"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Muhokama davom ettiriladi

Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga bosqichma-bosqich to‘liq o‘tishni taʼminlash bo‘yicha Respublika ishchi guruhi lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini har tomonlama puxta, keng jamoatchilik fikr-mulohazalari va takliflarini chuqur o‘rgangan holda takomillashtirish maqsadida, shuningdek, mutaxassislarning takliflarini inobatga olib, “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi Qonun loyihasining umumxalq muhokamasini 2021-yil 1-noyabrga qadar davom ettirishga qaror qildi.

Bu vaqt davomida masʼullar tomonidan Qonun loyihasining zarurati va ahamiyatiga bag‘ishlangan ilmiy anjumanlar, maʼruza va seminarlar o‘tkaziladi. Alifboga shakliy o‘zgarishlar kiritilishi munosabati bilan talab etiladigan xarajatlar miqdori o‘rganiladi. Shu bilan birga, ommaviy axborot vositalarida takomillashayotgan alifboning turli (fonetik, grafik, texnik, imlo) xususiyatlariga doir turkum ko‘rsatuv va maqolalar tashkil etiladi.

Ilmiy anjumanlarda bildirilgan taklif va mulohazalar turli soha olim va ziyolilaridan iborat ekspertlar guruhi ishtirokida o‘tkaziladigan konferensiyada ko‘rib chiqilib, yakuniy xulosaga kelinadi hamda loyiha bilan birgalikda Hukumatga kiritiladi.

Xabaringiz bor...

Fanlar akademiyasi hamda Oliy va o‘rta maxsus taʼlim, Xalq taʼlimi vazirliklarining tilshunos olimlari va ziyolilardan iborat tarkibda tuzilgan ishchi guruh tomonidan O‘zbekiston Respublikasining “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida”gi Qonuniga o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi qonun loyihasi ishlab chiqildi.

Loyihada 2023-yil 1-yanvardan to‘liq lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga o‘tilishini inobatga olgan holda, amaldagi alifboda mavjud ayrim murakkab harflarning shaklini o‘zgartirish taklif etildi.

Xususan, loyiha quyidagi muammolarni bartaraf etishni nazarda tutadi:

Birinchidan, Bugungi kunda rasmiy, norasmiy matnlar, OAV materiallari, tashqi yozuvlar (reklama, peshlavha, eʼlon va h.k.)da O‘ va G‘ harflarini yozishda xatoga yo‘l qo‘yilmoqda. Bunga:

– ushbu harflarning “Unicod” jadvalida yo‘qligi;

(“Unicod” bu – dunyoning deyarli barcha tillari yozma belgilarini birlashtirgan kodlash standarti. Kompyuterda barcha tillarning o‘ziga xos harflarini ifodalash imkonini beradi.)

– kompyuter hamda zamonaviy gadjetlarda O‘ va G‘ harflarini bexato yozish uchun kompyuter klaviaturasida 6 ta (avval O yoki G, keyin: alt+0145) tugma bosilishi kabi o‘ta noqulay jihatlar sabab bo‘lmoqda.

(O‘ va G‘ harflarini Yunikod jadvaliga yangidan kiritish mumkin, biroq bu xususiy yechim bo‘lib, amalda foydalanilayotgan shriftlar (fontlar)da bu harflar ko‘rinmaydi.)

Natijada yoshlar orasida ushbu harflar o‘rniga qulayroq belgi va raqamlardan (o‘ ning o‘rniga 6, g‘ ning o‘rniga g, ch ning o‘rniga 4, sh ning o‘rniga w) dan yoki (O‘, Ŏ, Ō, Ó va G‘, Ğ, Ġ singari) istalgan harflardan foydalanishga ommalashmoqda.

Shuningdek, O‘ va G‘ harflaridagi – belgisi tufayli tilimizni kompyuter lingvistikasiga muvofiqlashtirish qiyin kechmoqda. Mazkur belgi qidiruv, transliteratsiya, konvertatsiya jarayonlarida so‘zlarni ikkiga bo‘lib tashlaydi.

