eʼtibor qaratilgan.  Taʼlim muassasalarinig kutubxonalarida ham o‘quvchi va talabalarning qaydnomalari lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida yuritilmoqda.

O‘rganishlar davomida ish qog‘ozlari, taʼlim muassasalarining blanklarini lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida bo‘lishini taʼminlash borasida tegishli tavsiyalar berildi.


O.Jamoldinova,

Oliy va o‘rta maxsus taʼlim

vazirining maslahatchisi

19.04.2021 563