"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Davlat tiliga eʼtibor- dolzarb masala

O‘zbek tilining ham ona tili, ham davlat tili sifatidagi taraqqiyotini taʼminlash har birimizning muqaddas burchimizdir. Har bir fuqaro qalbida davlat tiliga ehtirom tuyg‘usini shakllantirishga alohida eʼtibor qaratish, dolzarb vazifalardan biridir. Ayni paytda turli soha xodimlarining ish yuritish borasidagi bilim va malakalarini muntazam oshirib borish ham zaruriy ehtiyojlardandir. Hukumatning 2020-yil 3-martdagi qaroriga muvofiq, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti huzurida hududlardagi Davlat universitetlari va pedagogika institutlari qoshida bo‘linmalarga ega bo‘lgan Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazlari tashkil etilgan.

Ish yuritishning bevosita asosini hujjatlar tashkil etadi. Mazmunan, hajman va shaklan xilma-xil bo‘lgan hujjatlar mehnat jamoalarining, umuman, kishilik jamiyatining uzluksiz faoliyatini tartibga solib turadi. Shuning uchun ham “Davlat tili haqida”gi Qonunimizning 8-14-moddalarida ish yuritishning tilga aloqador jihatlari qoidalashtirilgan. Zamonaviy rahbar har qanday zaruriy axborotni rasmiy-ish tilining tegishli shakllarida bemalol ifodalay olishi, idoraviy ish yuritish malakalarini puxta egallagan bo‘lishi zarur.

Yuqoridagi dolzarb vazifalar ijrosi yuzasidan bugun tuman hokimi maslahatchisi Z.Ergasheva tuman maktabgacha taʼlim bo‘limida seminar tashkil etdi. Seminarda maktabgacha taʼlim tashkilotida “Davlat tili haqida”gi Qonun ijrosi yuzasidan olib borilayotgan ishlar tanqidiy tahlil qilindi. Tumandagi 24-,25-sonli maktabgacha taʼlim tashkilotlari direktorlari ish faoliyati namuna sifatida eʼtirof etildi. Seminarda “Davlat tili haqida”gi Qonun ijrosi, ish hujjatlarining yuritilishi, maʼnaviy-maʼrifiy targ‘ibot, o‘zbek tili burchaklarini tashkil etish, rahbarlarning malakasini oshirish, nutq madaniyatiga eʼtibor qaratish masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Tadbirga hamohang malaka oshirish markazida tumandan ishtirok etib o‘qigan qator soha xodimlari: tuman hokimligi apparati devonxona mudiri G‘aybullo Yarashev, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi tuman bo‘limi rahbari J.Aslonov, tuman maktabgacha taʼlim bo‘limi xodimlari N.Sodiqov, M.Hamdamovalarga markazning Sertifikati tuman hokimi maslahatchisi tomonidan tantanali topshirildi.


Buxoro tuman hokimligi axborot xizmati

19.05.2021 533