"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

“O‘tkan kunlar” tarjimoni bilan uchrashuv

Xabaringiz bor, mamlakatimizda AQSHlik madaniyatshunos Mark Edvard Rizning uchrashuvlari davom etmoqda. Bugun O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida uning ishtirokida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Samimiy ruhda kechgan o‘zaro suhbatda o‘zbek tilining tarixi, milliy romanchiligimiz xususida fikrlar almashishdi.

O‘rtoqlik uchrashuvida Departament mudiri Abdug‘affor Qirg‘izboyev yurtimizda o‘zbek tilini rivojlantirish borasida  chuqur islohotlar olib borilayotgani, amaldagi qonun hujjatlari asosida barcha tashkilotlarda davlat tilida ish yuritish joriy qilingani haqida so‘zladi.

Mark Riz ham bugungi muloqotdan minnatdorligini bildirib, xalqimizga, tilimizga hurmati cheksizligini namoyon etdi. Shuning uchun ham tarjima borasida Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar” asariga qo‘l urgani va bundan bag‘oyat xursandiligini bildirdi.

Uchrashuvda Abdug‘affor Qirg‘izboyev Mark Rizni yurtimizga kelgani, “O‘tkan kunlar” romanini ingliz tiliga tarjima qilgani bularning barchasi bizning tilimizga, milliy urf-odatlarimizga, qadriyatlarimizga bo‘lgan hurmatning belgisidir, deya taʼkidladi. O‘z navbatida mehmonga tashakkurini izhor qilib, 5-jildik O‘zbek tilining izohli lug‘at kitobini sovg‘a qildi.    

Suhbat yakunida ikki taraf kelgusida hamkorlik aloqalarini mustahkamlash, taklif va rejalarni amalga oshirish to‘g‘risida kelishib olindi.


Zulayho Ahmadjonova,

jurnalist

03.05.2021 468