"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

O‘zbek tili internet tiliga aylanmoqda

Insonlarning turmush tarzi o‘zgarib borgani sari dunyoqarash, hatto an’ana va qadriyatlarga munosabat ham davr o‘tishi bilan zamonga moslashib bormoqda, ammo kishilarning o‘zaro aloqa, axborot almashinish vositasi bo‘lgan til hali ham foydalanuvchilar uchun qulay shaklda emas.

Dunyo miqyosida 50 milliondan ortiq aholi suhbatlashadigan o‘zbek tili hamon elektron holatga to‘liq o‘tmagani uchun mamlakatda bugun ish yuritishda mutaxassislar, ko‘p sonli foydalanuvchilar bir qator qiyinchiliklarga duch kelmoqda. 

Xususan, o‘zbek tilining davlat tili sifatida amalda faol qo‘llanishi uchun ish yuritish bo‘yicha zarur qo‘llanmalar, lisoniy, qomusiy, sohaviy, elektron lug‘atlar, mobil ilovalar, kompyuter dasturlari nihoyatda zarur. Til bilan bog‘liq barcha elektron dasturlarning yaratilishi, sifatli ishlashi Milliy til korpusiga bog‘liq. Joriy yilda yurtimiz olimlari – dasturchilar va tilshunos birlashib «O‘zbek tilining milliy korpusi»ni yaratish ishlari boshladi. 

Alisher Navoiy nomidagi o‘zbek tili va adabiyoti universiteti mazkur ishlarni muvofiqlashtirib boradi. O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi milliy til korpusini yaratishga doir loyihalarni tizimli e’lon qiladi va moliyalashtirdi.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etilganiga bir yil to‘layotgan bo‘lishiga qaramay 20 dan ortiq lingvistik va sohaviy lug‘atlar,ish yuritishga doir qo‘llanmalarni nashr ettirib, vazirlik va tashkilotlar tizimlariga bepul yetkazib berdi.

Jamg‘arma O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Mamlakatda o‘zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish» bo‘yicha 6084-sonli farmoni mazmunida va dasturida belgilangan muhim vazifalarni amalda bajarib kelmoqda. Jumladan, Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti topshirig‘iga asosan, jamg‘arma O‘zbekiston Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti, shuningdek Alisher Navoiy nomidagi o‘zbek tili va adabiyoti universiteti olimlari bilan hamkorlikda «O‘zbek tilining izohli lug‘ati» 5-jildlik kitobi, «Davlat tilida ish yuritish», «Xalqaro termin-elementlarning izohli-illyustrativ lug‘ati», umumta’lim maktablari uchun «So‘z sandiqchasi» nomli izohli lug‘at, «Adiblar xiyoboni»da haykallari qad rostlagan adiblar faoliyatiga doir «So‘z xiyoboni» kitobi, «Harbiy atamalarning yangi izohli lug‘ati», «O‘zbek tilining ijtimoiy-siyosiy terminlar lug‘ati», «O‘zbek tili bank-moliya terminlarining izohli lug‘ati», «O‘zbek tili me’yorlari (punktuatsiya)” kitobi, «Yuridik terminlarining ruscha-o‘zbekcha lug‘ati» kabi bir qator kitoblar chop etildi.

Shuningdek, Xorijliklar va yurtdoshlarimiz uchun o‘zbek tilini o‘rgatuvchi onlayn platforma – «uzbek-tili.uz dasturi, o‘zbek tili izohli lug‘atining to‘ldirilgan, tuzatilgan bosma nashri mazmuni asosida uyali telefonlar uchun Android va IOS platformalarda ishlay oladigan «Izohli lug‘at» dasturlari ishlab chiqildi.

O‘zbek tili zamon talablariga javob beradigan aloqa, muloqot va faoliyat vositasiga aylanishi uchun u elektronlashishi, raqamli iqtisodiyot davrida barcha uchun qulay bo‘lishi lozim. Bu borada O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi “O‘zbek tilining milliy korpusini loyihalash va dasturiy majmua ishlab chiqish”,“O‘zbek tilini xorijiy til sifatida o‘qitishning metodik ta’minoti bo‘yicha elektron platforma yaratish”, “Yangi avlod o‘quv lug‘atlari va ularning mobil ilovalarini yaratish” hamda ““jadid.uz” elektron platformasini yaratish» kabi loyihalar e’lon qilib, ularni moliyalashtirdi.

Joriy yilda Jamg‘arma «O‘zbek tilini rivojlantirish bo‘yicha eng yaxshi material» (televideniye, ijtimoiy tarmoq, jurnalistika va bosma nashr) nominatsiyalari bo‘yicha «Oltin qalam» Milliy mukofoti g‘oliblarini rag‘batlantirishda hamkor sifatida qimmatbaho sovg‘alar bilan ishtirok etdi.

Jamg‘armaning istiqboldagi asosiy vazifalari o‘zbek tilini rivojlantirish bo‘yicha tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash va o‘zbek tilini rivojlantirish loyihalariga grantlar ajratish, kitoblar, qo‘llanmalar, lug‘atlar va boshqa kitob mahsulotlari chiqarishni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, o‘zbek tilini rivojlantirishga oid ilmiy-tadqiqot ishlarini qo‘llab-quvvatlash, o‘zbek tilining xalqaro mavqeini mustahkamlash maqsadida davlat tilidagi materiallarni xorijda istiqomat qiluvchi vatandoshlarga va xorijiy mamlakatlardagi o‘zbek tilini o‘rgatish markazlariga yetkazishga ko‘maklashish hamda o‘zbek tilini rivojlantirishga oid media mahsulotlar, kompyuter dasturlari, mobil ilovalar va boshqa elektron materiallarni tayyorlash ishlarini qo‘llab-quvvatlashdan iborat. Jumladan, AQSHning Ogayo davlat universitetidagi o‘zbek tili kurslari uchun qo‘llanmalar, lug‘atlar va boshqa kitob mahsulotlariga jamg‘arma tomonidan tegishli mablag‘lar ajratildi. Zarur o‘quv qo‘llanmalar yetkazib berildi.

Jamg‘arma joriy yilda yana bir qator sohaviy lug‘atlarni nashr ettirish, o‘zbek tilini internet tiliga aylantirish uchun Milliy til korpusini ishlab chiqish va tez fursatlarda ishga tushirishni rejalashtirgan. O‘zbek tilini rivojlantirishga doir ilmiy tadqiqotlarni ham moliyaviy qo‘llab-quvvatlaydi. Fursatdan foydalanib, aytish mumkinki, qiziquvchilarning o‘zbek tilini o‘rganish yoki, ish yuritish bo‘yicha yangi elektron dasturlar va mobil ilovalar yaratish bo‘yicha foydali loyihalarni ham moliyalashtiradi. Barchani hamkorlikka chorlaydi, zero, o‘zbek tilini rivojlantirishga barchamiz mas’ulmiz!

G‘ofir Hamroyev,
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi 
O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi bosh mutaxassisi

uza.uz saytidan olindi

18.05.2021 540