"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Munosabat: el-yurtga eʼtibor tildan boshlanadi

Prezidentimiz o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganining 30 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqida alohida taʼkidlaganidek, o‘zbek tili xalqimiz ijtimoiy hayotida va xalqaro miqyosdagi obro‘-eʼtiborini tubdan oshirish, unib-o‘sib kelayotgan yoshlarimizni vatanparvarlik, milliy anʼana va qadriyatlarga sadoqat, ulug‘ ajdodlarimizning boy merosiga vorislik ruhida tarbiyalash, mamlakatimizda davlat tilini to‘laqonli joriy etishni taʼminlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Oliy Majlis Senatining uchinchi yalpi majlisida maʼqullangan va davlatimiz rahbari tomonidan kecha imzolangan “O‘zbek tili bayrami kunini belgilash to‘g‘risida”gi qonun ona tilimizning mavqeini yana-da oshirishda mustahkam poydevor bo‘ladi. Qolaversa, davlat tilining hayotimizdagi o‘rni, nufuzi tobora ortishi hamda xorijiy mamlakatlarda tilimizga eʼtibor, uni o‘rganishga bo‘lgan qiziqish kuchayishiga xizmat qiladi.

O‘zbek tili bayrami nishonlanishi, eng avvalo, shu zaminda istiqomat qilayotgan millionlab yurtdoshlarimiz hamda dunyoning turli hududlaridagi tildoshlarimizga g‘urur va iftixor bag‘ishlaydi.

Endilikda 21-oktyabr kunida o‘zbek tili bayramini nishonlash bilangina cheklanmasdan, bir yil davomida tilimiz rivoji yo‘lida amalga oshirilgan ishlarni tanqidiy tahlil qilish, turli ilmiy anjumanlar, aksiyalar o‘tkazish, soha fidoyilarini munosib taqdirlash kabi ishlarni ham amalga oshirishimiz talab etiladi.

Shu o‘rinda Konstitutsiyamizda mamlakatimizda istiqomat qiluvchi barcha millat va elat vakillarining tillari, urf-odatlari, anʼanalari hurmat qilinishi rasman mustahkamlangan, ularning rivojlanishi uchun sharoit yaratish belgilangan va bu amalda to‘liq o‘z ifodasini topganini ham taʼkidlash joiz.

Ushbu qonun har birimizning oldimizga davlat tili sofligini saqlash, uni boyitib borish va aholining nutq madaniyatini oshirish, o‘zbek tilining axborot va kommunikatsiya texnologiyalari, xususan, internet jahon axborot tarmog‘ida munosib o‘rin egallashini taʼminlash, o‘zbek tilida kompyuter dasturlarini yaratish kabi o‘ta dolzarb vazifalarni ham qo‘yadi.

Baxtiyor SAYFULLAYEV,

Oliy Majlis Senati

qo‘mita raisi.

12.04.2020 464