(Taklif etilayotgan loyihada Ŏ, Ğ, Ş va Ç harflari “Unicod” jadvalida bor. Dasturiy taʼminotlar bilan ishlash va ularni yaratishda muammo tug‘dirmaydi.)

Ikkinchidan, Sh va Ch harf birikmalari matnning kengayib ketishi, imlo qoidalarining o‘zbek tili tabiatiga mos bo‘lmagan talablar bilan to‘ldirilishiga sabab bo‘lmoqda. Xususan:

Sh va Ch harflari tilimizda faol tovushlar sanaladi va ingliz tiliga nisbatan 3-5 marta ko‘p uchraydi, ketma-ket kelganda o‘qish-yozishni murakkablashtiradi (achchiqtosh, xushchaqchaq, ishchi, sharshara va h.k.);

– ushbu harf birikmalar xalqimiz o‘rgangan “bir tovush — bir harf” tamoyiliga mos emas.

Alifbodagi o‘zgarishlar Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 10-fevraldagi 61-son qarori bilan tasdiqlangan “yo‘l xaritasi”ga muvofiq, bosqichma-bosqich joriy etilishi nazarda tutilmoqda.

Xususan, alifbodagi ayrim harflarning shakliy o‘zgarishi tufayli amaldagi hujjat va adabiyotlarning foydalanish muddati o‘tgandan keyin, aniq reja asosida yangisiga almashtirilishi bois:

1. Darslik va o‘quv adabiyotlari amaldagi rejalarga muvofiq, ortiqcha xarajatsiz bosqichma-bosqich to‘liq takomillashtirilgan alifboda chop etiladi;

2. Pul kupyuralar, fuqarolikni tasdiqlovchi guvohnomalar, ID-kartalar, yashash guvohnomalari ham belgilangan muddati tugagach takomillashtilgan alifbodagi yangisiga almashtirib boriladi;

3. Tashkilot va idoralarning peshlavha va ish hujjatlari, mudofaa, huquq-tartibot organlari xodimlarining liboslaridagi yozuvlar davlat byudjetidan ajratiladigan mablag‘lar doirasida, shuningdek, byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan bosqichma-bosqich yangisiga almashtiriladi;

4. Axborot kutubxona markazlarida amaldagi adabiyotlar alifbodagi o‘zgarish tufayli foydalanishdan chiqarilmaydi. Aksincha, yangi chop etilayotgan adabiyotlar bilan bosqichma-bosqich boyitib boriladi.

O‘zbekiston Respublikasining “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi qonun loyihasi 2021-yil 16-mart kuni Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga qo‘yildi.

Dastlabki muhokamalar bo‘yicha

Jumladan, 15 kunlik muhokama davomida “regulation.gov.uz”da loyihani 26 mingdan ziyod kishi ko‘rib, 1035 ta fikr qoldirgan. Takliflarning 56 foizi (547 tasi) lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini isloh qilinishini, 32 foizi (302 tasi) esa amaldagi alifboda qolishni yoqlagan.

Alifbo takomillashuvini yoqlaganlarning aksariyati o‘zgarishlarni to‘liq qo‘llab-quvvatlagan, shuningdek, ko‘pchilik C (“ts”) harfini alifboga kiritish va ng harfini alifbodan chiqarib, imlo qoidalari doirasida o‘rganishni taklif etgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda alifbo islohotini qo‘llab-quvvatlash bilan birga, islohotning moliyaviy yuki, o‘rta avlodning savodsiz bo‘lib qolishidan tashvishlanib bildirilgan fikrlar ham bor.

Biroq o‘zgarishlarning ona tilimiz, xalqimiz va jamiyatimiz uchun nechog‘lik zarur ekanini teran anglagan hamda bu jarayon bosqichma-bosqich amalga oshirilishidan boxabar bo‘lgan aksariyat olim, adib, jurnalist, blogerlar, keng jamoatchilik vakillari loyihani yakdillik bilan qo‘llab-quvvatlamoqda.

10.05.2021 4116