"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du
  • Bosh sahifa
  • Yangiliklar
  • Toshkentdagi xalqaro konferensiya doirasida «Axborot-kutubxona aʼlochisi» ko‘krak nishoni sohiblari taqdirlandi

Toshkentdagi xalqaro konferensiya doirasida «Axborot-kutubxona aʼlochisi» ko‘krak nishoni sohiblari taqdirlandi

Avval xabar berilganidek, bugun Toshkent shahridagi Yoshlar ijod saroyida «Central Asia – 2021: Fan, taʼlim va biznesda internet va axborot-kutubxona resurslari» XIV xalqaro konferensiyasi o‘z ishini boshladi.


Anjumanni Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat tilini rivojlantirish departamenti mudiri Abdug‘affor Qirg‘izboyev ochib berdi. U «O‘zbekistonda mutolaa madaniyatini rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash milliy dasturi» qabul qilingani, Dastur doirasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida maʼlumot berdi. Xususan, mamlakatimizda ilk bor «Kitobxonlik haftaligi» o‘tkazilgani, yosh kitobxonlarga Prezident sovg‘asi — “Spark” avtomobili taqdim etilayotgani, «O‘zbek xalq ijodi yodgorliklari» va «Rus adabiyoti durdonalari» 100 jildlik majmualari nashr etilayotgani alohida eʼtirof etildi.


Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori Asadjon Xodjayev O‘zbekiston Milliy kutubxonasi qoshida 14 ta viloyat kutubxonasi va 186 ta tuman kutubxonasidan tashkil topgan jamoat kutubxonalarining yagona tarmog‘i tashkil etilgani, «Milliy umumtaʼlim elektron kutubxonasi» loyihasining yo‘lga qo‘yilgani, raqamlashtirish va skanerlash markazi, multimedia markazi hamda axborot-kutubxona sohasidagi muhim islohotlar to‘g‘risida so‘zladi.


Konferensiyaning ochilishida Yevroosiyo Kutubxonachilik assambleyasi prezidenti Roman Motulskiy, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Dilorom Tashmuhammedova, Rossiya davlat kutubxonasi Bosh direktori Vadim Duda, Qozog‘iston Milliy kutubxonasi direktori Bakitjamal Ospanova, M.I.Rudomino nomidagi Rossiya davlat Davlat chet el adabiyoti kutubxonasi bosh direktori Pavel Kuzmin, yozuvchi Vera Mir, “O‘zarxiv” agentligi direktori Ulug‘bek Yusupov va O‘zbekiston Davlat sanʼat va madaniyat instituti rektori Ibrohim Yo‘ldoshevlar so‘zga chiqib, anjumandan kutilayotgan natijalar va xalqaro hamkorlik aloqalarini mustahkamlashning ahamiyati haqida fikr bildirdilar.


Anjuman doirasidagi yalpi majlisda xorijlik soha mutaxassislari dolzarb masalalarga bag‘ishlangan o‘z maʼruzalari bilan ishtirok etdi. Jumladan, Belarus Milliy kutubxonasi bosh direktori o‘rinbosari Tatyana Kuzminich kitoblarni targ‘ib qilish va axborot madaniyatini rivojlantirishga qaratilgan milliy loyihalar, bu boradagi Belarus tajribasi bilan o‘rtoqlashdi. Rossiya Noshirlar assotsiatsiyasi prezidenti Konstantin Chechenev kitob bozorini rivojlantirish, mutolaani ommalashtirishda jamoat tashkilotlarining o‘rni xususida nutq so‘zladi. Armaniston Milliy kutubxonasi direktori Anna Chulyan «Ochiq kodli dasturiy taʼminot — kutubxona sifatida» nomli taqdimoti bilan qatnashdi.


Rossiya Davlat bolalar kutubxonasi direktori o‘rinbosari Denis Beznosov o‘zi faoliyat yuritayotgan muassasaning internet loyihalari to‘g‘risida, Moskvadagi N.Nekrasov nomidagi markaziy kutubxona bosh direktori Mariya Privalova zamonaviy kutubxonachilikdagi ish standartlari va loyihalash usullari haqida, Tojikiston Milliy kutubxonasi direktori birinchi o‘rinbosari Salima Rajabova kitobning milliy madaniyat rivojidagi o‘rni borasida maʼruza qildi.


M.I.Rudomino nomidagi Umumrossiya Davlat chet el adabiyoti kutubxonasi bosh direktori Pavel Kuzmin zamonaviy gumanitar muammolarga to‘xtaldi, «Id Logic» kompaniyasi bosh direktori Sergey Nikulin RFning “Kultura” milliy loyihasi bo‘yicha maʼlumot berdi. Uzoq Sharq Davlat temir yo‘l transporti universiteti ilmiy-texnik kutubxonasi direktori Olga Soboleva, Turkiya Prezidenti huzuridagi Xalq kutubxonasi kasbiy-texnik xizmatlar bo‘linmasi direktori o‘rinbosari Birgul Unal, Qirg‘iziston Milliy kutubxonasi direktori o‘rinbosari Venera Kachkimbayevalarning kutubxonachilik yo‘nalishida joriy etilayotgan yangi texnologiyalar, sohada o‘z yechimini kutayotgan muammolar va ularni hal qilishning innovatsion yo‘llari xususidagi maʼruzalari bilan konferensiya ilmiy qismining ilk kuni yakuniga yetdi.


Shundan so‘ng O‘zbekistonda ilk bor taʼsis etilgan «Axborot-kutubxona aʼlochisi» ko‘krak nishoni sohiblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda AOKA direktori Asadjon Xodjayev ishtirok etib, axborot-kutubxona tizimini rivojlantirish, kutubxonalarda saqlanayotgan milliy madaniy merosni asrab-avaylash va boyitish ishlariga munosib hissa qo‘shgan, jamiyatda mutolaa madaniyati, kitobxonlikni keng targ‘ib qilish va yosh mutaxassis kadrlarni tayyorlash borasida samarali mehnat qilgan soha xodimlarga ko‘krak nishoni va pul mukofotlarini tantanali ravishda topshirdi.



Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar
agentligi Matbuot xizmati

aoka.uz

21.05.2021 637